5-avgust kuni “Saidaziz medgorodok” nomi bilan tanilgan Saidaziz Saidaliyev va yana 28 kishiga nisbatan hukm o‘qilmoqda. Jarayon Toshkent shahri jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tumani sudida sud raisi Murod Mirzajonov raisligida o‘tmoqda.

Unda ishtirok etayotgan “Gazeta.uz” muxbirining bildirishicha, Saidaziz Saidaliyevga nisbatan 20 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazoni umumiy koloniyada o‘tash belgilandi.

Saidaliyev Jinoyat kodeksining quyidagi moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi:

  • 165 (Tovlamachilik);
  • 168 (Firibgarlik);
  • 242 (Jinoiy uyushma tashkil etish);
  • 243 (Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish);
  • 277 (Bezorilik);
  • 28,211 (Pora berishda ishtirok).

11-iyun kuni yuqoridagi jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha birinchi instansiya sudi jarayoni boshlangandi. O‘shanda advokatlar sudlanuvchilarni poytaxt IIBB vaqtincha saqlash hibsxonasidan Zangiotadagi “Toshturma”ga o‘tkazish bo‘yicha iltimosnoma kiritgan, sudya so‘rov o‘rganib chiqilishini bildirgandi.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yil dekabr oyida jinoiy guruhlarni aniqlash va qo‘lga olish bo‘yicha o‘tkazilgan reydlar davomida Toshkent shahri IIBB xodimlari “Saidaziz medgorodok” va yana bir necha kishini tovlamachilik ishi bo‘yicha gumonlanuvchi sifatida hibsga olgandi.

O‘shanda ular qarzdorlik va boshqa muammolari bo‘lgan shaxslarning muammolarini qonunni chetlab o‘tgan holda hal qilib berish evaziga moddiy jihatdan manfaatdor bo‘lish, tahdidlar yo‘li bilan pul mablag‘larini noqonuniy qo‘lga kiritish, bezorilik va tamagirlik bilan shug‘ullangani taxmin qilingan.

Avvalroq sud “Baxti Tashkentskiy” nomi bilan tanilgan Baxtiyor Qudratullayevga nisbatan ham 20 yilga ozodlikdan mahrum etish jazosini tayinlagani haqida yozgandik (shu ishga oid to‘liq ro‘yxat esa bu yerda).