Toshkentda “Jadidlar. Turkistonga maktublar” nomli multimediaviy ko‘rgazma ochildi. Unda 1922-yili Germaniyaga o‘qishga yuborilgan 73 nafar turkistonlik talaba haqida hikoya qiladi. Ko‘rgazma zallarida turkistonlik talabalar va ziyolilarining o‘zaro yozishmalari audio tarzida o‘qiladi, monitorlarda esa xatlarning matn ko‘rinishi ovozga hamohang tarzda ko‘rsatiladi.

Ko‘rgazma tashkilotchilari ta’kidlagandek, ushbu xatlar va yozishmalar ilmiy doira vakillari uchun katta yangilik hisoblanmasa-da, keng omma uchun ilk bor bunday ochiq tarzda ko‘rsatilmoqda. Shu bois “Gazeta.uz” ko‘rgazmaga qo‘yilgan yozishmalarning bir qismini matnlashtirdi.

Xatlarning katta qismi o‘sha davr matbuotida e’lon qilingan materiallardir. Ayrim maktublarning mualliflari (aksariyat hollarda, noma’lumligi uchun) ko‘rsatilmagan. Xatlarning sarlavhalari tahririyat tomonidan shartli ravishda qo‘yilgan.

jadidlar, ko‘rgazma, maktub, maktublar, xatlar

“Bor kuchimiz bilan Ovrupo va Amriqoga o‘quvchilar yuborishimiz lozim”

Dunyodagi millatlarning madaniy hayotga qanday yo‘llar bilan yetishganligining sababini tekshirsak, qiziq-qiziq holatlarga uchraymiz. Bugun Yer yuzida taraqqiy jihatdan birinchi o‘rinni olgan yaponlar bundan 40−50 yil ilgari vahshiy bir holda yashar edilar. U vaqt butun Ovrupo jahongirlari yapon otalarini luqma qilmoq uchun og‘zini ochib turgan edi. Lekin Ovrupo jahongirlarining istilo siyosatini sezgan yapon hukumati kishilari har turli uyushmalar ochib, yapon yoshlarini tahsil uchun chet ellarga yuborish ishlariga kirishdilar.

Ko‘p o‘tmadi. Yaponiyada yuzlab Ovrupo tartibida maktablar barpo etilib, 50 yil ichida yapon millati tanib bo‘lmas bir madaniyatga ega bo‘ldi va birinchi davlatlar qatoriga kirdi. Yapon millati shunchalik madaniylashgan bilan o‘quvchi yo‘llashni to‘xtamadi. Biz ham o‘zimizning hozirgi holda tanazzulga ketganligimizni ko‘rib umidsizlanmasdan, bor kuchimiz bilan Ovrupo va Amriqoga o‘quvchilar yuborishimiz lozim.

Mana, bizda yaqinda ochilgan “Ko‘mak” uyushmasi shul vazifani ado etadir. Kechagina ochilgan “Ko‘mak” uyushmasiga yuz, minglab ko‘mak kelib turishi, a’zolari sonining yuzga qadar borishi, har bir yerdan “Ko‘mak” uyushmasi ochilishini tabriklab xat va teleg‘romlarning kelishi biroz fursatda bizdan ham Ovrupo va Amiroqoga o‘quvchilar yuborishi mumkinligiga ishonch bildiradilar.

Ahmadjon Ibrohim o‘g‘li, 1922-yil, “Qizil bayroq"qa


“Boshqalar tomonidan ishlangan boyligimiz boshqalar foydasidir”

Bir vaqtlar Turkiston o‘zining madaniyati va shon-shukuhi, yetkazgan ulug‘ shoirlari, yozuvchilari, faylasuflari va boshqa egalari bilan o‘zini Sharq dunyosiga tanitgan. Sharqning orqaga qarab o‘zgarishi Sharq madaniyatining yiqilishi, o‘limiga sabab bo‘ldi. Sharq XX asr ilk choragida uyqudan ko‘zini uqalab tura boshladi. Sharqning har burchagida uyg‘onish, oyoqqa qalqish xabarlari, madaniyat yo‘lida intilishlar, har yerdan harakat, har yerda jonlilik ko‘rina boshladi.

Turkistonda tabiat boyligi juda ko‘p. Turkiston o‘z bag‘rida allaqanday qimmatlik toshlar, turli qimmatbaho konlarni asraydir. O‘z yuzasidan boshqa yerlarda o‘smaytugan qimmatbaholik o‘simliklarni o‘stiradir. Lekin bu boyliklar ishlanmagan bir holda, suv chiqsa jannat bo‘laturgan hisobsiz joylarimiz cho‘l holida qaqrab yotadir. Turkistonda har turli mayda sanoatlar bor. Lekin ular yo‘lga qo‘yilmagan. Eski yo‘l va eski yo‘sinda ishlanadir. Bular Ovrupanikidan taraqqiy etmagan va kuch olmagandir.

