4-avgust kuni Los-Anjeles (AQSh)da katta professional boks oqshomida birinchi o‘rta vazn toifasida WBA kamari uchun o‘zbekistonlik bokschi Isroil Madrimov amerikalik bokschi Terens Kroufordga qarshi ringga ko‘tarildi.

Jangda WBA kamari hamda birinchi o‘rta vaznda egasiz bo‘lib turgan WBO kamari o‘rtaga qo‘yilgandi. O‘zbekistonlik jangchi ringda ancha raqobatbardosh ko‘rindi, ammo raundlar yakunida hakamlar ochkolar evaziga Terens Kroufordning g‘alabasini e’lon qildi — 116−112, 115−113 va 115−113.

Bu Madrimovning professional ringdagi ilk mag‘lubiyati bo‘ldi va u chempionlik kamarini himoya qila olmadi. 29 yoshli Isroil Madrimov 2018-yilda professional debyutini o‘tkazgan va mart oyida rossiyalik Magomed Qurbonovni 5-raundda muddatidan oldin mag‘lubiyatga uchratib, vakant chempionlikni qo‘lga kiritgan edi.

Krouford mutlaq jahon chempioni, WBC va WBA kamarlari egasi bo‘lib, bunga qadar professional boksda jami 40 ta jangining barchasida g‘alabaga erishgan. G‘alabalarining 31 tasini nokaut bilan yakunlagan.

Madrimov esa WBA kamari sohibi sanalib, professional boksdagi 10 ta jangidan 9 tasida g‘alabaga erishgan, faqat bitta jangda durang qayd etgan. 7 ta jangni nokaut bilan yakunlagan.