Iqtisodchi, Nyu York universiteti professori Behzod Hoshimov “Gazeta.uz"ga bergan intervyusida nima uchun matni deyarli bir xil bo‘lgan konstitutsiyalar turli mamlakatlarda turlicha ishlashini tushuntirdi.

Jurnalist unga quyidagi savol bilan murojaat qildi:

“Tom Ginsburg bilan suhbatingizda konstitutsiyalar nima uchun kerakligi haqida gap boradi. Bundan tashqari, o‘zingiz ham konstitutsiya haqida fikr bildirasiz va yozasiz. AQSh konstitutsiyasi haqida bir hazilomuz gap bor: AQSh konstitutsiyasi mamlakat eng ko‘p eksport qilgan narsalardan biri deyishadi. AQSh konstitutsiyasiga eng o‘xshash hujjatlardan biri, masalan, Uganda konstitutsiyasi hisoblanadi. Lekin bu konstitutsiya Ugandani AQSh kabi boyitib yubormadi. Siz bular orasida qanday farq bor deb o‘ylaysiz?”

Behzod Hoshimovning qayd etishicha, bu haqda fikrlaganda, bir muhim jihat aytib o‘tilishi lozim, ya’ni AQSh konstitutsiyasi yozilayotgan vaqtda asosiy savol “Qanday qilib mamlakatni boyitib yuboramiz?” bo‘lmagan. Asosiy masala qanday qilib erkinlik va xavfsizlikni barqaror ravishda ta’minlash bo‘lgan.

“Ular (AQSh konstitutsiyasi mualliflari — tahr.) o‘qigan va badavlat odamlar guruhi bo‘lgan. Ular yana urush bo‘lsa yoki kolonializm bo‘lsa, bu muammolarga olib kelishini bilgan. Ular qanday qilib farzandlarimizning va vatandoshlarimizning haqlarini barqaror ravishda ta’minlay olamiz deyishgan. Qandaydir rivojlanib ketib, Angliyadan boy bo‘lib ketaylik, degan narsani ular orzu ham qilishmagan”, — deydi Behzod Hoshimov.

Iqtisodchining ta’kidlashicha, AQSh konstitutsiyasi yozilishi jarayonida bunday mulohazalar deyarli mavjud bo‘lmagan. Boyish unchalik muhim masala emasdi va eng muhimi ma’lum bir doira vakillarining erkinligini ta’minlash bo‘lgan.

“Erkinlik deganda ham, ularning vaqtida erkinlik nazarda tutilgan, ya’ni gap oq erkaklarning erkinligi haqida ketmoqda. Shuning uchun maqsad boyish emas. Ugandaga keladigan bo‘lsak, men nafaqat Ugandaniki, balki deyarli barcha konstitutsiyalar AQSh konstitutsiyasiga o‘xshab yozilgan deb o‘ylayman”, — dedi u.

Mutaxassis fikrlarini tushuntirish uchun AQSh konstitutsiyasi yozilishi bilan bog‘liq voqeani misol qilib keltirdi. Hozirgi AQSh Oliy sudi sudyasi Nil Gorsuchning kitobi ana shu jarayonlarda yangragan eng mashhur iqtiboslardan biri bilan nomlanadi: “Respublika bo‘ldi, agar siz uni saqlab qola olsangiz (A Republic, if you can keep it)”.

“Bu iqtibos qayerdan keladi? Bir guruh oq erkaklar tomonidan AQSh konstitutsiyasi yozilib, bandlari kelishilgach, ular tarqalayotganda bir qariroq ayol mualliflardan birini to‘xtatib: „Janob, nima bo‘ldi? Monarxiya bo‘lamizmi yoki jumhuriyatmi? Bu diskussiya nima bilan tugadi, balki Jorj Vashington qirol bo‘lar?“ deb so‘raydi. U odam esa jumhuriyat bo‘ldi, agar biz uni saqlab qololsak, deb javob beradi”, — deya voqeani tasvirladi iqtisodchi.

Behzod Hoshimovning ta’kidlashicha, konstitutsiya qog‘ozga tushirilgan so‘zlar hisoblanadi va unga ma’no beruvchi narsa kuchning taqsimoti sanaladi. Bu hujjatni yozgan odamlarda esa uning “siyohi qurib bo‘lmasidan” avval ham bu hujjat qanchalik ko‘pga cho‘zilishi, u qanchalik ishlab keta olishi bo‘yicha xavotirlar mavjud bo‘lgan.

“Shuning uchun Ugandadagi konstitutsiya ishlamasligi normalroq, AQShniki ishlayotgani esa qandaydir mo‘'jizaviy narsa. O‘zi qog‘ozda yozilgan narsa qanday qilib hayotda ishlashi metafizik ma’noda qiyin, qiziq narsa-da. Shuning uchun ham konstitutsiyani ko‘chirishdan ko‘ra uning ma’nosini anglash [qiyinroq]”, — deydi u.