Endi biz hozirdan esga kelib, Turkiston boyliklarini ishlamak va madaniyatini yuksaltirmoqchi bo‘lsamiz, bizda ixtisos bormi? Yo‘q, hech yo‘q! Boshqalar tomonidan ishlangan boyligimiz boshqalar foydasidir. Bu shirin o‘ylarga erishmakning birgina iloji bo‘lsa, ul ham madaniyatimiz, o‘z boyligimizni o‘zimiz ishlataylik.

Buning uchun birinchi chora Ovrupoga o‘quvchilar yuborishimiz kerak. Mana bu narsani ilm atrofida yurgan yoshlardan tuzilgan “Ko‘mak” uyushmasini tuzishib, jiddiy bir harakatga kirishdi.

Chetga borg‘uchi o‘quvchilarni ta’min qilish uchun smeta tuzib, hukumatga topshirdi. Qo‘shni jumhuriyatlardan yordam so‘radi. Buxoro hukumati “Ko‘mak” a’zosidan ikki kishini chetga o‘qutmakni o‘z ustiga oldi. Buxoro hukumati uchun qulluq qilamiz.

Ishlaylik, millatlar vistavkasida yuzimiz qizarmasin. Qani, marhamat qiling, yosh o‘rtoqlar, chet ellardan ilm-fan o‘rganishga!

“Qizil bayroq” gazetasining 1922-yil 29-iyul sonida e’lon qilingan xat


“Bilim uchun uzoq ellarga birinchi o‘zbek qizini yuborish sharafi, shukurlar bo‘lsinkim, menga nasib qilmish”

Ezilgan millati, qorong‘uliqda qolg‘on yurtini kelgusida chin bilim bilan yoritmoq uchun bu yil xorijga ketgan talabalar orasida qizim Xayriniso ham bor edi.

Bilim uchun uzoq ellarga birinchi o‘zbek qizini yuborish sharafi, shukurlar bo‘lsinkim, menga nasib qilmish. Hozir men shu munosabat bilan har yerdan qutlash xatlari olmoqdaman. Shularning har biriga ayrim-ayrim xat yozish mumkin bo‘lmag‘onlig‘i uchun ularning hammasiga birdan, ayniqsa, go‘yoki qizg‘in tuyg‘ular bilan qutlagan Moskva va Bokudagi talabalarimizga, Qozon va Orenburg madaniyat-maorif xodimlarig‘a, yosh shoirimiz Botu o‘rtoqqa tashakkurimni bildirib, bilim istab dunyoning har tomonig‘a yoyilaturg‘on yigit va qizlarimizni “Ko‘paysin!”, deyman.

Majidxon, 1922-yil, 18-dekabr, “Turkiston” gazetasi

jadidlar, ko‘rgazma, maktub, maktublar, xatlar

“Buxoro hukumati tomonidan Berlinga yuborilaturg‘on o‘quvchilar bilan birga mani ham ta’min etishga g‘ayrat etmagingizni o‘tinaman”

Bundan bir oy muqaddam Buxorog‘a borib, janobingizni ziyorat qilgan, o‘zimning Germaniyaga borib, o‘quv niyatida ekanligimni aytgan edim. Shu niyatimga yetish yolg‘uz janobingizning yordami ila mumkin ekanligini arz etib, bu xususda yordamingizni darig‘ tutmasligingizni o‘tingan edim. Janobingizda maning bu iltijomni rad etmay, uch-to‘rt oy so‘ngra Buxorodan yuborilaturg‘on o‘quvchilar ketguncha yetarlik ta’minot topsam, pasport hozirlatib, so‘ng uch-to‘rt oydan so‘ngra yuborilaturg‘on o‘quvchilar bilan ta’min etilishimizni so‘zlagan edingiz, bul so‘zingiz mani juda suyuntirgan edi.

Hozir mening dardim tag‘in zo‘raydi. Germaniyaga tezroq ketib, kelgusi o‘quv yilda o‘zimni Germaniya dorilfuninida ko‘ruv ishtyoqi kuchaydi. O‘zimni to‘rt oyga qadar ta’min etanliq aqcha topdim. Birgina bul to‘rt oylik ta’minot kifoya emas deyub o‘ylab, yana sizdan ham biroz ko‘mak kutaman!

Aziz ustod! Germaniyaga ketar uchun eng kerakli narsa pasport bo‘lg‘ani uchun shuni yubormog‘ingizni o‘tinaman.

Suyukli ustod! Pasportni yubormog‘ingizni, biroz moddiy yordam bermog‘ingizni, kelgusida Buxoro hukumati tomonidan Berlinga yuborilaturg‘on o‘quvchilar ro‘yxati ichida maning ham otimni bo‘luntirib, shul yuborilaturg‘on o‘quvchilar bilan birga mani ham ta’min etishga g‘ayrat etmagingizni tubanchilik bilan so‘rayman, o‘tinaman.

