Parijda o‘tayotgan yozgi Olimpiya o‘yinlarida 4-avgustga o‘tar kechasi qirg‘izistonlik bokschi Munarbek Seyitbek o‘g‘li amerikalik Harvey Jahmalga qarshi chorak final jangini o‘tkazib, yarim finalga chiqdi.

Jang davomida unga O‘zbekiston delegatsiyasidan borgan murabbiy Akmal Hasanov sekundantlik qildi. Munarbekning shaxsiy murabbiyi Beganas Sultanbayev esa jangni ekran orqali tomosha qildi.

Sportchi tanishtiruv vaqtida ringga ikki murabbiyi bilan chiqdi. O‘zbekistonlik murabbiy jangdagi tanaffus davomida Munarbekning yuziga suv sepib turgan va unga jang usullari haqida kerakli maslahatlar bergan.

Gap shundaki, tarmoqlarda keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Munarbekning shaxsiy murabbiyi Beganas Sultanbayev akkreditatsiya muammolari sabab Parijga bora olmagan. Qirg‘izistonning KaktusMedia nashri mamlakatning Sport departamenti rahbari Aybek Abdimomunovning holatga bergan izohi haqida quyidagilarni yozmoqda.

“Ijtimoiy tarmoqlarda Munarbekning shaxsiy murabbiyi Parijga bormaganligi muhokama qilinmoqda. Munarbek shu yilning iyun oyida uzoq kutilgan Olimpiada uchun litsenziya oldi. Biroq, murabbiylarni akkreditatsiyadan o‘tkazish mart oyida yakunlandi. Litsenziya turnirlarida bir necha bokschilar ishtirok etishdi va ularning qaysi biri litsenziya olishi noma’lum edi, shuning uchun akkreditatsiyadan bosh murabbiy o‘tdi. Olimpiadaga tayyorgarlik qanchalik puxta ketayotganini hammamiz bilamiz. Shu munosabat bilan faqat bosh murabbiyga ruxsat berildi”, — deyiladi bayonotda.

Qirg‘izistonlik huquq himoyachisi Gulshayir Abdirasulova holat haqida Facebook`da post yozib, shaxsiy murabbiyning Olimpiadaga bormaganini Milliy olimpiya qo‘mitasi va Qirg‘iziston madaniyat vazirligi tomonidan “sharmandalik va mas’uliyatsizlik” deb atagan. Qirg‘izistonliklar mamlakat MOQdan murabbiyni yarim finalda sportchini qo‘llab-quvvatlash uchun Parijga jo‘natishni so‘ramoqda.

Murabbiy chorak final jangini o‘z uyida ekran orqali tomosha qildi va shogirdining g‘alabasiga emotsional tarzda reaksiya bildirdi.

O‘zbekistonlik murabbiy Akmal Xasanov “Gazeta.uz” bilan suhbatda Munarbek Seyitbek o‘g‘lini yaxshi tanishini, u O‘zbekistonga yig‘inga tez-tez kelib, o‘zbekistonlik sportchilar bilan birga mashg‘ulotlar olib borganini aytdi. Qolaversa, o‘zbekistonlik murabbiylar boks bo‘yicha Qirg‘iziston terma jamoasi bosh murabbiyi Doniyor To‘log‘on uulu bilan ham yaxshi munosabatda.

— Munarbek Olimpiadaga yolg‘iz kelgani uchun biz bilan mashg‘ulot o‘tkazdi. U mendan yordam berishimni iltimos qildi. Qardosh davlatlarimiz do‘stona munosabatlarga ega, biz unga yordam berishdan xursand bo‘ldik. U tarixga kirdi va Qirg‘iziston tarixida boks bo‘yicha birinchi Olimpiada sovrindori bo‘ldi", — dedi u.

Akmal Xasanov qirg‘izistonlik bokschiga raqiblarni analiz qilish va mashg‘ulotlarda yordam berayotganini aytdi.

Ma’lumot uchun, yarim finalga chiqqan Munarbek Seyitbek o‘g‘li keyingi jangini 9-avgustda bolgariyalik Haviyer Ibanez Diazga qarshi o‘tkazadi. Ayni shu vazn toifasida yana bir yarim final jangi o‘zbekistonlik Abdumalik Halokov va avstraliyalik Charli Senior o‘rtasida bo‘lib o‘tadi. Agar ikkala tomonda ham Markaziy Osiyo vakillari g‘alaba qozonsa, o‘zbek va qirg‘iz sportchilari finalda to‘qnash kelishi mumkin.