Iqtisodchi, shuningdek, fikrini tushuntirish uchun mashhur iqtisodiy siyosatchi Duglas Nortdan quyidagi iqtibosni keltirdi: “Tiyib turish tizimlari qachon ishlaydi? Qachonki elita o‘shani o‘zi uchun yozsa. Agar elita xalq uchun konstitutsiya yozsa va o‘zi uchun istisno qilsa, demak, bu ishlamaydi”.

“Ya'ni AQSh konstitutsiyasi ishlab, boshqa qaysidir mamlakat konstitutsiyasi ishlamasligidagi farq unda nima yozilganida emas. Ixtiyoriy konstitutsiya, ixtiyoriy qonunlar jildi qanday bo‘lishidan qat’i nazar, hukmi va kuchi bor insonlarga taalluqli bo‘lsa hamda ular shu narsaga bo‘ysunishga majbur bo‘lsa, u narsa yaxshi yozilgan, lekin hukmi bor qatlam uchun ishlamaydiganidan ko‘ra ancha yaxshi. Agar ishlamasa, u narsa konstitutsiya emas, Duglas Nortning ta’riflari shu”, — dedi u.

Uning aytishicha, ba’zi tuzumlarda konstitutsiya elita va ba’zi insonlar uchun istisno qilinadi, ba’zi tuzumlarda esa konstitutsiya ichki elitar qonun-qoidalar hisoblanadi. Aynan mana shu sifat bilan tuzumlar farqlanadi.

“AQSh konstitutsiyasi ham yozilayotganda hech kim ayollar ovoz berishga haqli ekani haqida o‘ylamagan. Yoki qora tanli insonlarning qullikdan ozod etilishi haqida gap yo‘q. Shuning uchun ham bu AQSh aholisining kichik bir doirasini tashkil qiluvchi, oq tanli, yer egalari bo‘lgan erkaklar o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi qonun bo‘lgan deyapman”, — deb ta’kidladi Behzod Hoshimov.

Unga ko‘ra, keyinchalik hujjatdagi ma’no dastlabki o‘ylangan ma’nodan ko‘ra ancha kengaygan. Lekin mualliflar konstitutsiyani yozayotgan vaqtda faqatgina 13 ta koloniyadagi bir necha yuz mulkdor o‘zaro nizolarga bormasligi uchun qonun-qoidalar yozib olishni nazarda tutgan. Mulk nizolari bo‘lsa, hal qilish uchun sud degan tashkilot tuzilgan, uning sudyasi qanday saylanishi va qanday lavozimidan ketishi kelishilgan. Munosabatlarning shunday institutlar orqali hal qilinishini hujjatlashtirish uchun konstitutsiya yozilgan.

“Hozir, masalan, Ugandada qanday boyisak bo‘ladi degan savol bilan [konstitutsiya] yozishadi. Lekin o‘sha vaqtda bu juda ham primitiv hujjat edi. Lekin men konstitutsion tarix bo‘yicha mutaxassis emasman, Ginsburg kabi olimlar kitoblarini o‘qiganman, ular bilan suhbatlashganman. Hozirgi gaplarimni o‘sha tadqiqotlar va yozuvlar iste’molchisi sifatida gapiryapman”, — dedi iqtisodchi.

Jurnalist esa Behzod Hoshimovga to‘ldiruvchi savol bilan murojaat qildi: “Demak, konstitutsiya yozilayotganda asosiy ma’no o‘sha elita munosabatlarini tartibga solish va o‘sha elitaning o‘rniga keluvchilar qanday munosabatlarga kirishishini o‘ylab yozilganmi?”

“Juda to‘g‘ri gap. O‘sha elita ketganidan so‘ng keyingi guruh kelganida eski elitaning haqlari himoyalanishi nuqtai nazaridan ham yozilgan. O‘sha vaqtda hamma yerda, jumladan, AQShda ham kim kuchli bo‘lsa, barcha iqtisodiy resurslar ham o‘shanga tegishli bo‘lardi. Mavjud elitar qatlamning asosiy qo‘rquvi esa o‘z mulklarining noqonuniy musodara qilinishi edi va ular bunga qarshi vositalar yaratishga harakat qilishgan. Masalan, Jorj Vashington eng katta yer egalaridan biri edi. Ular nima qilsak bizning va farzandlarimizning mulkini markazdagi insonlar istalgan vaqtida tortib ololmaydi, deb o‘ylashgan”, — dedi Behzod Hoshimov.

Intervyuni to‘liq quyidagi havola orqali tomosha qilishingiz mumkin.