Bangladesh bosh vaziri Shayx Hasina yuzlab odamlarning o‘limiga sabab bo‘lgan ommaviy norozilik namoyishlari fonida iste’foga chiqdi va mamlakatni tark etdi, deb xabar bermoqda Reuters.

Mahalliy matbuotning yozishicha, so‘nggi 15 yil davomida hokimiyat tepasida bo‘lgan 76 yoshli Hasina opasi bilan vertolyotda Hindistonga uchib ketgan.

Armiya shtab boshlig‘i general Vaker-Uz-Zamon Hasinaning iste’foga chiqqanini tasdiqladi va muvaqqat (vaqtincha) hukumat tuzilishini aytdi. U barcha siyosiy partiyalar yetakchilari bilan muzokaralar o‘tkazganini va yaqin orada prezident Muhammad Shahobiddin bilan uchrashib, keyingi qadamlarni muhokama qilishini qo‘shimcha qildi. Hukumatni kim boshqarishi hozircha noma’lum.

General, shuningdek, barcha Bangladesh xalqi uchun “adolat” va’da qildi va namoyishchilardan “bezarar va tinch yo‘lga qaytishni” so‘radi.

Minglab odamlar, shuningdek, bosh vazir rasmiy qarorgohi Ganabhabanga bostirib kirdi. Namoyishchilarning bir qismi u yerdan televizor, stul va stollarni olib chiqdi.

Namoyishchilar Shayx Hasinaning otasi va mustaqillik harakati yetakchisi Shayx Mujibur Rahmon haykali tepasiga chiqib, uning boshini bolta bilan uzayotgani aks etgan kadrlar paydo bo‘ldi.

Shayx Hasina. Foto: Delwar Hossain / Wikimedia.Shayx Hasina. Foto: Delwar Hossain / Wikimedia.

Nega norozilik namoyishlari boshlandi?

Bangladeshda norozilik namoyishlari iyul boshida boshlangandi. Mamlakatning elita universitetlari talabalari 1971-yilda Pokistondan mustaqillik uchun urushda qatnashgan faxriylarning qarindoshlariga davlat sektoridagi ish o‘rinlarining uchdan bir qismini zaxiralash tizimini o‘zgartirishni talab qilib ko‘chalarga chiqqan. Ularning aytishicha, tizim adolatsiz va ishchilar lavozimlarga xizmati asosida tanlanishi kerak.

Rasmiylar namoyishlarni kuch bilan bostirdi. Politsiya bilan to‘qnashuvlarda 200 dan ortiq odam halok bo‘ldi, 10 mingga yaqin odam hibsga olindi. Bu namoyishchilarni vaqtincha tarqatib yuborishga yordam berdi, ammo o‘limlarning ko‘pligi xalq noroziligini kuchaytirdi, deya ta’kidlaydi The New York Times. Natijada hafta oxirida namoyishlar mamlakat bo‘ylab tarqaldi va tartibsizliklarga aylanib ketdi, namoyishchilar Hasinaning iste’fosini talab qildi.

  • Shayx Hasina dunyodagi eng uzoq vaqt xizmat qilgan ayol hukumat rahbarlaridan biri edi. Yanvar oyida bosh vazir to‘rtinchi muddatga qayta saylangandi. Muxolifatdagi Bangladesh Milliy partiyasi (BNP) saylovlarni boykot qildi va hukmron partiyani soxta natijalarni qonuniylashtirishda aybladi. BNP, shuningdek, saylov kampaniyasi davomida 25 ming partiya a’zosi hibsga olingani va deyarli 10 million kishi qochishga majbur bo‘lganini aytdi.