Adliya vazirligi tashabbusi bilan ishlab chiqilgan “Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazildi. Ushbu qonun loyihasi ko‘plab muhim masalalarni qamrab olgani bilan, uning ayrim moddalari fuqarolar va mutaxassislar orasida norozilik keltirib chiqardi.

Qonun nima haqida?

Qonunning maqsadi shaharsozlik renovatsiyasi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat. Quyidagilar shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirish uchun asos hisoblanadi:

  • shaharsozlik renovatsiyasi hududidagi yer uchastkalarini qayta rejalashtirish;
  • shaharsozlik renovatsiyasi hududida joylashgan turar va noturar joy obyektlar yashash, foydalanish, ishlatish uchun yaroqsiz bo‘lib, avariya holiga kelib qolgani;
  • hudud aholisining ijtimoiy hayotiga jiddiy ta’sir qiladigan holatlarning mavjudligi;
  • shaharsozlik renovatsiyasi hududida joylashgan turar va noturar joy obyektlardan foydalanish noqulay ekani hamda ulardan foydalanish samarasiz ahvolga kelib qolgani;
  • shaharsozlik renovatsiyasi hududida joylashgan turar va noturar joy obyektlarning muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmalari zamonaviy talablarga javob bermasligi, energiya samaradorlik ko‘rsatkichlari past ekani;
  • shaharsozlik renovatsiyasi hududida atrof-muhitning me’moriy qiyofasi ekologik jihatdan zararli bo‘lib qolgani.

Quyidagilar shaharsozlik renovatsiyasining asosiy maqsadi hisoblanadi:

  • renovatsiya loyihasi asosida hududni me’moriy, ijtimoiy, iqtisodiy va ekologik jihatdan samarali holatga keltirish;
  • yashash, foydalanish, ishlatish uchun yaroqsiz deb topilgan avariya holatidagi uy-joy fondini inson yashashi va foydalanishi uchun yaroqli holga keltirish;
  • hudud aholisining ijtimoiy hayotiga jiddiy ta’sir qiladigan holatlarni bartaraf etish;
  • uy-joy fondidan foydalanish qulayligi va unumdorligini oshirish hamda undagi sharoitlarni yaxshilash;
  • zamonaviy mezonlarga javob beradigan muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmani yaratish, energiya samaradorlik ko‘rsatkichlarini yaxshilash.

Shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirish renovatsiya loyihasiga asosan renovatsiya hududida yer uchastkalarini qayta rejalashtirgan holda bino-inshootlarni me’moriy, ijtimoiy, iqtisodiy va ekologik jihatdan samarali holatga keltirish yuzasidan amalga oshiriladigan quyidagi shakllardan iborat:

  • mavjud obyektni asosiy konstruksiyasini o‘zgartirmasdan rekonstruksiya qilish;
  • mavjud obyektlarni buzish va bo‘shagan yer uchastkasida buzilgan obyekt toifasidagi yangi obyektni qurish;
  • mavjud obyektlarni buzish va bo‘shagan yer uchastkasida boshqa toifadagi yangi obyektni qurish yoki yashil hududlarni va boshqa hududiy zonalarni tashkil etish.

Shaharsozlik renovatsiyasi dasturi doirasida ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan shaharsozlik renovatsiyasi dasturini amalga oshirish shakllarining biri yoki bir nechtasi qo‘llanishi mumkin.

Qonunning tahliliy materialida aytilishicha, bugungi kunda, turar va noturar joy obyektlarining energotejamkorligini oshirish, yashil hududlarni ko‘paytirish, shaharlarning tashqi arxitekturaviy qiyofasini yangilash, avariya holatidagi va eskirgan obyektlarni buzish va qayta qurish jarayonlari hamda mulkdorlarning huquqlari himoyasini huquqiy jihatdan to‘g‘ri tartibga solish maqsadga muvofiq.

“Ayni paytda respublikada 42 minga yaqin ko‘p kvartirali uylar mavjud bo‘lib, ularning 30 795 tasi (73 foiz) 1991-yilgacha qurilgan, shundan 1 032 tasi instrumental texnik ko‘rikdan o‘tkazish talab etiladigan, 223 tasi seysmik zaif bino-inshootlar ekanligi aniqlangan. Shu bois, renovatsiya asosida uy-joy fondi obyektlarini me’moriy, iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik jihatdan yangilash (renovatsiya qilish) zaruriyati yuzaga kelmoqda”, — deyiladi unda.