Toshkent, 1923-yil, 30-yanvar


“Germaniyada O‘rta Osiyo talabalarining ikki yili”

Chet ellarga minglab, o‘n minglab istudentlar yuborg‘on mamlakatlar qarshisida Buyuk Turkiston jim turmadi. O‘rta Ovrupog‘a birinchi martaba bo‘lsa ham o‘ziga yarasha o‘quvchilar yubordi. O‘rta Ovrupoda osiyoliqlar ichida kichkinagina bir to‘da Turkiston yoshlari Germaniya maktablariga kirib, o‘rnashib, o‘qishg‘a boshlag‘onliqlarig‘a bir yil to‘ldi.

Buyuk Turkistonni talab, yondirib, ezib kelgan rus monarxislari, Pyotr Velikiy Ovro‘pog‘a yuborish uchun talaba topa olmag‘on vaqtlarini eslariga olmasdan, “sortlar Ovro‘poda nima qilodir?” degan istehzolar bilan Berlinda chiqodirg‘on “Rur” gazetasida qichiqirishib o‘tgan, bizni Ovro‘po madaniyatiga munosib ko‘rmagan edilar! Bu sovuq va qo‘pol qaroshlarig‘a qarshi Germanlar tomonidan yaxshi kutib olindiq.

Har qanday olmon oilasi bizni olish uchun eshiklarini ochib qo‘ydi. Oddiy muallimdan boshlab do‘xturi, professori til o‘rganishimiz uchun qo‘lidan kelgan yordamini ayamadi. Germanlar dunyoni sevganlari kabi Turkistong‘a ham juda qiziqqonlardan ekanlar. Ko‘zumiz bilan ko‘rganimiz uchun bu yerda aytishimiz kerakki, ular mamlakatimizni tarixumizni, istiqobilimizni bir turkistonliqdan ortiq biladirlar, toniydirlar yurtimiz to‘g‘risida. Biz uchun eng muhim bo‘lg‘on kitoblar yozib, boshqa ellardan ham tarjima qilg‘onlar.

Istudent va o‘quvchilarimiz o‘z daraja va istaklarig‘a qarab tubandagicha bo‘lindilar. 1. Istudentlar. 2. Gumnazistlar. 3. O‘rta sanoat maktablariga kiruvchilar. Turkiston va Turkiyada e’dodiyni bitirib kelgan va dorilfununda o‘qug‘on istudentlarimizdan ba’zilarining shahodatnomalari Germaniya hukumati tomonidan tonilib, istagan oliy maktablariga imtihonsiz qabul qilindilar.

Oliy texnika maktabiga Bilol kabi yigitlarimiz maktablarida birinchi tomonidan talab qilingan imtihonni yaxshi darajalar bilan bitirib qutildirlar. Dorilfunun professorlari turkistonliq istudentlaridan xursanddirlar. O‘z ilmiy kishilarig‘a chanqag‘on Ulug‘ Turkiston 1925-yildan boshlab Ovrupoda yetishtirgan milliy agronom, muhandis, kimyogar va do‘xturlarig‘a ega bo‘lg‘usidir.

Yana bizlar uchun bir unutilmas, yaxshiliq qildilarki, turkcha tilimizni Ovrupo tillari qatorig‘a qo‘shdilar. O‘rta maktab imtihonlarida fransuzlar yoki inglizcha o‘rnida o‘z ona tilimizdan sinosh beramiz.

Germaniyadagi Turkiston o‘quvchilari orasida birinchi gal yaxshi sinoshlar bilan Berlin ober (yuqori) Riyol maktabini tugatgan Solih Muhammad va Primaga tayyorlang‘on Bahovuddin Amin ham Sattor Jabbor kabi o‘rtoqlar chiqdi.

Oramizda Maryamxon, Xayriniso, Saidaxon otliq o‘qish uchun mamlakatimizdagi to‘siqlarg‘a qarshi Ovro‘pog‘a otilg‘on fidokor qizlarimiz ham bor. Ularning o‘qishlari yaxshi. Biroq xivalik Maryamxon moddiy tomondan yaxshi ta’min qilinmag‘oni uchun yo‘llarida ko‘p chatoqliqlar ko‘radur. Chindan hayoti xotuni va Turkistonda qolg‘on opa-singillarining istiqboli uchun hech kim ko‘rsatmas qahramonliq qilib kelgan qiymatlik qizimizg‘a Xorazm jumhuriyatining shunday sovuqqonliq bilan qorashig‘a Turkiston yoshlig‘i taassuflar etmay turolmaydir.

Buxoro ta’minotida totor qizlaridan Ruqiya va Gulsum opalar Derezden qizlar gimnaziyasidadirlar. Yosh o‘rtoqlarimiz Kuslun gimnaziyasida birga tururlar. O‘z tillarini yo‘qotib yubormasliqlari uchun yonlarida turkcha muallimlari bor. Ishlarida, ruhlarida yangiliklar ko‘ringan yosh gimnazistlarimizdan umidlar ko‘pdir. Ular o‘rta maktabni muntazam bitirib, Turkiston istudentlari yonig‘a kirgusilar.

