Buyuk Britaniyadagi migrantlarga qarshi namoyishlar butun mamlakat bo‘ylab tarqalib, tartibsizliklarga aylanib ketgani fonida 150 dan ortiq kishi hibsga olindi, deb xabar bermoqda BBC.

Hafta davomida London, Bristol, Belfast, Liverpul, Manchester, Stok-on-Trent, Nottingem, Hartlpul va boshqa shaharlarda tartibsizliklar yuz berdi.

Liverpulda namoyishchilar politsiyaga g‘isht, shisha va signal raketalari uloqtirdi. Roterhemda namoyishchilar boshpanasizlar joylashgan mehmonxonaga bostirib kirib, derazalarni sindirdi. To‘qnashuvda 12 nafar politsiyachi jarohat oldi.

Birmingem yaqinidagi Tamuert shahrida ham boshpanasizlar uchun turar joy sifatida foydalanilgan mehmonxonaga hujum uyushtirildi, deb yozdi The Guardian.

Britaniyadagi tartibsizliklar 29-iyul kuni Sautportdagi bolalar raqs studiyasiga uyushtirilgan hujumdan so‘ng boshlandi, unda olti, yetti va to‘qqiz yoshli uch nafar qiz halok bo‘ldi. Ulardan tashqari, yana sakkiz nafar bola va ikki kishi jiddiy darajada pichoqlandi.

Hujumda 17 yoshli Aksel Rudakubana ayblandi, u o‘tgan hafta Liverpul Qirollik sudiga olib kelindi. O‘smir Uels poytaxti Kardiffda tug‘ilgan, ammo oilasi ruandalik. Uning motivlari hozircha noma’lum.

The Guardian`ning qayd etishicha, hujumdan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda ayblanuvchi Buyuk Britaniyaga qayiqda kelgan boshpanasiz ekani haqida yolg‘on xabarlar tarqalgan. Ushbu xabarlar fonida o‘ta o‘nglar qirollik shaharlarida norozilik namoyishlari uchun to‘plana boshlagan.

Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer mamlakatdagi tartibsizliklarni “o‘ta o‘ng banditizm” deb atadi.

“Kafolat beramanki, siz bu tartiblikda ishtirok etganingizdan pushaymon bo‘lasiz — to‘g‘ridan-to‘g‘ri qatnashgan yoki internetda ushbu to‘polonning qo‘zg‘atuvchisi bo‘lgan bo‘lsangiz ham… Bu namoyish emas, bu uyushgan, zo‘ravon bosqinchilik”, — dedi u xalqqa murojaatida.

Starmerning aytishicha, tartibsizliklar paytida masjidlar va politsiyaga hujum qilingan, ko‘chalarda “natsistcha salomlashish” va “rasistcha ritorika"lar kuzatilgan.

“Bunday harakatlarni hech qanaqasiga oqlab bo‘lmaydi — hech qanaqasiga. Barcha es-hushi joyida odamlar bunday zo‘ravonlikni qoralashi kerak. Bu mamlakatdagi odamlar xavfsizlik huquqiga ega”, — dedi Britaniya hukumati rahbari.