Futbol bo‘yicha O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi Timur Kapadze 5-avgust kuni matbuot anjumani o‘tkazib, terma jamoaning Olimpiadaga chiqish yo‘li, unga tayyorgarlik va turnir yakunlari haqida gapirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bundan uch yarim yil avval futbol assotsiatsiyasi rahbariyati Olimpiadaga yo‘llanma olish vazifasini qo‘ygan va buning uchun “Olimpik” futbol klubi tashkil etilgan.

“Bu jamoa ilk mavsumdanoq nimalarga qodirligini ko‘rsata oldi. Pro ligadan Superligaga yo‘l ola bildik va shu davrga qadar stabil o‘yin ko‘rsatib kelmoqda. Umuman olganda, 4 ta yirik musobaqada ishtirok etdik. Muxlislarimiz ishonchini oqlashga harakat qildik. Xudoga shukur, yuzimiz yorug‘ bo‘ldi. Eng asosiy vazifa — Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritdik. Qolgan turnirlarda ham munosib ishtirok eta oldik, deb o‘ylayman”, — dedi u.

42 yoshli mutaxassis qo‘llab-quvvatlagani uchun O‘FA rahbariyati va muxlislariga, shuningdek, murabbiylar shtabi, xodimlar va prezidentga minnatdorchilik bildirdi. “Futbolimizni yangi bosqichga olib chiqish yo‘lida bor imkoniyatimizni ishga soldik. Endi bu tarix”, — dedi u.

Tayyorgarlik va legionerlar haqida

Toshkent viloyati Dukent shahridagi o‘quv yig‘ini. Foto: O‘FA.Toshkent viloyati Dukent shahridagi o‘quv yig‘ini. Foto: O‘FA.

Uning so‘zlariga ko‘ra, terma jamoa finalda Yaponiyaga imkoniyatni boy berib, ikkinchi o‘rinni egallagan Osiyo kubogidagi ishtirokidan so‘ng Olimpiadaga tayyorgarlik ko‘rish uchun yetarli vaqt bo‘lmagan.

“Ko‘p legionerlarimizda chempionatlar tugagandi, kimdirlardadir charchoq sezildi, ba’zilar jamoa almashtirdi. Balki oldimizda ko‘proq vaqt bo‘lganda boshqacha bo‘larmidi. Tayyorgarlikka kelsak, aytganimdek, vaqtimiz ko‘p emasdi. Tarkib shakllantirishda, o‘ziga yarasha, qiyinchiliklar bo‘ldi. Dukentda ham legionerlarsiz tayyorgarlik ko‘rishga to‘g‘ri keldi”, — deydi Kapadze.

“Yoshi katta futbolchilarimizning iqtidori, kuchini hammamiz yaxshi bilamiz. Futbolchilar bundan ko‘prog‘iga qodir edilar. Ularga minnatdorchilik bildiraman. Ular uchun ham, biz uchun ham foydali bo‘ldi. Bu jamoaviy o‘yin. Eng asosiysi — biz barcha uchrashuvda g‘alaba qozonsak bo‘lardi, qayerdadir omad yetishmadi”, — dedi murabbiy.

Ispaniya va Misr bilan o‘yinlar haqida

олимпиада 2024, париж 2024, тимuр кападзе, futbol

Bosh murabbiy Ispaniyaga qarshi Olimpiadadagi ilk o‘yin haqidagi savollarga ham javob berdi.

“Ispaniyaning oxirgi o‘yinlarini tahlil qildik. Albatta, o‘ziga yarasha kamchiliklarimiz ham bo‘ldi. O‘yinga qo‘ygan strategiyamiz yaxshi ishladi, ayniqsa, birinchi bo‘limda ish berdi. Lekin ikkinchi bo‘limda Ispaniyaga imkoniyat berdik. Ularga qarshi to‘g‘ri pressing qilib, imkoniyatlarga ega bo‘ldik”, — dedi u.

“Bu o‘yindan keyin jamoa bilan ularning va o‘zimizning o‘yinimizni tahlil qildik. Biz o‘sha kuni raqibdan kuchsiz emasdik, eng kamida durang qayd etishimiz mumkin edi. Umuman olganda, bundan ko‘prog‘ini kutgandik, biroq bizga omad yetishmadi. Eng muhimi biz katta tajribaga ega bo‘ldik”, — deydi Kapadze.

Mutaxassis yarim himoyachi Jasur Jaloliddinovning charchoqlari tufayli Misr bilan o‘yinda uni almashtirishga to‘g‘ri kelganini aytdi.

“Birinchi o‘yinda ham ko‘p kuch yo‘qotdik. Raqib qarshi hujumlarda bizga muammo tug‘dirdi. Ular zich himoyalanishdi, lekin yetarlicha imkoniyatlarimiz bo‘ldi”, — deydi u.

Kalendar haqida

олимпиада 2024, париж 2024, тимuр кападзе, futbol

Timur Kapadzening so‘zlariga ko‘ra, birinchi o‘yin ko‘p narsaga oydinlik kiritadi.

“Ilk uchrashuv ko‘p narsaga oydinlik kiritadi. Birinchi o‘yinda yutsangiz, keyingi o‘yinlarda bosim bo‘lmaydi. Biroq taqvim bizga bog‘liq bo‘lmagan holat edi. Raqiblarimiz ham o‘ziga yarsha kuchli. Bu musobaqada kuchsiz jamoa yo‘q edi”, — deydi bosh murabbiy.

Murabbiy “hech bir futbolchiga nisbatan e’tirozi yo‘qligini” aytdi.

“Aytganimdek, biz bundan ko‘prog‘ida qodir edik. Vatan jamoasini sevishda, qo‘llab-quvvatlashda charchamanglar. Futbolchilarimizni yaxshi kunida ham, qiyin kunida ham yonida bo‘laylik. Ular ham bu mas’uliyatni his qilishib maydonda boshqacha harakat qilishadi”, — dedi u.

Timur Kapadze so‘nggi uch yarim yil davomida olmay kelgan ta’tilga chiqish rejalarini e’lon qildi.

“Shu vaqt ichida olimpiya terma jamoasi tarkibida to‘rtta yirik musobaqada qatnashdik. “Olimpik” bilan Superligada ham ishtirok etganmiz. Umuman olganda, bo‘sh vaqtim deyarli yo‘q edi. Lekin men bundan shikoyat qilmayman. Biz asosiy vazifani bajardik. Olimpiya o‘yinlarida qatnashdik. Loyihadagi missiyam yakunlandi. Yil oxirigacha dam olmoqchiman. “Olimpik”ni yordamchi murabbiylar boshqaradi”, — dedi u.

U “Olimpik” futbol klubining kelajagi qanday bo‘lishini bilmasligini tan oldi. “Buni rahbariyat hal qiladi. Menga kelsak, ta’tildan keyin nima qilishimni o‘ylab ko‘raman”, — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston “S” guruhida Ispaniya (1:2), Misr (0:1)ga mag‘lub bo‘ldi va Dominikan Respublikasi bilan durang o‘ynadi (1:1) hamda turnirni so‘nggi o‘rinda yakunladi.