Jamoatchilik noroziligi

Loyiha jamoatchilik va mutaxassislar tomonidan tanqid qilinmoqda. Bu tanqidlar, asosan, qonun loyihasida mulkdorlarning huquqlarini yetarlicha himoya qilmasligi, yer uchastkalarini qayta rejalashtirish jarayonida yerlarning samaradorligini ta’minlash haqida yetarlicha aniq ko‘rsatmalar mavjud emasligi va renovatsiya jarayonida eski aholi uchun qurilgan uylar va yangi investorlarga qurilgan uylar o‘rtasidagi sifat farqlari aniqlik bilan tartibga solinmagani sabab yuzaga kelmoqda.

Xususan, Ekologiya vaziri maslahatchisi va sobiq deputat Rasul Kusherbayev “bordi-yu loyiha shu turishda o‘tib ketsa, unda istagan odamning uy-joyi yoki boshqa ko‘chmas mulkini renovatsiya bahonasida buzib tashlab, olib qo‘yish mumkin bo‘lishi” haqida yozdi.

“E’tibor qilgan bo‘lsangiz renovatsiya qilishning chegarasi deyarli yo‘q. Istagan odam, istagan yerini renovatsiya qilaman degan niqob bilan yuqoridagi asoslarga kiritib, olib qo‘yishi mumkin. Qonun loyihasida bir guruh lobbistlarga ishora qiluvchi belgilar ko‘rinib turibdi. Aftidan xususiy mulk daxlsizligiga tupurib qo‘yadigan ayrim biznes guruhlarning ta’siri bo‘lsa kerak”, — deb yozdi vazir maslahatchisi.

Iqtisodchi Otabek Bakirov ham qonun loyihasi haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

“Bir qarashda loyihada qator muhim mezonlarga amal qilingandek. Masalan, renovatsiya amalga oshirish uchun mulkdorlarning umumiy yig‘ilishini o‘tkazish va ularning kamida uchdan ikki qismining notarial tasdiqlangan yozma roziligini olish belgilangan. Lekin hududdagi har bitta ko‘p qavatli uy uchun eng kam rozilik ulushi aniqlashtirilmagan (har bir ko‘p qavatli uyda kamida 51 foiz qoidasi kiritilishi kerak)”, — deb yozdi iqtisodchi.

“Shuningdek, zichlashtirish normasi yo yashil hudud ulushi haqida biron talab qo‘shilmagan. Normal, odamxo‘r bo‘lmagan davlatlarda renovatsiyada zichlikning oshirish nisobiga amal qilinadi. Ilgari 1000 kishi yashagan mavzega 10000 odam yashaydigan „chumolixona“ qurilmaydi. Renovatsiya hududida zichlashtirish hisobiga qo‘shimcha bog‘cha, maktab va poliklinika qurish majburiyatlari qo‘shilmagani o‘zi og‘ir bo‘lgan ijtimoiy muammolarni faqat oshirishi mumkin”, — deydi Bakirov.

Iqtisodchi qonunda kompensatsiya berishda, “bu xonadon ko‘rinishda bo‘ladimi yo pul ko‘rinishidami, bozor narxiga nisbatan oshiruvchi koeffitsiyentlarning eng kam miqdori kiritilmagan”iga ham e’tibor qaratdi.

“Loyihada renovatsiya jarayonida raqobat prinsiplariga amal qilinishi haqida biron ishora yo‘q. Bu agar, aytaylik, auksion yo konkurs talablari kiritilmasa, renovatsiya bilan hokimiyat bilan kelishib olgan, oldindan tayinlangan sherik korchalonlar shug‘ullanadi degani. Biling, renovatsiyaga boylar yo chinovniklar yashayotgan hududlar emas, birinchi navbatda aynan kam ta’minlangan, o‘z hududi va huquqini mustaqil himoya qilishi qiyin bo‘lgan vatandoshlar yashaydigan, ayni vaqtda korchalonlar nazdida buzib, qayta qurib, sotib katta foyda qilish uchun ko‘z ostiga olingan mavzelar tushadi”, — deya yozdi Otabek Bakirov.