Ertoy, 1924-yil, “Turkiston” gazetasi

jadidlar, ko‘rgazma, maktub, maktublar, xatlar

“Qizlarimizning u yerda o‘qub, muallima bo‘lib qaytishlari biroz sana tarixinda muyassar o‘lajak”

Berlinning tumanli havosi tahsilimga xalaqit etdi. Yozda do‘xtirlarning tavsiyasi ila sihatim uchun Tohir bilan Abdulvahhob Oqtoyning shahrida bir yarim oycha qoldim. Shu Darmshtadt maktabiga ko‘chdim. Bu amalda Berlin maktabindan farqi bo‘lmagan oliy muhandis maktabidir. Tohirlar o‘qiyotgan yerlar Xaydelbergning havosi sof, tabiati go‘zal, faqat sokin ta’m bir tahsil shaharlaridir.

Bizim qizlarimizning u yerda o‘qub, muallima bo‘lib qaytishlari biroz sana tarixinda muyassar o‘lajakdir. Bu bizim uchun bik ulug‘ ishlardir. Buning ila aloqador maorifparvarlarimiz fursatdan iste’foda etajaklarina umidvoram.

Boqiy saodatla salomat va ofiyatingiz duo etar iningiz,

Ibrohim o‘g‘li Bobir


“Qanday bo‘lsa ham qorong‘uliqdag‘i xalqimizni yorug‘liqqa chiqorish niyatidaman”

Sizning yozg‘an so‘ng‘i maktubingizni II noyabrda oldim. Maktubingizda o‘qishingizning oxirgi soatlarini o‘tqazib turg‘onlig‘ingiz to‘g‘risidagi yozg‘oningizni o‘qub, cheksiz xursand bo‘ldim. Xatingizda manga aytgan nasihat so‘zlaringizni jonim bilan qabul etish, o‘qub turg‘onim kino san’atini mumkin qadar yuqori tabaqalarin egallashga kirishaman. Har holda mamlakatim uchun bir ilmiy xodim bo‘lish istagidaman. Qanday bo‘lsa ham qorong‘uliqdag‘i xalqimizni yorug‘liqqa chiqorish niyatidaman. Maqsadim — madaniyat uchun kurash, yorug‘liq to‘sqini bulutlar bilan kurash, bulutlardan tashqari o‘zbek san’ati, adabiyoti ruhiga qarshi boruvchilar bilan kurashaman.

Shunday kurashlar uchun, siz aytganingizdek, kuchlik-bilimlik bo‘lish lozim. Shunday bo‘lg‘och, Sizdek o‘zbeklar ichidan chiqib oliy tarbiya topqon olimlarimizning so‘zlarin qabul etish bilan o‘z ilmimnida takomillashtirib, xalqimizning turli ehtiyojlarig‘a javob berarlik darajada tayyorlanishga o‘zimning qat’iy va’dalarimni berib qolaman.

Hozirda mening o‘qib turg‘on bo‘limim bir daha ilmiy bo‘limdir. Bundan ko‘p narsa olish mumkin. Men bul yerni to‘rt yildan so‘ng bitiraman. Agarda oliy maktab holiga aylantirilsa, 5 yillardan so‘ng bitirarman. Maningda o‘qush maqsadim ham bor. Shunga ko‘ra ikki yildan buyon nemischadan tayyorlanar edim. Hozirgi maktabimizning operatorlik bo‘limida nemischa bor ekan. Ishqilib, tayyorlanib yotibman.

Adam xatingizni o‘qub xursand bo‘ldilar. Sizga rahmat va salomlarin bildirdilar. U kishi ham xat yozsalar kerak. O‘zingiz qay vaqtda kelasiz? Bir bizlarni suyuntirib qo‘ying. Agarda tanish bo‘lsangiz, Berlinda qanday kino maktablari borlig‘i to‘g‘risida yozsangiz.

Turkiston ham hozir anchagina uyqudan bosh ko‘tarib qoldi. Ishga kirishdi, yo‘lini topish oldida turodir. Abdulla Qodiriyning “O‘tgan kunlar"i bir namunadir. Sanoat tomonidan ham boshlanmoqchi.

Xayr, ko‘rishguncha salomat bo‘laylik.

Hamidulla Sulaymon, 1928-yil, noyabr


“Talaba darsni eshitmak bilan qolmas. Balki darsning ruhiga kirib ketar. Fanni o‘zidan yiroq emas, o‘z ichida his etar”

Germaniyada 21 dorilfunun va boshqa sonsiz yuqori va o‘rta darajalik maktablar bor. Germaniya dorilfununlari maktab bo‘lishdan boshqa yana bir kashiflar ixtiro qilg‘uchilar yatag‘idir. Gemaniya dorilfununlaridagi o‘rgatish usuli hech bir yerda yo‘qdir. Talaba darsni eshitmak bilan qolmas. Balki darsning ruhiga kirib ketar. Fanni o‘zidan yiroq emas, o‘z ichida his etar.

