Toshkent viloyati Bekobod tumanida huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari bilan birgalikda noqonuniy qum-shag‘al aralashmalarini qazib olinayotgan shaxslar aniqlandi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz”ga Ekologiya vazirligi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, tumanning Achamayli mahallasi hududidan oqib otuvchi Sirdaryo daryosining chap qirg‘og‘ida yuk ortgich mashina yordamida qum, qum-shag‘al aralashmalari Howo hamda “Zil” yuk mashinalariga yuklab chiqib ketilayotgan bo‘lgan.

Holat oqibatida tabiatga 87 mlrd 651 mln 83 ming 344 so‘mni tashkil etgan. Holat bo‘yicha 3 ta yuk tashuvchi avtotransport vositasi vaqtinchalik saqlab turish uchun Bekobod shahar hududida joylashgan jarima maydonchasiga joylashtirilgan.

Qonun buzilish holatiga huquqiy baho berish uchun kerakli hujjatlar huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim qilingan.

Avvalroq Bosh prokuratura Chirchiq daryosining qo‘riqlash zonasida 10 dan ortiq tadbirkor moratoriyga qaramay, noqonuniy ravishda qum-shag‘al qazib olishda davom etayotgani haqida xabar bergandi. Qurilish materiallari zavodi ham ishlamoqda. BP kompaniyalarning litsenziyalari haligacha bekor qilinmaganini afsus bilan qayd etgan.

2022-yil iyul oyida Senat daryo va soylardagi qum va shag‘allarni qazish oqibatida suv resurslarining kamayishi masalasini ko‘rib chiqqandi. “Daryolarning egasi yo‘qdek, suvning egasi yo‘qdek… Daryo o‘zanlarini tozalash, daryo o‘zanlaridan foydali qazilmalar qazib olishga qat’iy cheklov o‘rnatish vaqti keldi, deb hisoblayman”, — degandi o‘shanda senator Risqul Siddiqov.

2023-yil iyun oyida ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov vazirlik qurilish maqsadlarida daryo o‘zanlaridan shag‘al va qum qazishni taqiqlash niyatida ekanini ma’lum qilgan edi. Buning uchun qum-shag‘al materiallarini qazib olishning yangi manbalarini ochish zarur, degan u.

2024-yil 1-may kuni prezident farmoni bilan Chirchiq, Sangzor, Zarafshon, Norin, Qashqadaryo va Surxondaryo daryolari o‘zanlarida noruda materiallarni qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy etilgandi.