O‘zbekiston World Justice Project xalqaro nodavlat tashkiloti tomonidan tuzilgan Huquq ustuvorligi indeksida 2023-yil sarhisobi bo‘yicha 142 ta davlat orasida 78-o‘rinni egalladi. Bu haqda Senat axborot xizmati xabar berdi.

Indeksni tuzishda dunyo bo‘ylab 150 mingdan ortiq uy xo‘jaligi va 4 mingga yaqin huquqshunos o‘rtasida so‘rovlar o‘tkazilgan hamda qonuniylik darajasi baholangan.

Indeks 8 ta indikatorni, jumladan, “Hokimiyat vakolatlarining cheklangani”, “Korrupsiyadan xolilik”, “Davlat institutlari faoliyatining ochiqligi (shaffofligi)”, “Asosiy huquqlarni himoya qilish”, “Tartib va xavfsizlik”, “Huquqni muhofaza qilish”, “Fuqarolik va jinoiy odil sudlov” kabilarni o‘z ichiga oladi.

huquq ustuvorligi, huquq ustuvorligi индекси

huquq ustuvorligi, huquq ustuvorligi индекси

Mazkur indeksda O‘zbekistonga berilgan baho mamlakatimizning xalqaro hamjamiyat orasida ijobiy imijini shakllantirishda muhim omil hisoblanadi, deyiladi xabarda.

Iyul oyi oxirida Adliya vazirligi O‘zbekiston 2016-yildan 2023-yilga qadar huquq ustuvorligi eng tez yaxshilangan davlatlar orasida 8,9 foiz o‘sish ko‘rsatkichi bilan birinchi o‘rinni egallagani haqidap ma’lumot bergandi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston 2021-yilda Huquq ustuvorligi indeksida 85-o‘rinni egallagandi. 2022-yilda esa mamlakat 2023-yilda bo‘lgani kabi 78-o‘rinda qayd etilgan. Boshqa yillar: 2020 — 92-o‘rin, 2019 — 94-o‘rin, 2017−2018 — 91-o‘rin, 2016 — 93-o‘rin, 2015 — 81-o‘rin.