Mana shu surat bilan uning miyasida fan tug‘ilar va yashar. Ixtiro fikri uyg‘onur. Katta imtihon bo‘lganda ana shul darsdan ham so‘z, ham yozuv bilan imtihon berur. So‘ngra shul fan to‘g‘risida bir kitob yozar. Ul kitob mudarrislar orasida o‘qilur. Ular tanqid etarlar, talaba isbot qilur. Shul yo‘l bilan talabaning fanning har nuqtasiga erishganligi bilingach, qo‘liga shahodatnoma yozilur. Bu shahodatnomani olgan talabaga har qanday ish topshirilur. Nemis mudarrisi bir olim, bir ijodchi, bir kashifdir…

Abduvahhob Murodiy, 1922-yil, 4-avgust, “Qizil bayroq” gazetasi


“Bizning dardimizning ham buyuk qurollari matbuot, maktab va teatrdir”

Turkiston xalqlarining moddiy hayoti Turkistonning jahon savodi maydonida tutqon o‘rnig‘a, o‘zining tabiatiga va fuqaroning qo‘llag‘on ishlab chiqarish usullariga bog‘lang‘ondir. Turkistonning dunyo savod maydonida tutqon vaziyati XVII asrdan beri tuban darajada qolib keldi. Bu asr umuman musulmon mamlakatlarining tanazzul davri bo‘lib, tanazzulning ham ko‘p sababi karvon yo‘llarining ahamiyati ketib, g‘arbliklar tarafidan dengiz yo‘llarining yuksaltirilishi edi. XIX asrda ham Turkiston G‘arbiy Ovrupodan uzoq bo‘lg‘onlig‘i uchun taraqqiyot tomonidan boshqa musulmon mamlakatlaridan ham tuban darajada turdi.

Turkiston iqlimining qizg‘inglig‘i va yerining boyligi uni doim qiymatlik hosilot beruvchi ziroat mamlakati ravishida qoldirg‘usidir. Ikkinchi tomondan, Turkiston tog‘larining ma’danga boylig‘i bunda tog‘ sanoatining yuksalshiga sabab bo‘lg‘usidir. Hozirgi ziroatning mahsulorini orttirish uchun birdan-bir chora bo‘lsa, ziroatda har xil yangi ishlab chiqarish usullari, yangi qurollar va mashinalarni qo‘llanishidir. Mashina qancha qimmat bo‘lsa ham uni qo‘llashimiz kerak. Chunki ul bizning boylig‘imizni orttira oladir. Faqat bu istiqbolg‘a qarab tezroq harakat qilishimiz lozim.

Bizning bu dardimizning ham buyuk qurollari matbuot, maktab va teatrdir. Bizda bularning har qaysi bor. Bizning yangi maktablarimizdan shul vaqtg‘acha xalq hurkib keldi. Matbuotdan uzoq turdi, teatrni anglamadi. Chunki bularning har qaysisi o‘zining asosiy vazifasining haykal mujassami bo‘la olmadi. Har bir xalqning uyg‘onish davrida g‘ay muhim o‘rin tutadurg‘on bu uch buyuk qurolni o‘z vazifalarining ruhi bilan sug‘orish bizning navbatdagi ishimizdir. Bu ishlarimizning orqasida ziroat, sug‘orish ishlarida va sanoat, savdo iqtisodiyot doiralarida Ovrupo usullari bilan ishlay olg‘uvchi mutaxassislar yetishtirish ishi turadir.

Buning uchun Ovrupo tillarini o‘rganishimiz va G‘arb maktablarida ilm-hunar qilishimiz lozimdir.

“Turkiston” gazetasi, 1922-yil

jadidlar, ko‘rgazma, maktub, maktublar, xatlar

“Senga yetsam, so‘ngra uchsa, mayli ruhim qushchasi!”

Istak menim gul-farishtam, xayolimning arshidir,
Qanot qoqib kecha-kunduz talpinaman, uchaman
Yuksak ruhim yuragimning jon ozig‘i, shohidir,
Yetay-yetmay biribirdir, dargohiga boraman.
Yo‘llarimda to‘siq ko‘pdir, lokin sira qo‘rqmayman
Barchasini botirlarcha urib-yiqib o‘tarman,
Menim ko‘nglim dengiz kabi, ko‘klar kabi erkindir,
Achchiq alam, g‘urbatlarni bildirmasdan yutarman.
Istaklarim, tilaklarim qo‘l yetmaslik yuksakda,
Kundan kun nurlik, oydan tiniq yulduzlarning ostida,
Bo‘shliq bilan, hazil bilan yetilmaslik yiroqda,
Quvvatim zo‘r, qanot qoqib burgutlardek uchaman
Ulug‘ istak borlig‘imning obi hayot chashmasi,
Senga yetsam, so‘ngra uchsa, mayli ruhim qushchasi!

