Andijon viloyati Xonobod shahrida 29−30−31-iyul kunlari “Dunyo sadolari” II xalqaro milliy estrada san’ati festivali bo‘lib o‘tdi.

Viloyat hokimligi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, festivalga jami 6 milliard so‘m mablag‘ sarflandi. Xalqaro festival davomida Xonobod shahriga mahalliy va xorijiy tashrif buyuruvchilar soni 2,5 barobar (2 mln nafar) ortgani qayd etildi.

Festivalni ochib berish uchun so‘zga chiqqan viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov bu tadbir aslida ikki yilda bir marta o‘tkazilishi reja qilingani, biroq prezident topshirig‘iga asosan bu yil ham tashkil etilganini bildirdi.

андижон, дuнё sadolari

“Xabaringiz bo‘lsa, bir yil oldin birinchi festivalni o‘tkazganmiz. Qaror bo‘yicha bu [festival] ikki yilda bir marta bo‘lishi kerak edi. Yaqindagina hurmatli prezidentimiz „Xalqing shuncha qo‘llab-quvvatlayapti, yoqyapti, har yili qilasan“, degan topshiriqni bergani uchun bu yil ham festivalning ikkinchi qismini davom ettiryapmiz”, — dedi u.

Festivalda mahalliy va Inna, Jah Khalib, Jony kabi xorijlik san’atkorlar chiqish qildi.

Ularni mamlakatga olib kelish xarajatlari haqida “Gazeta.uz”ning viloyat hokimligi axborot xizmati boshlig‘i Muslimbek Ibrohimovga bergan savoliga quyidagicha javob olindi:

“Gonorarlar haqida deyarli hamma axborot noto‘g‘ri berildi. Aslida, bu ma’lumotlar internet olamida ochiq. Google va Yandex orqali rasmiy manbalardan bemalol topasiz. Kimdandir so‘rash yoki alohida surishtirish shart emas buni”.

Matbuot kotibi yaqin orada bu bo‘yicha aniq ma’lumot berishga ishontirdi.

“Qo‘llaringdan balo ham kelmaydi baribir”

Tarmoqlarda festivalni yoritish uchun kelgan jurnalistlar tadbirga kiritilmagani haqida videoxabarlar tarqaldi.

Shundan so‘ng esa viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonovning kimga qarata aytilgani savolli bo‘lib qolgan quyidagi murojaati paydo bo‘ldi.

“Tushungan inson bo‘lsa, o‘zingizga eng yaqin inson deb qabul qilinglar. Mening gaplarimdan kavak qidirmanglar. Ovora bo‘lib yomonlik qidirmalaring. Qo‘llaringdan balo ham kelmaydi baribir. Ming o‘ylaganing bilan soching oqaradi yoki to‘kiladi xolos boshqa narsa bo‘lmaydi”, — degan hokim.

Tadbirda qatnashgan jurnalistlar bu ularga qarata aytilgani haqida xabar berdi. Jumladan, Darakchi.uz nashri xodimi o‘zi ayni shu jarayonda qatnashganini bildirib, “Hokim uchun jurnalistlar hech kimmi?” nomli maqola e’lon qildi.

M5 telekanalining Markaziy Studiya dasturida ham hokimning so‘zlari jurnalistlarga qarata aytilgani haqida so‘z bordi.

Biroq Muslimbek Ibrohimov yuqoridagilarni rad etdi. “Gazeta.uz” undan murojaat manzilini so‘radi va quyidagicha javob oldi:

“Bu ishga (jurnalistlarga — tahr.) taalluqli emas. Eshitgan bo‘lsangiz, gaplari oxirida kulimsirayapti. Shundan ham bilsangiz bo‘ladi, fikrlar mazmuni umuman boshqa ekanini. Jurnalistlarga aytmadi. Navbatdagi sun’iy negativga duch keldik, menimcha”, — dedi matbuot kotibi. Biroq savol baribir ochiq qoldi.

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi holat yuzasidan munosabat bildirdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hokim ushbu so‘zlarni viloyatda o‘tgan “Dunyo sadolari” xalqaro festivali bo‘yicha jurnalistlar bilan Xonobod shahrida o‘tkazilgan muloqotda gapirgan. Unda poytaxtdan kelgan bir guruh markaziy ommaviy axborot vositalari vakillari — jurnalistlar qatnashgan.

Muhtaram prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan mamlakatimizda ochiqlik siyosatini, matbuot va so‘z erkinligini, jurnalistlarning haq-huquqlarini ta’minlash, ularni huquqiy himoya qilish hamda har jihatdan qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotgan bir paytda Andijon viloyati hokimi jurnalistlarga qarata aytgan yuqoridagi so‘zlarini hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi, deb yozdi uyushma.

Jurnalistlar uyushmasi yangilangan Konstitutsiyaning 82-moddasida OAV faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘lishi belgilanganini eslatdi.

Barcha mutasaddi rahbarlarni bosh qomusimizda mustahkamlab qo‘yilgan ushbu normaga ham qat’iy amal qilishga chaqiradi. Uyushma Andijon viloyati hokimi bilan bog‘liq yuqoridagi holatni qoralaydi. O‘z navbatida, ushbu holat bo‘yicha tegishli organlardan qonunchilikda belgilangan talablarga muvofiq munosabat bildirishini so‘raydi, deyiladi bayonotda.

андижон, дuнё sadolari

андижон, дuнё sadolari

андижон, дuнё sadolari

андижон, дuнё sadolari