“Gazeta.uz” nashriga o‘quvchidan Toshkent shahridagi Taras Shevchenko ko‘chasi rekonstruksiyasi vaqtida daraxt ildizi qo‘porilgani haqida xabar kelib tushdi. O‘quvchi tomonidan yuborilgan videoda ekskavator kovshi ignabargli yosh daraxtni yerdan sug‘urib olayotganini ko‘rish mumkin. Bundan tashqari, ba’zi joylarda ekskavator tuproqni daraxt tanasiga yaqin joydan chopgani seziladi, bu ildiz tizimini zararlashi mumkin.

Tahririyat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligiga bir qancha savollar bilan murojaat qildi, xususan — gastronomik ko‘chaga aylantirish rejalashtirilgan Shevchenko ko‘chasini rekonstruksiya qilish rejasi ekologlar bilan kelishilganmi yoki yo‘qmi?

Vazirlik ekologiya inspektorlari allaqachon voqea joyida ishlayotganini aytdi va yaqin kunlarda batafsil javob berishni va’da qildi.

Foto: Ekologiya vazirligi matbuot xizmati

Mirobod tumani hokimligi e’lon qilgan xabardan tasdiqlanadiki, ekologiya inspektorlari quruvchilar ehtiyotsizlik tufayli daraxtlarning ildizlariga shikast yetkazganini aniqlagan.

Shu bilan birga, tuman hokimligi “sentabr oyida qurib bitkazilishi rejalashtirilayotgan ushbu gastronomik ko‘chada tasdiqlangan loyiha bo‘yicha ko‘plab manzarali daraxt ko‘chatlari ekilishi va sug‘orish tizimi o‘rnatilishi”ni ma’lum qildi.

Mirobod tumani hokimligining “Gazeta.uz”ga bildirishicha, hozirda ularning holatini nazoratga olish maqsadida ko‘chadagi daraxtlar hisoblanmoqda. Yashil maydonlarga zarar yetkazgan ijrochilar jarimaga tortilishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, iyul oyida Toshkent shahridagi Taras Shevchenko ko‘chasining bir qismini gastronomik ko‘chaga aylantirish rejalashtirilayotgani ma’lum bo‘lgan edi. Yangi yoritish tizimi, o‘rindiqlar, chiqindi qutilari, bolalar maydonchalari o‘rnatish rejalashtirilgan.