1-avgust kuni prezident topshirig‘i bilan Raqobat qo‘mitasi va Bosh prokuraturaga “metan narxining yuqori chegarasini” bekor qilish va bozorni erkinlashtirish buyurilgandi. Qo‘mita 2-avgust kuni gaz shoxobchalarida tezkor monitoring o‘tkazdi.

Qo‘mita monitoringi respublikaning 1450 ta gaz to‘ldirish shoxobchalarida bo‘ldi. Natijalarga ko‘ra, ularning 71 foizi — 1064 ta holatda metan gazining chakana narxi 3750 so‘m holatda saqlanib qolgan. 25 foizi — 370 ta holatda esa narxlar 3800−3950 so‘mgacha (+200 so‘m) ko‘tarilgan. Qolgan 4 foizda AGTKSHlar ish faoliyatida bo‘lmagan.

“Bugungi kunda metan gazi narxlarining keskin oshishiga sabab bo‘luvchi omillar mavjud emas”, — deyiladi qo‘mita xabarida.

Shuningdek, propan gazi narxlari 20 foiz holatda — 5500 so‘mni, 65 foizida — 5500−6000 so‘mni, 5 foizida — 6500 so‘mni ko‘rsatgan.

Raqobat qo‘mitasi shoxobchalar o‘zaro kelishib yoki ustun muzokara kuchini suiiste’mol qilish orqali narxlarni asossiz oshirsa, ularga nisbatan narxlarni tushirish bo‘yicha majburiy ko‘rsatmalar berilishi hamda moliyaviy jarimalar qo‘llanishi mumkinligini qo‘shimcha qildi.

Qo‘mita hozirda birja savdolarida propan mahsulotining narxlariga ta’sir etuvchi omillarni o‘rganmoqda. Ishlab chiqaruvchilar tomonidan narx manipulyatsiyalari va boshqa raqobatga zid harakatlar aniqlansa, ularga nisbatan ta’sirchan huquqiy чоралар qo‘llanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq xabar qilinganidek, bosh vazir Abdulla Aripov yig‘ilishda metan narxini davlat tomonidan tartibga solish bekor qilinishini ma’lum qildi. Endi non va g‘alla narxlarini erkinlashtirishda bo‘lgani kabi, bu sohada ham narxlarni raqobat asosida barqarorlashtirish choralari ko‘riladi, davlat bu sohada narx belgilashga aralashmaydi.