Huquqni muhofaza qilivchi organlar bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Toshkent shahri Yakkasaroy tumanidagi xonadonda onlayn qimor o‘yinlari o‘tkazib kelinayotgani aniqlandi, deya xabar bermoqda poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmati “Gazeta.uz”ga.

Qayd etilishicha, olingan tezkor ma’lumot asosida tumandagi xonadonlarning biri xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan. Uy chet el fuqarolari boshchiligida ijaraga olingani va tavakkalchilikka asoslangan onlayn qimor o‘yinlari o‘tkazib kelinayotgani ma’lum bo‘lgan.

Tezkor tadbir davomida ashyoviy dalil sifatida 37 dona noutbuk va router, 1400 dollar pul, 34 ta sim karta, 7 ta telefon, 12 ta bank plastik kartasi dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.

Tergov jarayonida aniqlanishicha, 3 oy davomida ushbu qimorxonada 900 ming dollar aylantirilgan. Gumonlanuvchi sifatida 12 nafar chet el va 18 nafar O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olingan.

“O‘zbekiston hududida taqiqlanganidan xabarim bor, lekin bular o‘zimizni saytimiz, faqatgina ish olib boriladi, deyishgani uchun kelgandim. Yoshliq qildik, xato qildik, o‘ylab ko‘rmadik”, — deydi ulardan biri.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 278-moddasi 1-qismi (Qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish hamda o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayblanuvchilarga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni qonunga xilof ravishda tashkil etish yoki o‘tkazish, shu jumladan, ana shunday o‘yinlar uchun qimorxonalar tashkil etish yoki ularni saqlash 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishga sabab bo‘lishi mumkin.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston hududida 2007-yil 1-sentabrdan boshlab qimor va boshqa tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish va o‘tkazishga taqiqlar mavjud.

Prezident qarori bilan 2025-yil 1-yanvardan tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish va bukmekerlik faoliyatini amalga oshirishga ruxsat berildi. Bu qimor o‘yinlariga qaramlikning oldini olish va unga qarshi kurashish, mablag‘larning mamlakatdan chiqib ketishining oldini olishga qaratilgan, deya xabar bergandi ILMA.