O‘zbekiston prezidenti huzurida Iqlim kengashi tuziladi. Davlat rahbari bu haqdagi farmonni imzoladi, deya xabar bermoqda Adliya vazirligi.

Kengash iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va unga moslashish masalalari bo‘yicha prezident huzuridagi eng yuqori maslahat organi etib belgilangan.

Kengashning asosiy vazifalari qatorida BMTning 1992-yildagi Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi doiraviy konvensiyasi va konvensiya ijrosini kuchaytirish maqsadida qabul qilingan 2015-yilgi Parij bitimidan kelib chiqadigan majburiyatlarning O‘zbekiston tomonidan bajarilishini monitoring qilish kiradi.

Farmonga ko‘ra, Yashil transformatsiya va iqlim o‘zgarishiga moslashish milliy markazi Iqlim o‘zgarishi milliy markazi (Iqlim markazi) deb qayta nomlandi.

Mamlakatda ilmiy va akademik salohiyatni oshirish hamda fundamental tadqiqotlarni rivojlantirish maqsadida Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universitetida (Green University) Iqlim ilmiy forumi (rezidensiyasi) (Iqlim rezidensiyasi) tashkil etiladi.