Moskva xalqaro arxitektura akademiyasi akademigi, Xalqaro arxitektorlar uyushmasi professori Baxtiyor Магдиев Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, renovatsiya avvalo — ta’mirlash dasturidir. Renovatsiyaga sabab bo‘luvchi yagona omil bu — obyektning avariya holatida ekani. Boshqa sabab bilan mavjud uy-joyni buzish, renovatsiyaga kirmaydi. Xalq va jamiyatning eng katta boyligi bu — mavjud uy-joy fondi, deydi Magdiyev.

Qonun loyihasi muhokamasi 4-avgustda yakunlandi, biroq hali parlamentda ko‘rib chiqilmasdan turib Toshkent shahri hokimi quyidagi 6 ta tumanda renovatsiya loyihalari amalga oshirish haqida qaror imzoladi:

Qarorga ko‘ra, ushbu hududlarda madaniy meros obyektlari ro‘yxati, buziladigan yoki ta’mirlanadigan turar va noturarjoylar xatlovdan o‘tkaziladi. Renovatsiya loyihasini amalga oshirish uchun investorlarni tan olish maqsadida e’lon beriladi.

Partiyalar nima deydi?

O‘zbekistondagi siyosiy partiyalar Toshkent shahri hokimi imzolagan qaroriga o‘z munosabatini bildirib o‘tishdi.

Xususan, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Toshkent shahar hokimining bir qator tumanlarda amalga oshiriladigan renovatsiya loyihalari haqidagi qarori bo‘yicha shoshmashosharlikka yo‘l qo‘ymaslik kerakligini ta’kidladi.

Partiya renovatsiya dasturlarini amalga oshirish avariya holatidagi qo‘p qavatli turar joylarni yangilashda muhim o‘rin tutishini e’tirof etadi. Ayni paytda bu dasturlar fuqarolar va tadbirkorlik subyektlariga tegishli bo‘lgan yakka tartibdagi turar joylar hamda noturar joylar daxlsizligiga raxna solmasligi shart, deb hisoblaydi.

“O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 25-martdagi 149-sonli qarori bilan belgilangan renovatsiya qoidalari mazmun jihatidan ko‘p qavatli turar joylarda renovatsiyani amalga oshirish tartibini belgilab beradi. Biroq, bu tartibni fuqarolar va tadbirkorlik subyektlariga tegishli yakka tartibdagi turar joylar hamda ko‘p qavatli turar joylardan alohida noturar joylarga tatbiq etish maqsadga muvofiq emas. Chunki, amaldagi qonunlarimizda bu borada mulkdorlar huquqlarini kafolatlash bo‘yicha aniq mexanizmlar nazarda tutilgan. Bu, avvalo, buzilishi belgilangan mol-mulk egasining roziligini olish, mol-mulkning bozor qiymati va yetkazilgan zarar o‘rnini oldindan kompensatsiya qilish talabi bilan bog‘liqdir”, — deyiladi partiya munosabatida.

“Qolaversa, yakka tartibdagi turar va noturar joylar yerlari xususiylashtirilgan bo‘lsa, Yer kodeksi hamda “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq ular tegishli yer uchastkalari bilan birga qayta sotib olingan taqdirdagina renovatsiya qilinishi mumkin. Shu bois, partiya renovatsiya loyihalarini amalga oshirishda shoshmashosharlikka yo‘l qo‘ymaslik va bu borada tegishli qonun qabul qilingandan so‘ng amaliy ishlar qilish mumkinligini ta’kidlaydi”, — deyiladi O‘zLiDeP munosabatida.

“Adolat” sotsial-demokratik partiyasi esa har qanday qurilish aholining roziligi asosida o‘lishi shartligini va qonun qabul qilinmaguniga qadar renovatsiyaga oid har qanday loyihalarni zudlik bilan to‘xtatish kerakligini ma’lum qildi.

“Amaliyotdan ma’lumki, bu kabi renovatsiya jarayonlari ko‘p hollarda aholi yashab kelayotgan turar joy binolari va boshqa ijtimoiy obyektlarni buzish va qayta qurishni talab etadi. Bu esa, fuqarolarning eng muhim konstitutsiyaviy huquqi bo‘lmish uy-joyli bo‘lish, mulkdor bo‘lish huquqiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri daxl qiladi”, — deyiladi partiya munosabatida.

