Yozgi Parij Olimpiadasida o‘zbekistonlik bokschilarning barchasi ringga chiqishga ulgurdi. “Gazeta.uz” ularning natijalari va qaysi bosqichga yetgani haqida ma’lumot beradi.

Yengil vazn toifasida (-51 kg) ringga chiqqan Hasanboy Do‘smatov yarim finalga yo‘l olgan. 3-avgustga o‘tar kechasi u chorak finaldagi raqibi — qozog‘istonlik Saken Bibossinovni 3:2 hisobida mag‘lub etdi. Uning keyingi jangi 4-avgust kuni Kabo-Verde vakili David De Pinaga qarshi bo‘lib o‘tadi.

-50 kg (ayollar): Ilk bahsini -50 kg vaznda Jahon chempionati sovrindori, tailandlik Chuthamat Raksatga qarshi o‘tkazgan Sabina Boboqulova hakamlar qaroriga ko‘ra imkoniyatni boy berdi va musobaqa bilan erta xayrlashdi (jang videosi).

-54 kg (ayollar): Nigina O‘ktamova Olimpiadadagi ishtirokini nimchorak finalda yakunladi. Bellashuvda u KXDR vakilasi Cholmi Panga mag‘lub bo‘ldi.

-57 kg: Yana bir tajribali bokschi Abdumalik Xalokov esa hozir chorak finalda, jang 3-avgust kuni bo‘lib o‘tadi. Bokschi ilk jangini shvetsiyalik Nebil Ibrohimga qarshi olib bordi va ortiqcha qiyinchiliksiz 5:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Jang videosi:

-57 kg (ayollar): Parij Olimpiadasida omadli yurish boshlagan Sitora Turdibekova ilk bahsida kongolik Marselat Sakobi Matshuni 3:2 hisobida yengdi. 1/16 saralash bosqichida Xitoy Taipeyi vakili Lin Yu Tingga qarshi jangda Sitora mardonavor jang qilib, mag‘lubiyatga uchradi va musobaqadagi ishtirokini yakunladi.

-63,5 kg: 20 yoshli Ruslan Abdullayev Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlaridagi ishtirokini yakunladi. U chorak finalda kanadalik Uayt Stenford bilan jang qildi va imkoniyatni boy berdi. Ruslan nimchorak finalda meksikalik Migel Ramiresni 5:0 hisobida mag‘lub etgandi. Chorak final jangi videosi:

-66 kg (ayollar): Navbahor Hamidova chorak finalga yo‘l olgan, jang 3-avgustda bo‘ladi. -66 kg vaznda Olimpiadadagi ilk bahsida Navbahor AQSh bokschisi Morelle Makkeynga qarshi ringga ko‘tarildi va 3:2 hisobida g‘olib bo‘ldi.

-71 kg: Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev ham Olimpiadadagi yurishini omadli davom ettirmoqda. 23 yoshli bokschi 1/8 finalda Afrika saralash turniri g‘olibi 24 yoshli Omar Elavadyni mag‘lub etdi — 5:0. U 3-avgust kuni chorak finalda Daniya vakili, 2023-yilgi Yevropa o‘yinlari va yoshlar o‘rtasidagi Yevropa chempionati g‘olibi 23 yoshli arman bokschi Nikolay Terteryan bilan yarim final yo‘llanmasi uchun jang qiladi.

-80 kg: To‘rabek Habibullayev ham Olimpiadani chorak finalda tark etdi. Yosh bokschi teng kurashlar ostida o‘tgan jangda kubalik 2 karra Olimpiada o‘yinlari g‘olibi Arlen Lopez Kardonaga mag‘lub bo‘ldi. Jang videosi:

-92 kg: Lazizbek Mullojonov O‘zbekiston uchun kamida bronza medalni naqd qildi. U chorak final jangida braziliyalik Keno Mashadoni 5:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Keyingi bahs 4-avgust kuni bo‘ladi.

+92 kg: Tokio Olimpiadasi chempioni Bahodir Jalolov bu safar ham medallarga juda yaqin kelmoqda. Og‘ir vazn toifasida jangga chiqqan bokschi chorak finalda avstraliyalik Teremoana Juniorni 5:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Yarim final bahsi 7-avgust kuni germaniyalik Nelviye Tiafakga qarshi bo‘lib o‘tadi.