Turkiya Texnologiyalar va kommunikatsiyalar kengashi (TKK) mamlakatda Instagram ijtimoiy tarmog‘iga kirishni blokladi, deya xabar bermoqda Reuters agentligi tashkilot qaroriga tayanib. Bloklashning sabablari va muddati ko‘rsatilmagan.

Bu qaror Instagram turkiyalik foydalanuvchilarning HAMAS siyosiy yetakchisi Ismoil Haniyaning vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirgan postlarini o‘chirib tashlagani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Turkiya prezidenti ma’muriyatining aloqa bo‘limi rahbari Fahrettin Altun platformaning harakatlarini qoralab, ularni “senzuraga juda aniq va ravshan urinish” deb atadi.

Turkiyaning Daily Sabah nashrining TKKdagi manbaga tayanib yozishicha, kirishning cheklanishi Instagram`dagi zamonaviy Turkiya asoschisi Mustafo Kamol Otaturkni haqoratlovchi postlar, shuningdek, jinoiy kontent bilan bog‘liq. Gazeta suhbatdoshiga ko‘ra, “muammoni hal qilmagunicha” xizmat blokda bo‘ladi.

Instagram`ga egalik qiluvchi Meta kompaniyasi hali Turkiyada ijtimoiy tarmoq bloklanganiga izoh bermadi. “Gazeta.uz"ning Istanbuldagi suhbatdoshi 2-avgust ertalabdan Instagram ishlamay qolganini tasdiqladi.

AP`ning qayd etishicha, Turkiyada 85 millionlik aholining 50 milliondan ortig‘i Instagram`dan foydalanadi. G‘arbdagi ittifoqchilaridan farqli ravishda, Turkiya HAMASni terrorchi tashkilot deb hisoblamaydi, mamlakat prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an esa Isroilning G‘azo sektoridagi harbiy harakatlarini faol tanqid qiladi, deya aniqlik kiritdi agentlik.

Istanbul meri va Turkiyaning asosiy muxolifat partiyasi a’zosi Ekrem Imomo‘g‘lu Instagram`ni bloklash qarorini qoraladi.

“Ijtimoiy tarmoqlar — har bir inson ko‘p maqsadlarda, jumladan, savdo va aloqa uchun foydalanadigan platforma. Butun mamlakat ishlatadigan platformaning bir kunda o‘zboshimchalik bilan bloklanishi qabul qilib bo‘lmaydigan holat”, — deb yozadi Imomog‘lu X tarmog‘ida.

  • HAMASning siyosiy yetakchisi Ismoil Haniya bir necha kun oldin Eronning yangi prezidenti inauguratsiyasi uchun Tehronga borganida o‘ldirilgandi. XAMASning ma’lum qilishicha, Haniya Isroilning u to‘xtagan qarorgohga bergan zarbasi oqibatida halok bo‘lgan.