Shavkat Mirziyoyev 5-avgust kuni ichki yo‘llarni saqlash va ta’mirlashga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, mamlakatda jami 184 ming 582 kilometr avtomobil yo‘li bor. Shundan qariyb 142 ming kilometri ichki xo‘jalik yo‘llari.

So‘nggi to‘rt yilda ichki yo‘llarni qurish va ta’mirlashga 15 trillion so‘m ajratilgani sabab mahallalarda, chekka qishloqlarda ham ko‘chalar ravon bo‘lib, aholi farovonligiga xizmat qilmoqda, deyiladi xabarda. Yig‘ilishda ularni saqlashga mas’ul tizim yo‘qligi ko‘rsatib o‘tildi.

Chunki Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi davlat va xalqaro ahamiyatdagi yo‘l va ko‘priklar bilan shug‘ullanadi. Ichki yo‘l va ko‘priklar esa mahalliy hokimliklar balansida, deya tushuntirdi prezident. Buning ortidan hozirgi kunda 43 ming kilometr ichki yo‘llar ta’mirtalab holatda, 2 ming 354 ta ko‘prikning “egasi” aniq emas.

Shu bois tuman darajasida bu masalalarga mas’ul tizim yaratish rejalashtirilmoqda. Taklifga ko‘ra, 208 ta tuman va shahar obodonlashtirish boshqarmalarida ichki yo‘llarni saqlash xizmatlari tashkil qilinadi. Ular eng zarur 4 turdagi maxsus texnika bilan ta’minlanadi. Buning uchun budjetdan tegishli mablag‘ ajratish ko‘zda tutilayapti.

Tahlillarga ko‘ra, yo‘llarni saqlashga yo‘naltirilgan mablag‘ ta’mirlash xarajatini bir necha barobar qisqartiradi. Agar o‘z vaqtida pul ajratilib, ichki yo‘llar to‘g‘ri ekspluatatsiya qilinsa, ularni ta’mirlash muddatlari ham kamida 2 barobar uzayadi, deb hisoblaydi mas’ullar.

Shu bois mutasaddilarga ichki yo‘llarni saqlash va ta’mirlashni moliyalashtirish bo‘yicha yangi mexanizmlarni joriy etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Aholi talabidan kelib chiqib, ichki yo‘llarni ta’mirlash va yangilarini qurish ishlarini davom ettirish zarurligi ta’kidlandi.

Eslatib o‘tamiz, loyiha doirasida OTB ishtirokida Qoraqalpog‘iston va viloyatlarning 86 ta tumanida 841 kilometr yo‘llar sement-beton qoplama bilan yangidan quriladi. Bu manzillarga 770 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladigan 272 ta mahalla kiradi.

Aprel oyida Toshkent shahri hokimi Shavkat Umurzoqov yo‘llarning bugungi ahvoli haqidagi savolga javob berarkan, bu masalani hal qilish uchun 500 million dollarlik loyiha ishlab chiqilganini ta’kidlab o‘tgandi.

“Hozirgi yo‘llarni oldingidek faqat asfalt qilishimiz noto‘g‘ri. Sababi mashina soni besh yil oldin 400 mingta bo‘lgan bo‘lsa, hozir 800 mingta. Bugungi kunda asosiy 36 ta koridorga loyihalar tayyorlangan, ularni moliyalashtirish manbasini ishlab chiqyapmiz. Bu davlat-xususiy sherikchilik yoki har xil grantlar [asosida amalga oshirilishi mumkin]. Chunki [loyiha talab etayotgan] summa juda katta”, — degandi o‘shanda poytaxt hokimi.