Nikkei 225 birja indeksi (TSE Tokio fond birjasining asosiy ko‘rsatkichi bo‘lib, u Yaponiyaning 225 ta eng yirik kompaniyasi aksiyalarini o‘z ichiga oladi) 5-avgust kungi savdolar yakunida 12,4 foizga — 31 458,42 punktgacha tushib ketdi, deb yozdi RBK.

Minimalda indeks 13,23 foizga tushib, 31 156,12 punktni tashkil qildi.

Kun davomida Nikkei 225 indeksi 4451,28 punktga tushib ketdi, bu esa 1987-yil 20-oktabrdagi “qora dushanba” ko‘rsatkichidan oshdi va yangi rekord darajadagi qulash bo‘ldi. O‘shanda kun davomida indeks 3836,48 punktni yo‘qotgan, foizlarda qulash 14,9 foizni tashkil etgandi.

yaponiya, yaponiya fond bozori

Nikkei 2008-yil oktabr oyidagi global moliyaviy inqiroz paytida 11,4 foizga, 2011-yil mart oyidagi zilzila paytida esa 10,6 foizga tushgandi.

Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, iyena kursining dollarga nisbatan ko‘tarilishi (shu sababli yapon eksportchilarining daromadlari kamayishi kutilmoqda), pul-kredit siyosatining keskinlashuvi va AQShda iqtisodiy ma’lumotlarning yomonlashishi tufayli investorlarning ishonchi pasayib ketgan. 30−31-iyul kunlari bo‘lib o‘tgan ikki kunlik yig‘ilish yakunlari bo‘yicha Yaponiya banki foiz stavkalarini 0−0,1 foizdan 0,25 foizga ko‘tardi — bu 15 yildagi maksimal ko‘rsatkich. U, shuningdek, pul-kredit siyosati bundan keyin ham qat’iylashishi ehtimoliga ishora qildi.

Ienadagi kerri-treyd savdolari (carry trade; AQSh Federal rezerv tizimi va Yaponiya banki o‘rtasidagi foiz stavkalari farqidan foyda olishga qaratilgan savdolar) yapon valyutasining past volatilligi tufayli rivojlanayotgan bozorlarda eng ommaboplaridan biri bo‘lgandi, shu sababli investorlar stavkalar minimal darajada qolishini kutgandi, deb yozdi Bloomberg.

Agar ilgari mahalliy fond bozori ishtirokchilari qadrsizlanayotgan iyenani qarzga olib, bu summadan Amerika dollarlarini sotib olishni afzal ko‘rgan bo‘lsa, pul-kredit siyosatining keskinlashuvi ortidan iyenaning jahon zaxira valyutasiga nisbatan keskin kuchayishi munosabati bilan ularning strategiyasi o‘zgardi. Bu holat spiral effektga sabab bo‘ldi.

Yaponiya indekslarining pasayishi Nikkei 225 ham, Topix ham 2024-yil boshida iyenaning zaiflashuvi va texnologik kompaniyalar aksilaridagi global o‘sish sharoitida tarixiy maksimumga (1989-yildan beri birinchi marta) erishganidan keyin sodir bo‘ldi.

Investorlar uchun dushanba deyarli barcha Osiyo fond bozorlarida pasayish bilan boshlandi. Shanxay fond birjasi indeksi 1,54 foizga, Janubiy Koreyaniki — 8,77 foizga, Istanbulniki — 6,7 foizga tushdi. MSCI Singapore indeksi 2,9 foizga, Gonkongning Hang Seng indeksi esa 1,6 foizga kamaydi. Keyinchalik qulash Yevropaga tarqaldi, u yerda umumiy Yevropa indeksi STOXX 600 2,3 foizga va Londonning FTSE 100 indeksi esa 2,8 foizga tushib ketdi.

AQShda S&P 500 indeksi 4,1 foizga, Nasdaq texnologik indeksi esa 6,3 foizga quladi.