Shokir Sulaymon. 1923-yil, 21-yanvar


“Germaniya dorilfununlarida tatarlardan o‘nlab, turklardan esa minglab talabalar bo‘lgani holda bizning Turkistondan mendan boshqa talabaning bo‘lmasligi yuragimni parchalamoqda”

Toshkentdan olingan bir xatda Ovrupoga talabalar yubormoq uchun sizlarning uyushma tuzganingizni o‘qidim va terimga sig‘maydirgan darajada suyundim. Bir yildirkim, Ovrupoda yashamoqdaman. Ilm maorifda Ovruponing birinchi bo‘lgan Germaniya dorilfununlarida butun dunyodan, hatto tatarlardan o‘nlab, turklardan esa minglab talabalar bo‘lgani holda bizning Turkistondan mendan boshqa talabaning bo‘lmasligi yuragimni parchalamoqda. Boshqalarga hasad sezgisini uyg‘otmoqda edi.

Mana, sizlarning bu xayrlik muborak tashabbusiningiz bir yildan beri kulmagan ko‘nglimni kuldirdir va ruhimga jon berdi. Siz jon o‘rtoqlarimning vazifasi Turkistondan talaba yubormoq bo‘lsa, bu talabalarni ergashdirmak va bu yerdan sizga lozim bo‘lgan ma’lumotlarni bermak, albatta, menim vazifamdir.

Berlin ziroat akademiyasi talabalaridan toshkentlik Abduvahhob Murod, “Qizil bayroq” gazetasining 1922-yil 29-iyul sonida e’lon qilingan


“Turkiston chalalikni istamaydi. Butunlikni istaydi”

Yorug‘liqqa sevinib, intilib chiqayotgan Turkiston va shuncha ilmiy kishilarisizligiga qaramasdan kelgusining buyuk umidlari uchun bizni Ovrupoga yubordi. Chindanda Turkiston chalalikni istamaydi. Butunlikni istaydi. Juda yaxshi qiladi. Biz ammo Ovrupoda yillarcha qolib o‘qigan zamonimizda seviklik Turkistonimizga xizmat qiluvdan mahrum bo‘lib qoluvni istamaymiz. Har bir millatning oliy maktab bolalari qayerda bo‘lsa bo‘lsinlar, ilmiy, ijtimoiy yo‘llarda o‘z millatlari uchun chalishadilar. Uzoqlarga buyuk umidlar bilan yuborgan Turkistonimizga bu harakatimiz ko‘kragimizda yong‘an xizmat tuyg‘ularini ko‘rsatar umiddamiz.

Germaniyaliklarning tovushi, “Ko‘mak” jurnalidan


“Ezilmak istamaydiganlarning eng yaxshi quroli uning yoshlaridir”

Ezilmak istamaydiganlarning eng yaxshi quroli uning yoshlaridir. Bu kun Ovrupo, Amriqo hayoti tarixida birinchi o‘run olg‘on va buyuk haq-hurmatga ega bo‘lg‘onlar o‘quvchi yoshlar ekanligini ko‘ramiz. Uyqudan yangi turg‘on Turkiston yoshlari istudentlik yo‘lig‘a endigina ayoq qo‘yib kelsalar-da, yot ellarda bir-birlaridan daraksiz bo‘lib ketmasliklarini ko‘zda tutib va kelgusida “Umum Turkiston talaba birligi” tuzish niyati bilan Germaniyada “Turkiston talaba jamiyati” qurulib, ish boshladi.

Jamiyat Germaniya hukumati tomonidan rasmiy tasdiq qilinib, istudent dunyosig‘a o‘zini tanitish bilan bu kun Ovrupodag‘i turli millatlar talaba birligi sirasiga qo‘shildi.

Ichki-tashqi tuzuklarimizni qo‘limizdan kelganicha tadbiqdamiz. Turkiston, Ozarbayjon, Russiya jumhuriyatlari va Turkiyadagi o‘quvchi o‘rtoqlar bilan aloqa boshlab tonishmoqdamiz. Jamiyatning ichki ishlari yomon emas. Gali bilan o‘zaro leksiyalar o‘qushamiz.

Hammaga ma’lumki, Turkiston talabalari Ovrupog‘a ilm-hunar uchun keldilar. Germaniyaga kelganimizga ikki yil bo‘ldi. Talaba o‘qushidan bo‘shamaydur.

Ertoy, “Turkiston” gazetasining 1924-yil 342-sonida e’lon qilingan xat


“Bu yil birinchi agronomimiz bilan quvonar ekanmiz”

Abduvahhob Murodiy Berlin oliy ziroat maktabini bu yil bitirdi. O‘zbekistondan birinchi diplomli agronom bo‘lib yetishdi. Toshkentda eng kambag‘al oiladan chiqqan Murodiy O‘zbekiston uchun eng muhim bo‘lgan paxta ishlarini har tomondan o‘rganish uchun hukumat tomonidan Amriqoga yuborilmoqchi ersa-da, hozircha Misrgagina borishi mumkin bo‘ldi. Misrda paxta jinsini yaxshilash institutida tajriba qilur. So‘ngra Nil bo‘yi Sudan ichigacha borib, ziroat tashkilotlarini o‘rganur va qaytishda Italiya va Mojoriston o‘lkalariga tushib, undagi ipakchilik, brinj va chorvachilik ishlari bilan tanishmoqchi.

