Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ilk bor Amerikaning F-16 qiruvchi samolyotlari qabul qilib olinganini e’lon qildi. Yangi samolyotlarni armiya tarkibiga kiritish marosimi 4-avgust — Harbiy-havo kuchlari kunida bo‘lib o‘tdi.

“F-16 Ukrainada. Biz buni amalga oshirdik”, — deb yozdi Zelenskiy o‘zining Telegram kanalida.

“Men ushbu samolyotlarni sifatli darajada o‘zlashtirayotgan va ularni davlatimiz uchun ishlata boshlagan barcha yigitlarimiz bilan faxrlanaman. Bu natija uchun jamoamizga minnatdorlik bildiraman. F-16 borasida haqiqatan ham samarali yordam berayotgan barcha hamkorlarimizga va samolyotlarni taqdim etish haqidagi so‘rovimizni qabul qilgan birinchi davlatlar — Daniya, Niderlandiya, Qo‘shma Shtatlarga va barcha hamkorlarimizga minnatdorlik bildiraman — biz sizning yordamingizni qadrlaymiz!” — deya qo‘shimcha qildi u.

Zelenskiy mamlakatga qancha samolyot kelganiga aniqlik kiritmadi. Britaniyaning Economist jurnali esa Ukraina rejalashtirilgan 79 ta F-16 qiruvchisidan 10 tasini iyul oyining oxirgi kunida olganini xabar qildi. Yana 10 ta samolyot Kiyevga shu yil oxirigacha yetib borishi kerak, qolganlari esa 2025-yilda partiya holida keltiriladi.

Nashr bilan suhbatlashgan mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaning F-16 samolyotlarini olishda uzoq vaqt kechikishi, birinchi navbatda, ukrainalik uchuvchilar uchun o‘quv o‘rinlari yo‘qligi bilan izohlanadi. Lisoniy qiyinchiliklar, shuningdek, qiruvchilarni qabul qilishda infratuzilmani yaratish uchun zarur bo‘lgan vaqt ham o‘z ta’sirini ko‘rsatgan, chunki F-16 rus analoglariga qaraganda ko‘proq texnik xizmat ko‘rsatishni talab qiladi.

Ukraina va G‘arb rasmiylarining fikricha, topshirilgan F-16 samolyotlari jang maydonidagi vaziyatni darhol o‘zgartira olmaydi, deb yozadi The Washington Post. Gazetaning ta’kidlashicha, samolyotlar soni “juda oz” bo‘ladi, ularni urib tushirishga qodir bo‘lgan Rossiya havo mudofaa vositalari esa “juda ko‘p”. “Bu shuni anglatadiki, dastlabki F-16 samolyotlari, ehtimol, Ukraina havo mudofaasini kuchaytirish uchun xizmat qiladi — raketalar, dronlar va samolyotlar kabi havo nishonlarini yo‘q qilish uchun, Rossiyaning quruqlikdagi qo‘shinlari va front yaqinidagi boshqa harbiy obyektlarga hujum qilish uchun emas”, — deb yozilgan maqolada.

Iyul oyi boshida Daniya va Niderlandiya hukumatlari AQSh ko‘magida F-16 samolyotlarini Ukrainaga “topshirish” jarayonida ishtirok etayotganini e’lon qilgandi. Niderlandiya Kiyevga 24 ta, Daniya 19 ta qiruvchini yetkazib berishni va’da qilgan.

  • 2023-yilning may oyida Qo‘shma Shtatlar Yevropadagi ittifoqchilari bilan F-16 samolyotlarida ukrainalik uchuvchilarni o‘qitishga kelishib olgan. Qaror Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga ushbu samolyotlarni Kiyevga jo‘natish to‘g‘risida e’lon qilish imkonini berdi, chunki Amerika harbiy texnikasini qayta sotish faqat AQSh roziligi bilan amalga oshadi.
  • Ukrainaning hozirgi havo floti asosan Sovet davridagi MiG-29 va Su-27 qiruvchi samolyotlaridan iborat. Ulardan farqli o‘laroq, F-16 uzoq masofalardagi dushman nishonlariga o‘q uzishi va yuqori aniqlikdagi bombalarni ishga tushirishi mumkin.