3-avgust kuni firibgarlikda ayblanib qidiruvga berilgan 45 yoshli erkak Turkiyadan O‘zbekistonga deportatsiya qilindi, deya xabar bermoqda O‘zbekistonning Istanbuldagi bosh konsulligi.

Qayd etilishicha, Jaxongir Xasanboyev Turkiya va O‘zbekiston Ichki ishlar vazirliklari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida joriy yilda Istanbul shahrida qo‘lga olingan.

U 2014-yildan buyon avtomobil oldi-sotdisi sohasida ko‘plab firibgarlik jinoyatlarini sodir etganlikda ayblanib, qidiruvda bo‘lgan.

Ushbu shaxsning xatti-harakatlaridan jabr ko‘rgan fuqarolardan O‘zbekistonning Istanbul shahridagi bosh konsulxonasiga yoki O‘zbekiston IIV yoxud uning quyi tizimlariga murojaat qilishlari mumkinligi aytildi.

Shu bilan birga, konsullik keyingi vaqtlarda firibgarlik sodir etilishi holatlari yuzasidan murojaatlar soni ortganinii ta’kidlab, fuqarolardan ogoh bo‘lishlarini so‘radi.