O‘rtoq Murodiyning Misr sayohati 6 oy surilsa kerak. So‘ngra yillardan beri ko‘rmagan sevikli O‘zbekistonga kelib yosh kuchi bilan ishga boshlar. Bu yil birinchi agronomimiz bilan quvonar ekanmiz. Yaqin kelgusida yuzlarcha muhandis, kimyogar, do‘xtir, sotsiolog, mutaxassislarga ega bo‘lurmiz.

“Yer yuzi” jurnalining 1926-yil 11-soni

jadidlar, ko‘rgazma, maktub, maktublar, xatlar

“Bizda quruq so‘z bozori. Yaxshi-yaxshi qarorlar. Har sana bir turli maorif tashkiloti, har sana bir imlo, har sana bir alifbo, har sana bir sira eski va yangi maktab masalasi muzokara qilinadir”

Ovro‘poda bo‘lib turg‘on qiziq hodisalarni gazetalarda o‘qimoqda bo‘lsangiz ham bir qancha nuqtalarini qayd etib ketayin. Bu gap Ovro‘poning eng qiziqib bahs etmoqda bo‘lg‘oni bir masala bor esa ul ham London qo‘nfironsidir.

Ovro‘poning har tarafida bosimina botganlarda boshlangan qorishiqlardan olim mutafakkir va siyosiylari dunyo osmonining yanada qora bulutlar bilan to‘la bo‘linganin taxmin qiladirlar. Va bu safargi boshqanlarda boshlangan harakatda unum Ovro‘po harakati xususan qayon olib keturidan qiyin taxmin etadilar. Ko‘raylik nima bo‘lar ekan? Xullas, siyosiy hol qorishiqdir.

Amaliy sohaga keladigan bo‘lsak, tabiblar insonning umrini uzantu chorasini izlar, bu yo‘lda muvaffaqiyat noshonalarini topmishlardir. Uning chun oz zamon so‘ngra bu yo‘ldan qattiq manfaat bo‘luvlariga inonub turodirlar. Bir olmon kimyogarining simobdan oltin chiqorg‘inini yozmishdi.

Xulosa olam va irfonning hayot va mamotning bir qismida uyinda o‘lturg‘on dunyoning qaysi bir yerinda choling‘on musiqiyni eshituv, teatrini ko‘ruv choralarina tushmish. Istadiki yerdagi konferensni eshitadir. Berlindagi bir odam hech bir malolsiz London, Parij, hatto Nyu-Yorkdagida teatruni ko‘rar, musiqiyni eshitar.

Bizda esa quruq so‘z bozori. Yaxshi-yaxshi qarorlar. Har sana bir turli maorif tashkiloti, har sana bir imlo, har sana bir alifbo, har sana bir sira eski va yangi maktab masalasi muzokara qilinadir.

Xullasi kalom, shirin uyqu, porlarda ziyoli ro‘yo, har kuni bir da’vo, har kuni bir ig‘vo.

Vassalom, boshqa hech bir shey, ishlarimiz bu ila ketaversa, adduvimiz mahv, o‘luvimiz muqarrardir.

Hurmat ila iningiz, Tohir. Darmshtadt, 1924-yil


“O‘zim bu kun bir o‘quvchi bo‘lganim uchun bir oilani ta’min eta olmayman”

Ota, bir vaqtlar men sizga Bokuda bir muallimimning hamshirasi bilan va’dali bo‘lganimni yozmish edim. Ul zamonda men ul tarafa borib uylanib kelmak fikrinda edim. Siz esa kelmay turuvimni tavsiya etgan edingiz. U tarafdan muallimimdan ham shunday tavsiyalar bo‘lgan edi. Shu oxir vaqtlarda oldigim bir maktubda, a’shal muallim xastlanib davolanish uchun Olmoniyaga keladurgon bo‘lib qolgan. Hamshirasini ham barobar keltirmakchi bo‘ladir. Ularning yozuviga qaraganda bu yerga kelib bizlarni nikohimizni istaydilar.

Men bir javob bermadim va sizdan so‘rab yozajagimni yozub edim. Endi bu masalaga Sizni nazaringiz qanday bo‘ladir. O‘zim bu kun bir o‘quvchi bo‘lganim uchun bir oilani ta’min eta olmayman. Shuning chun bu nikoh sizning va og‘amning ra’ylaringga qoladir.

Bu haqidagi fikrlaringizni yozsangiz men ham xatti-harakatlarimni unga ko‘ra tuzar edim. Jon ota, fikringizga nima kelsa, ochuq aytub mumkin qadar tez yozub yuboringki, birdan manim boshim chiqilmas bir baloga kirib qolmasun.

