Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanida fuqarodan yer va uy-joyni hujjatlashtirib, egalik huquqini olib berishi uchun pul olgan kadastr xodimi ushlandi, deya xabar bermoqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi.

Qayd etilishicha, Kadastr palatasi tuman filiali xodimi fuqarodan Turkman mahallasida joylashgan yer maydoni hamda unda qurilgan uy-joyga kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib, egalik huquqini olib berishini aytgan.

U buning evaziga 1,5 ming dollar olayotganda qo‘lga tushgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.