Shavkat Mirziyoyev 5-avgust kuni raqobatni rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar taqdimoti bilan tanishdi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, so‘nggi besh yil ichida 25 dan ortiq mahsulot bo‘yicha raqobat muhiti yaxshilangan. 7 ta faoliyat turi bo‘yicha raqobatni cheklovchi eksklyuziv huquqlar bekor qilingan. Davlat ishtirokidagi korxonalar 42 foizga kamayib, tadbirkorlik subyektlari soni 1,6 barobar ko‘paygan.

O‘tgan yili “Raqobat to‘g‘risida"gi qonun yangi tahrirda qabul qilindi. Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga qo‘shimcha ta’sirchan vakolatlar berildi. Shu asosida olib borilgan o‘rganishlarga ko‘ra, ayrim tashkilotlarda raqobatga zid qarorlar qabul qilish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzish, savdoda ustun mavqedan foydalanish kabi holatlar bor.

Shu bois sohadagi ishlar qamrovi va samaradorligini oshirish maqsadida Raqobatni rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqildi. Unda iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish, bozorga kirishni erkinlashtirish, tadbirkorlarga teng sharoitlar yaratish bo‘yicha navbatdagi qadamlar belgilanadi.

Hujjat tadbirkorlarning bozorlarga erkin kirishini qiyinlashtiruvchi normativ-huquqiy moddalar va ortiqcha talablarni bekor qilishi rejalashtirilmoqda.

Tartibga solish yukini qisqartirishga qaratilgan yengilliklar joriy etiladi, jumladan, ruxsat beruvchi jarayonlar va litsenziyalar javobgarlikni majburiy sug‘urtalash bilan almashtiriladi.

Tabiiy monopoliya sohalarida mustaqil bozor regulyatorlari joriy etiladi. Tabiiy monopoliya sohalari bilan o‘zaro bog‘langan va raqobatni rivojlantirish imkoniyati bo‘lgan tovar bozorlarida tabiiy monopoliya subyektlari ishtiroki cheklanadi.

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisi Xalilillo To‘raxo‘jayev.Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisi Xalilillo To‘raxo‘jayev.

Bundan tashqari, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amalga oshiriladigan davlat xaridlari ko‘lami qisqartirilib, davlat xaridlari raqobatli usullarga to‘liq o‘tkaziladi. Raqobatni cheklovchi individual xususiyatga ega davlat yordami, shu jumladan, eksklyuziv huquq, imtiyoz, preferensiya va yengilliklar bekor qilinadi.

Davlat organlari axborot tizimlarini o‘zaro integratsiya qilish orqali ijtimoiy ahamiyatga ega mahsulotlar narxlari shakllanishi zanjirining barcha bo‘g‘inlarini raqamli monitoring qilish yo‘lga qo‘yiladi. Raqobatga qarshi kelishuv va xatti-harakatlar, til biriktirish holatlari haqida ma’lumot taqdim etgan shaxslarni oshkor etmaslik va mukofotlash tizimi joriy etiladi.

Konsepsiyani amalga oshirish natijasida energetika, neft-gaz, suv xo‘jaligi, yo‘l qurilishi, temir yo‘l va aeroport xizmatlari kabi qator sohalarda 17 turdagi davlat monopoliyasini bosqichma-bosqich tugatish choralari ko‘riladi

Bundan tashqari, davlat xaridlarida raqobatga zid harakatlarning oldi olinib, bu jarayonlarning shaffofligi ta’minlanadi. Tovar-xomashyo birjalarida takliflar ko‘paytirilib, xaridorlarning tanlash imkoniyati kengaytiriladi.

Prezident iqtisodiyotdagi davlat ulushini qisqartirish, ayrim funksiyalarni bosqichma-bosqich xususiy sektorga o‘tkazish zarurligini ta’kidladi. U tovar, moliya va raqamli bozorlarda raqobat holatini doimiy tahlil qilib, tartiblarni takomillashtirish bo‘yicha takliflar kiritib borish vazifasini qo‘ydi.

Oxirgi uch yil davomida joylarda raqobat qonunchiligiga zid bo‘lgan 2000 dan ortiq xatti-harakatlar aniqlangan. Aksariyat hollarda bu mahalliy hokimliklar va vazirliklarning hujjatlari hisoblanadi. Shu bois Raqobat qo‘mitasining hududiy boshqarmalari ishini jonlantirish, kadrlar malakasini oshirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.