3-avgust kuni Rossiyaning Krasnoyarsk shahridan Toshkentga uchayotgan yo‘lovchi samolyoti do‘lga duch keldi. Bu haqda Uzbekistan Airways matbuot xizmati xabar berdi.

Krasnoyarsk-Toshkent yo‘nalishidagi aviaqatnovni amalga oshirayotgan A320 samolyoti Rossiya va Qozog‘iston chegarasida do‘lga duch kelgan. Xabarda aytilishicha, bu 11 000 metr balandlikda uchayotgan samolyot uchun “anomal meteorologik hodisa” hisoblanadi.

Do‘l oqibatida havo kemasi oldi oynalari shikastlangan. Parvoz belgilangan protseduralar amalga oshirilganidan so‘ng davom etgan.

Qayd etilishicha, samolyot bortida 174 nafar yo‘lovchi va 6 ekipaj a’zosi bo‘lgan. Xabarda ular jarohat olgani haqida ma’lumot yo‘q.

Toshkentga javdalga muvofiq qo‘nilgan. Tekshiruvda samolyotning meteolokator burun konusiga zarar yetgani aniqlangan.

Hozirda shikastlangan qismni ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Yaqin kunlarda havo kemasi muntazam ravishda parvozlarni amalga oshirishni boshlaydi, deyiladi xabarda.

Uzbekistan Airways`ning ta’kidlashicha, do‘l yog‘ishi parvozlarni davom ettirishga tahdid yoki jiddiy muammo tug‘dirmaydi.