1-avgust kuni Anqarada Rossiya va G‘arb davlatlari o‘rtasida mahbuslar almashinuvi bo‘lib o‘tdi, bu voqea “tarixiy” deya ataldi. Jarayon Turkiya Milliy razvedka tashkiloti vositachiligida Esenbog‘a aeroportida sodir bo‘ldi. Almashinuvda Rossiya, Belarus, AQSh, Germaniya, Polsha, Sloveniya va Norvegiya vakillari ishtirok etgan. Jami 26 kishi almashildi: 10 kishi Rossiyaga, 13 kishi Germaniyaga, 3 kishi AQShga yuborildi.

Rossiya G‘arbga kimlarni topshirdi (16 kishi)?

  • Evan Gershkovich (The Wall Street Journal muxbiri);
  • Pol Uilan (AQShning sobiq harbiy xizmatchisi);
  • Alsu Kurmasheva (“Ozodlik radiosi” jurnalisti);
  • Vladimir Kara-Murza (siyosatchi);
  • Andrey Pivovarov (siyosatchi va “Otkritoy Rossii” sobiq direktori);
  • Ilya Yashin (muxolifatchi siyosatchi);
  • Sasha Skochilenko (rassom);
  • Kseniya Fadeyeva (Navalniyning Tomskdagi shtab-kvartirasi sobiq rahbari);
  • Liliya Chanisheva (Aleksey Navalniyning Ufadagi shtab-kvartirasi sobiq rahbari);
  • Vadim Ostanin (Navalniyning Barnauldagi shtab-kvartirasi sobiq rahbari);
  • Oleg Orlov (“Memorial” markazining sobiq hamraisi);
  • Kevin Lik (19 yosh, davlatga xiyonatda ayblangan);
  • German Moyjes (veloaktivist).

Bundan tashqari, Belarusda o‘lim jazosiga hukm qilingan Germaniya fuqarosi Riko Kriger ham ozodlikka chiqdi. Hukmdan keyin u Aleksandr Lukashenkoning qarori bilan afv etilgan.

Ayirboshlash ro‘yxatiga, shuningdek, Patrik Shebel (Germaniya fuqarosi, giyohvand moddalar kontrabandasida ayblanmoqda) va siyosatshunos Diter Voronin (u jurnalist Ivan Safronov ishi epizodlaridan biriga aloqador) ham kiritilgan, ularning shaxsi rasman tasdiqlanmagan.

G‘arb Rossiyaga kimlarni topshirdi (10 kishi)?

  • Vadim Krasikov (Germaniyada qotillikda ayblanib sudlangan);
  • Artyom Dulsev (Sloveniyada josuslik ishi bo‘yicha sudlangan);
  • Anna Dulseva (Sloveniyada josuslik ishi bo‘yicha sudlangan);
  • Mixail Mikushin (Norvegiya hukumati tomonidan josuslikda ayblanmoqda);
  • Pavel Rubsov (Rossiya Mudofaa vazirligiga bo‘ysunuvchi Bosh razvedka boshqarmasining ehtimoliy agenti);
  • Roman Seleznev (AQShda bank kartalari ma’lumotlarini o‘g‘irlagani uchun 27 yilga qamalgan);
  • Vladislav Klyushin (kompyuter tarmoqlarini buzishda ayblanib, AQShda sudlangan);
  • Vadim Konoshenok (FXX — Federal xavfsizlik xizmatining ehtimoliy agenti).

Artyom va Anna Dulsevlarning ikki farzandi bor — ular ota-onalari bilan Rossiyaga ketdi.

Rossiya Federal xavfsizlik xizmati mahbuslar almashinuvini tasdiqladi:

“Rossiya maxsus xizmatining Jamoatchilik bilan aloqalar markazi rossiyaliklar „Rossiya Federatsiyasi xavfsizligiga zarar yetkazgan holda xorijiy davlatlar manfaatlari yo‘lida harakat qilgan shaxslar guruhiga“ almashtirilganini ma’lum qildi. Kreml saytida Vladimir Putinning ayirboshlash natijasida ozod qilingan mahbuslarni afv etish to‘g‘risidagi farmoni e’lon qilindi”.

Vladimir Putin Vnukovo aeroportida almashinuv natijasida Rossiyaga qaytganlarni kutib oldi, deya xabar berdi Kreml matbuot xizmati.

“Avvalo, barchangizni vatanga qaytganingiz bilan tabriklayman. Hozir orangizdagi harbiy xizmatga bevosita aloqasi bor kishilarga murojaat qilmoqchiman. Qasamyodingiz, burchingiz va sizni bir daqiqa ham unutmagan vatanga sodiqligingiz uchun minnatdorlik bildirmoqchiman. Hammangiz davlat mukofotlari bilan taqdirlanasiz. Siz bilan yana ko‘rishamiz, kelajagingiz haqida gaplashamiz. Hozir esa sizni uyga qaytganingiz bilan tabriklamoqchiman”, — dedi u.

AQSh prezidenti Jo Bayden mahbuslar almashinuvi bo‘yicha bayonot berdi.

“Ushbu ayol va erkaklarning ayrimlari ko‘p yillar davomida nohaq qamoqda saqlangan. Ularning barchasi aql bovar qilmas azob-uqubatlarni va noma’lumlikni boshdan kechirdi. Bugun ularning azob-uqubatlari tugadi” — dedi Bayden. U “og‘ir va murakkab muzokaralar” davomida AQShni qo‘llab-quvvatlagan ittifoqchilarga minnatdorlik bildirdi. AQSh prezidenti bunda Germaniya, Polsha, Sloveniya, Norvegiya va Turkiyani nazarda tutdi.

Bayden va vitse-prezident Kamala Harris ham ortga qaytarilgan amerikaliklarni aeroportda kutib oldi.

Germaniya kansleri Olaf Shols Rossiya va G‘arb davlatlari o‘rtasida mahbuslar almashinuvidan so‘ng AQSh prezidenti Jo Bayden bilan telefon orqali muloqot qilganini bildirdi.

Shu bilan birga, kanslerning qo‘shimcha qilishicha, bir necha oy davomida Germaniya hukumati Rossiyadagi mahbuslarni almashtirish bo‘yicha yechim topish uchun Qo‘shma Shtatlar bilan yaqin hamkorlikda ishlagan.

Marhum Aleksey Navalniyning ayoli Yuliya Navalnaya barcha siyosiy mahbuslarni ozod qilishga chaqirdi:

“Ulkan, juda uzoq va mashaqqatli ish, bir necha yil davom etgan muzokaralar, fevral, hammani qutqarishga bo‘lgan yangi urinishlar. Mana shu odamlarning hammasi ozodlikda. Bu — katta baxt!

Ozod qilingan har bir siyosiy mahbus — ulkan g‘alaba va quvonch. Hech kim Putinning garovida qolmasligi, qiynoqqa solinmasligi va Putin qamoqxonasida o‘lmasligi kerak.

Biz hali ko‘p kurashishimiz kerak: Daniel Xolodnыy, Vadim Kobzev, Aleksey Lipser, Igor Sergunin. Ularni ozod qilish uchun bor kuchimizni ishga solamiz. Barcha siyosiy mahbuslarga ozodlik!”