2024-yilning yanvar-iyul oylarida O‘zbekiston davlat budjeti defitsiti 36,4 trillion so‘mni (e'lon qilingan kundagi Markaziy bank kursi bo‘yicha qariyb 2 milliard AQSh dollarini) tashkil etdi, deyiladi Iqtisodiyot va moliya vazirligining “Gazeta.uz” o‘rgangan ma’lumotlarida.

Avvalroq birinchi chorakda defitsit 19,8 trillion so‘mdan oshgani, ikkinchisida esa 14,1 trillion so‘mgacha pasayib ketganini xabar qilgan edik.

Iyulda xarajatlar va daromadlar o‘rtasidagi farq 2,5 trillion so‘m — yil boshidan beri minimal ko‘rsatkichni tashkil etdi (maksimum fevralda bo‘lgandi — 7,2 trillion so‘m).

Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunga muvofiq, u 2024-yil uchun defitsit bilan 10,3 trillion so‘m yoki YAIMga nisbatan 0,7 foizga, davlat maqsadli jamg‘armalari budjeti defitsiti esa 30,56 trillion so‘mga (YAIMga nisbatan 2,3 foiz) rejalashtirilgan edi.

Sobiq deputat Doniyor G‘aniyevning avvalroq tushuntirishi bo‘yicha, yil boshida budjet xarajatlari asosan gaz subsidiyalari va qish oylarida soliq tushumlarining sekinlashishi tufayli daromadlardan oshib ketadi.

“Yilning ikkinchi yarmi, yozga kelib bizning asosiy ekinlarimiz o‘sishni boshlaydi qishloq xo‘jaligida, faoliyat maydan boshlanadi, shu bilan buyog‘i g‘alla, paxta bo‘lib ketadi. Bundan tashqari, bizning eng katta tushadigan daromadlarimiz — dividend sifatida olamiz — Navoiy kon-metallurgiyamiz bor, Olmaliq kon-metallurgiya zavodlarimiz bor va boshqa zavodlardan olinadigan, adashmasam, umumiy 40 trillion so‘mga yaqin dividendlarimizning hammasi yilning ikkinchi yarmida olinadi… Ya’ni daromadlarimiz yilning ikkinchi yarmiga kelib sezilarli o‘sishni boshlaydi. Shuning hisobiga o‘zi doim birinchi yarimyillikda defitsitlar yuqori bo‘lishi aniq”, — dedi u iyun o‘rtalarida birinchi chorakdagi budjet defitsitini muhokama qilar ekan.

Xuddi shu vaqtda, uning so‘zlariga ko‘ra, birinchi chorakda davlat budjeti defitsiti 19,8 trillion so‘mni tashkil etdi va bu prognoz ko‘rsatkichidan 30 trillion so‘mga kam bo‘ldi. Ko‘rsatkichning pasayishi ijtimoiy sohaga sarflangan xarajatlarning kamayishi bilan bog‘liq. “Bu xarajatlar kamayishi nimaning hisobiga bo‘ldi, degan savollar bo‘ldi. Endi bularning [hukumat] aytishi bo‘yicha, bu maqbullashtirilayotgan xarajatlar emas, hali bu pullar ishlatilgani yo‘q, biz bu pullarga tegishni rejalashtirmayapmiz, deyishdi”, — degandi u.

O‘shanda Doniyor G‘aniyev budjetida 550 milliard so‘m bo‘lgan, biroq halicha xorijiy oliy o‘quv yurtlariga stipendiya olish uchun tanlov e’lon qilmagan “El-yurt umidi” fondi masalasini ko‘tardi. Taqqoslash uchun: o‘tgan yili fond aprel oyida tanlov e’lon qilgan va talabalar viza olishga muvaffaq bo‘lgandi. Biroq iyun oyi o‘rtalarida talabalarga xorijiy universitetlardan taklifnomalar kelib tushgan bo‘lsa-da, hali tanlov e’lon qilinmagan edi.

Markaziy bank rahbari Mamarizo Nurmuratov may oyi boshida budjet taqchilligining inflyatsiyaga bevosita ta’sirini ta’kidlagan, biroq regulyatorda bu ko‘rsatkichni pasaytirish vositalari yo‘qligini tan olgandi.

“budjet taqchilligining maqbul darajadan yuqori shakllanishi pul-kredit ko‘rsatkichlarimizga, makroiqtisodiy barqarorlikka va, eng muhimi, inflyatsiyaga bevosita ta’sir qiladi… Bir narsani tushunish kerak — inflyatsiya darajasini saqlab qolish va maqsadli ko‘rsatkichga tushirish — iqtisodiy sektordagi barcha uchun asosiy vazifa. Buning uchun Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan barcha zarur choralar ko‘rilmoqda. Bu masalalarni haftada kamida bir marta muhokama qilamiz”, — degandi u.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi faqat davlat budjeti mablag‘lari daromadlari va xarajatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etadi. Shuningdek, davlat budjetining o‘zi, shuningdek, davlat maqsadli jamg‘armalarining budjetlari, budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari va Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi (suveren jamg‘arma) mablag‘larini o‘z ichiga olgan kengaytirilgan konsolidatsiyalashgan budjet ham mavjud.

Eslatib o‘tamiz, 2024-yilgi konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligi chegarasi YAIMga nisbatan 4 foiz yoki qariyb 52,6 trillion so‘m miqdorida tasdiqlangan (daromadlar 375,03 trillion so‘m, xarajatlar 427,64 trillion so‘m bo‘lishi kutilmoqda). Davlat budjetining daromadlari 270,4 trillion so‘m, xarajatlari — 280,7 trillion so‘m, taqchilligi — 10,3 trillion so‘m miqdorida prognoz qilinmoqda.

2023-yilda O‘zbekistonning konsolidatsiyalashgan budjeti defitsiti rekord daraja — 59 trln so‘mni tashkil etib, avvalgi yillardagi ko‘rsatkichlardan ancha yuqori bo‘ldi. O‘tgan yil oxirida hukumat xarajatlar chegarasini ushlab turolmagani sababli parlament orqali limitni oshirgandi.