Yaponiya bosh vaziri Fumio Kishida mintaqaning besh yetakchisi bilan uchrashuvda Markaziy Osiyoga iqtisodiy yordam paketini e’lon qilmoqchi. Bu haqda hukumat vakillariga tayanib The Japan Times nashri xabar berdi.

Yordam paketi Rossiya hududini chetlab o‘tib, Kaspiy dengizi orqali Markaziy Osiyo va Yevropani bog‘lashi kutilayotgan yangi savdo yo‘lini yaratishga qaratilgan.

Yaponiya bosh vaziri Qozog‘istonning Ostona shahrida C5+1 sammiti doirasida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston prezidentlari bilan uchrashishni rejalashtirmoqda. 9−12-avgust kunlari Kishida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Mo‘g‘ulistonga tashrif buyuradi.

Jiji Press xabariga ko‘ra, sammit yakunlari bo‘yicha Yaponiya va Markaziy Osiyoning besh davlati rahbarlari qo‘shma bayonotida qonun ustuvorligi muhimligini ta’kidlaydi. Kishida, shuningdek, mintaqaga dekarbonizatsiya, logistika tarmoqlarini rivojlantirish va inson resurslarini rivojlantirishda yordam berishni va’da qiladi.

Iyul oxirida AQSh davlat kotibining Yevropa va Yevrosiyo masalalari bo‘yicha yordamchisi Jeyms O’Brayen Vashington Rossiya va Xitoyni chetlab o‘tib, Armaniston va Ozarbayjon hududlari orqali Markaziy Osiyodan jahon bozorlariga yangi quruqlik yo‘lagi yaratish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini aytgandi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu Amerikaning Markaziy Osiyo davlatlariga jahon bozorlariga chiqishda o‘z yo‘lini tanlash imkonini berishga qaratilgan sa’y-harakatlarining bir qismidir.