“Aynan shu sababli, Konstitutsiyamizda shaharsozlik hujjatlarining loyihalari jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilishi belgilab qo‘yilgan. Binobarin, hokimlik va tegishli mutasaddi tashkilotlar bu borada har qanday qaror chiqarishdan oldin aholi bilan maslahatlashuvlar o‘tkazishi lozim edi”, — deyiladi postda.

“Partiyamiz uy-joy bilan bog‘liq bunday loyihalar mustahkam qonuniy asosga tayanishi, uy-joy mulkdorlarining huquq va manfaatlari renovatsiyaning har bir bosqichida qonun bilan ishonchli himoya qilingandagina samarali amalga oshirilishi mumkin, degan qat’iy fikrda. Aks holda fuqaro quruvchi-investor bilan yakka tashlab qo‘yilgan holatda uning huquqlari ta’minlanishiga hech qanday kafolat yo‘q. Biz uzoq bo‘lmagan tariximizdagi „snos“ degan salbiy hodisa misolida bunga ko‘p bora guvoh bo‘ldik. Qolaversa, Toshkent shahrining Bosh rejasi tasdiqlanmay turib ham bunday loyihalarni amalga oshirish maqsadga muvofiq emas”, — deyiladi munosabatda.

“Ayni paytda, qonun loyihasini va renovatsiyaga oid loyihalarni tayyorlashda jamoatchilik bilan har tomonlama muhokama jarayonlarini tashkil qilish, ayniqsa, renovatsiya taklif etilayotgan hududlardagi aholiga huquqlarini batafsil tushuntirib borish, shuningdek, renovatsiya tadbirlarini amalga oshirishda turar joy egalarining huquq va manfaatlarini ustuvor bilish hamda to‘liq muhofaza qilish shart. Binobarin, O‘zbekiston „Adolat“ sotsial-demokratik partiyasi tegishli qonun qabul qilinmaguniga qadar renovatsiyaga oid har qanday loyihalarni zudlik bilan to‘xtatish kerak, deb hisoblaydi”, — deya munosabat bildirgan “Adolat” partiyasi.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi har qanday obyektlarni buzish va qaytadan qurish ishlari avvalo qat’iy ekologik standartlar asosida amalga oshirilishi zarurligini ta’kidladi.

“Belgilangan renovatsiya hududlarida ko‘p yillik daraxt va butalar mavjudligini inobatga olish shart. Renovatsiya hududi sifatida shahar hokimi qarorida ko‘rsatilgan hududlarda ko‘p yillik chinor va boshqa noyob daraxtlar mavjud. Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston Ekologik partiyasi Toshkent shahar hokimligi renovatsiya loyihalarini boshlashdan oldin ayrim masalalarga yechim topishi kerak deb hisoblaydi”, — deyiladi partiya munosabatida.

Xususan, partiya qonunlarga asosan ushbu shaharsozlik hujjatlari loyihalari jamoatchilik muhokamasidan albatta o‘tkazilishi, ushbu hududning ekologik holati xususida aholi xabardor etilishi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bilan birgalikda belgilangan renovatsiya hududlaridagi barcha daraxt va butalar soni, yashil hududlar maydoni qat’iy hisobga olinishi, inventarizatsiyadan o‘tkazilishi kerak deb hisoblaydi.

Shuningdek, loyiha hududlaridagi mavjud daraxtlar, yashil hududlar saqlab qolinishi, ularga hech qanday zarar yetkazilmasligi e’tiborga olingan holda har bir loyiha ekologik ekspertizadan o‘tkazilib, jamoatchilikka ma’lum qilinishi, 10 yoshdan katta daraxtlarni saqlab qolish bilan birga, ularning boshqa joyga ko‘chirilishi, hudud ekologik qiyofasi o‘zgarishiga yo‘l quymaslik zarurligini ta’kidladi.

“Biz har bir loyiha, qurilish ishlari avvalo atrof-muhitga zarar yetkazilmasdan amalga oshirilishining tarafdorimiz. Daraxtlar kesilishi yoxud boshqa yo‘llar bilan yo‘q qilinganidan keyin, uning kompensatsiyani talab qilish emas, biz uchun avvalo o‘sha daraxtlarning o‘z o‘rnida yashnab turishi muhim. Renovatsiya davomida bir dona bo‘lsa ham daraxtga zarar yetkazilmasligi lozim. Bu masalani Bosh prokuratura, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi qat’iy nazoratga olishi kerak”, — deyiladi Ekopartiya munosabatida.