Urganch xalqaro aeroporti belgilangan qurilish-ta’mirlash ishlari muddatidan avvalroq yakunlangani bois ikki kun avvalroq ochiladi, deya xabar bermoqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati.

Aeroport 5-avgust kuni soat 11:00 da o‘z faoliyatini tiklaydi.

O‘tgan davrda uzunligi 3000 metr va eni 45 metr bo‘lgan uchish-qo‘nish yo‘lagi qoplamasi almashtirilgan va mustahkamlangan, ikkinchi va uchinchi yurish yo‘laklari kapital ta’mirlangan.

“Bu aeroportga Boeing 787 va Airbus A330 kabi keng fyuzelyajli samolyotlarni cheklovlarsiz qabul qilish va o‘z navbatida Urganchga reyslar soni va yo‘lovchilar oqimini ko‘paytirish imkonini beradi”, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, Urganch xalqaro aeroporti uchish-qo‘nish yo‘lagini ta’mirlash ishlari sababli 20-iyul kuni o‘z faoliyatini vaqtincha to‘xtatgandi. Rekonstruksiya davrida barcha reyslar Nukus xalqaro aeroportiga yo‘naltirilgan va barcha yo‘lovchilar Nukus aeroportigacha transport bilan ta’minlangan.