Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi 26-iyul kuni xalqaro qidiruvda bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosini qo‘lga oldi, deb xabar bermoqda AKIpress qo‘mitaga tayanib.

1992-yilda tug‘ilgan S.I.I. Interpol reyestriga o‘ta xavfli jinoyatchi sifatida kiritilgan.

Interpol ma’lumotlariga ko‘ra, erkak va uning sheriklari bojxona yuk deklaratsiyasi bo‘yicha soxta hujjatlarni rasmiylashtirganlikda gumon qilinmoqda. O‘zbekistonga yetkazilgan zarar 12 milliard so‘m (taxminan 962 ming dollar) deb baholanmoqda.

Botken tumani sudi tomonidan qo‘lga olingan shaxs tergov izolyatoriga jo‘natildi, tergov harakatlari olib borilmoqda. Barcha tegishli tartib-qoidalar bajarilganidan so‘ng qo‘lga olingan shaxs O‘zbekiston rasmiylariga topshiriladi.