Iqtisodchi, Nyu-York universiteti professori Behzod Hoshimov “Gazeta.uz”ga bergan intervyusida nima uchun ba’zida Singapur “iqtisodiy mo‘’jizasi” sabablari xato talqin qilinishi haqida gapirib o‘tdi.

“Singapurning rivojlangani haqida yoki ularning sobiq bosh vaziri Li Kuan Yuning gapi bilan aytganda, qanday qilib „uchinchi dunyodan birinchi dunyoga kelib qolgani“ haqida Li Kuan Yuning o‘zi va boshqa odamlar tomonidan kitoblar yozilgan. Uning kitobidagi narrativ hozirgi zamonda dominant bo‘lib qolgan”, — deydi u.

Iqtisodchining ta’kidlashicha, hayotdagi ko‘p voqealarda mavjud vaziyat qanday bo‘lgani emas, uning qanday yozilgani, kim tomonidan yozilgani asosiy narrativ bo‘lib qoladi. Dunyoda turli tarixiy jarayonlar haqida turlicha narrativlar mavjud.

“Albatta, Singapur sobiq bosh vaziri, uning People’s Action Party, ya’ni insonlar harakati partiyasi ko‘p islohotlar qilgan, ko‘p to‘g‘ri ishlar qilgan, juda izchil va yaxshi ishlashgan. Lekin, masalan, kitobni o‘qisangiz [Li Kuan Yuning „Uchinchi dunyodan birinchi dunyoga“ kitobi nazarda tutilmoqda — tahririyat], sizda shunday bir taassurot uyg‘onib qolishi mumkinki, o‘sha iqtisodiy rivojlanishni qandaydir ma’noda bosh vazirning stolida yaratishgan, Singapurdagi har bir jarayon qo‘lda tuzilgandek tuyuladi. Shuningdek, barcha jarayonlar bir-biriga ulanib ketgandek tuyuladi”, — deydi Behzod Hoshimov.

U o‘z fikrini tushuntirish uchun Stiv Jobsning Stenford universiteti bitiruvchilari oldida qilgan ma’ruzasidagi fikrlarini misol qilib keltirdi. Bu ma’ruzada Stiv Jobs universitet talabalariga o‘zining hayot yo‘li haqida gapirib beradi va hayotning ko‘p nuqtalarini faqat orqaga qarab bog‘lasa bo‘ladi, oldinga qarab bog‘lash mumkin emas deydi. O‘shanda uning argumenti quyidagicha edi: Men kalligrafiya o‘qiganman, keyin esa Apple kompyuterlaridagi kalligrafiyani kiritganman, keyin uni Microsoft olgan, shuning uchun bizda turlicha shriftlar bor, lekin o‘sha vaqtda kalligrafiya o‘qiyotganimda keyinchalik kompyuterda menga yordam bo‘lishi haqida o‘ylamaganman, faqat hozir ortga qarab turib voqealarni bog‘layman.

Behzod Hoshimovning ta’kidlashicha, xuddi shu kabi inson emas, mamlakatlarning rivojlanish tarixi haqida ham shunday narrativ bo‘lib qolishi mumkin. Mamlakatlar muvaffaqiyatga erishganda, qachondir nimadir qilganini muvaffaqiyat omili sifatida ko‘rsatish kabi xato fikrlash mavjud, xuddi barchasi bir ongli ravishda qilingan, mantiqiy va uzviy bir g‘oya bo‘lgandek tuyuladi.

“Qandaydir muvaffaqiyatga erishgan inson bo‘lsa „u ertalab shug‘ullanardi, shuning uchun boyib ketgan“ kabi narrativlar ko‘p. Mamlakatlar ham bundan istisno emas. Li Kuan Yuning kitobida shu narrativ bor ekani va uni ko‘pchilik haqiqatdek qabul qilgani uchun yozgandim. Va aynan nima haqida gapirgandim, masalan, Singapurda Iqtisodiy rivojlanish qo‘mitasi degan tashkilot bor, u yerga borsangiz sizga ekskursiya qilib berishadi. U ekskursiyada esa sizga mana port bor, bu portni janob bosh vazir ishga tushirdi, shu portni deb savdo ochildi, turli narsalar bo‘ldi, keyin yana nimadir qildik, Jurongda sanoat parki qurdik va hokazo deyishadi”, — deydi iqtisodchi.

Uning aytishicha, yuqoridagi kabi holatlarga qaramay, Singapur tarixini o‘qisangiz, shu mamlakatning o‘z gazetalari Jurongdagi sanoat parki nechadir yil u yerda ish boshlash uchun bironta ham korxonani topa olmagani haqida yozgan. Bunday narsalar esa uzviy tarixdan tushirib qoldiriladi. Muvaffaqiyat esa “mana shunga ko‘zimiz yetgan edi” qabilida talqin qilinadi.

“Mening nazdimda Singapurda ko‘p ishlar qilingan va to‘g‘ri qilingan. Shu jumladan, bozor iqtisodiyoti uchun qilingan. Bozor iqtisodiyoti resurslarni to‘g‘ri taqsimlashi oqibati shu narsa bo‘lgan. Masalan, barcha import bojlari nol bo‘lgan. Masalan, Singapur havo yo‘llari va aeroporti o‘rtasida nizo kelib chiqadi, chunki aeroport boshqa reyslarni arzonga qo‘ysa, Singapur havo yo‘llarining daromadlari kamayadi va odamlar ishsiz qoladi, va hokazo. O‘sha vaziyatda Li Kuan Yu „menda mamlakat miqyosida aeroport va qandaydir korxonani saqlab qolish dilemmasi bor edi va men mamlakat tomonini tanladim“ deydi. Shunday narsalarda intuitiv to‘g‘ri fikrlar ham qilgan”, — deydi Behzod Hoshimov.

Lekin bular orqali kimdadir mamlakat rivojlanishi uchun milliy aviakompaniya kerak yoki qandaydir sanoat parki kerak degan fikr paydo bo‘lishi mumkin.

“Men Singapur ularsiz ham, yoki ularga qaramasdan ham rivojlangan, demoqchi bo‘lgandim. Ular mamlakat rivojlanishini tezlashtirganmi, yoki bunga to‘sqinlik qilganmi, hali aniq emas. Yuqorida aytganimdek, qandaydir boy odam pulini noto‘g‘ri taqsimlab, ortiqcha xarajat qilsa, bunga qaramasdan turib shuni o‘ziga ep ko‘ra olishi mumkin. Lekin bu shunday qilsak biz ham boyib ketamiz degan fikrga olib kelishi mumkin”, — deya fikrini yakunladi iqtisodchi.

Intervyuni to‘liq quyidagi quyidagi havola orqali ko‘rishingiz mumkin.