Hurmat bilan, Tohir


Kichik armug‘onim

Xayriniso Majidxon qizig‘a
Qaro turmush changalidan qutilib,
Erk chechagi taqa olg‘on kuchli qiz,
Eski odat sanamlarin parchalab
Erk-Tangriga sajda qilg‘on ruhli qiz
Yo‘ling to‘g‘ri ortga boqma, ketaver!
Ilgarlash ashulasin aytaver!
To‘g‘ri yo‘ling nurli, uzun-ulug‘dir
Ulug‘ yo‘lning tarmoqlari cheksizdir,
Tarmoqli yo‘l tajribasiz, sof, soda,
Ko‘zlar uchun xatlar bilan to‘lug‘dir.
Ishonamen sening ko‘zing o‘tkir ko‘z,
Miyyang kuchli, kerak emas boshqa so‘z!
Tor qafasdan qochib ko‘kda o‘ynag‘on,
Erkinlikning quchog‘ida dam olg‘on
Go‘zal qushning ovchilari ko‘p bo‘lg‘ay,
Payti kelsa, qush tubang‘a tortilg‘oy.
Bu haqiqat! Uchar ekan qarab uch!
Ehtiyotsiz yuksalishdan umid puch!
Senga qarshi, bugun, ko‘kka yuksalgan
La’nat, qarg‘ish “hech"dan chiqqan “hech"gina,
Kelgusida yo‘llaringga to‘shalgan
Rahmat, olqish qarshisida kichikkina.
Ilgarila, yo‘l so‘ngida yorug‘liq!
Yugurishga zarar etmas orug‘liq!

Maskovdan Berlinga jo‘nashlari munosabati bilan, Maskov, 1922-yil, 6-noyabr


“Istanbuldan bir talabamiz keldi. Ko‘p zahmatlar chekmish. Holi vaziyati favqulodda og‘irdir”

Boshqa ishlar o‘z yo‘linda ketadir va yana mufassal yozaman. Bu kunlarda Istanbuldan Ibrohim Orifxon isminda bir talabamiz keldi. Ko‘p zahmatlar chekmish. Holi vaziyati favqulodda og‘irdir. Uningchun mumkin qadar tez yordam choralari ko‘rilmayi lozimdir. Shuning kabi mujohid talabaning istiqbolini ta’min uchin sarf va tadbiqi hech bir suratda tasavvur etilmas. Masalalar uchin bu qadar jonbozliq ko‘starmak bir yana bu ila mujohid talabamiza yordam yo‘lina dushunsak mamlakatda istiqbol jurnolichiliq bir tirik hozirlamish bo‘lurdiq.

Bundan butun taniganlarga salom.

Ehtirom ila Tohir. Berlin. 1925-yil

jadidlar, ko‘rgazma, maktub, maktublar, xatlar

“Bizning yoshlarning toza sabri tugandi”

Muhtaram afandim, maktabingizda menim ta’minotim haqinda cholisha jog‘ing‘izni eshitib ko‘p mamnun bo‘ldim. Bizning 6 oylik ta’minotimiz berilgan emas. Faqat to‘rt oyg‘a qadar 28 dollardan berib turilishi teleg‘rom ila bildirilgan edi. Shundan kelib har oyda 28 dollardan olib, bu qadar oz pul ila qast etgan ishlarimizning qaysi birini tugal etishimizni bilmaymiz.

Saidnosir aka, afv etingiz, bu qurg‘ur pul masalasi shundoq asablarg‘a qadar o‘rnashg‘onki, inson beixtiyor yana shu haqida yozmoq majburiyatinda qolar…

Bizning eshituvimizga qaraganda, bu sentabrdan so‘ngra bu pul ham berilmaydi. Darmshtadtda Turkistondan yolg‘izman. Hozir yoz ta’tilidir. Faqat bu yoz ta’tili menim uchun emas. Chunki maktab ta’tili bo‘lgan bo‘lsa ham men xususiy laboratoriyada butun kun ishlamoqdaman. Hozir o‘quvchimizni bitirib olishimiz uchun qo‘linda asir bo‘ldig‘imiz “oltun"dan InshaaAlloh yaqin fursatda olmog‘imizni olarmiz. U oltin kasb etdig‘ingiz ilm soyasinda biz ham asir etarmiz, qarab tursin! Zotan kecha kunlarda bu ish bir biz daf’a o‘lardi.

Eshitishimcha, shirkatingiz ishlamaydir, shundaymi? Bizning yoshlarning toza sabri tugandi. Haqiqatan ularga ko‘p zulm bo‘ldi. Bu yuzadan har doim vijdoniy azob tuyaman. Faqat qanday qilurmiz? Boshqa choramiz o‘lsa qaniydi? Tolibjon akamga, Salimxon, Asadullaxona va sevikli shoirimiz Cho‘lpona, qardoshlarimiza yurakdan salomlar! Ortiq joningiz uchun duo idaram.

Buyuk ehtirom ila iningiz, Sobir Ibrohim