2024-yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda berilgan iste’mol va avtomobil kreditlari hajmi 2 barobar kamaydi. Bu Markaziy bankning “Gazeta.uz” o‘rgangan ma’lumotlarida aks etadi.

O‘zbekistonliklar kamroq kredit ola boshladi. Yanvar-iyun oylarida aholi tomonidan 45,27 trillion so‘m kredit mablag‘lari olindi, bu 2023-yilning birinchi yarmiga (45,95 trillion) nisbatan 1,5 foizga yoki 677,6 milliard so‘mga kam.

Ushbu hajmning 8,91 trillion so‘mi (umumiy kreditlash hajmining 19,7 foizi) avtokreditlar hissasiga to‘g‘ri keladi, bu o‘tgan yilning shu ko‘rsatkichidan (18,49 trillion) 51,8 foizga (2 barobardan ortiq) kam.

Taqqoslash uchun: 2020-yilning birinchi yarmida berilgan avtokreditlar hajmi 2,3 trillion so‘mni (jami ko‘rsatkichning 18,3 foizi), 2021-yilda — 4,2 trillion so‘mni (18,3 foiz), 2022-yilda — 7,5 trillion so‘mni (27,6 foiz), 2023-yilda — 18,5 trillion so‘mni (40,2 foiz) tashkil etgan, 2024-yil yanvar-iyun oylarida esa 8,9 trillion so‘mga (19,7 foiz) kamaygan.

Ta’lim kreditlari ham kam ajratila boshlandi — 398,6 milliard so‘m, bu 2023-yilning yanvar-iyun oylaridagi ko‘rsatkichdan (636,6 milliard so‘m) 1,6 barobar kam.

Umuman olganda, iste’mol kreditlari hajmi 2,1 baravarga — 19,57 trillion so‘mdan 9,37 trillion so‘mga kamaydi.

Ipoteka kreditlash biroz pasaydi — 6,95 trillion so‘mdan 6,88 trillion so‘mgacha. 2021-yilning shu davrida 3,5 trillion so‘m, 2022-yilda 6,5 trillion so‘m yo‘naltirilgandi.

Iste’mol kreditlarining qisqarishi fonida mikroqarzlar va mikrokreditlarga bo‘lgan talab qariyb 1,5 barobar — 18 trillion so‘mdan 26,8 trillion so‘mgacha, kreditlashning umumiy hajmidagi ulushi esa 39,2 foizdan 59,2 foizgacha o‘sdi.

Alohida olganda, mikroqarzlar ajratilishi qariyb 13 trillion so‘mdan 18,8 trillion so‘mga, mikrokreditlarniki esa 5,04 trillion so‘mdan 7,78 trillion so‘mga oshdi.

2024-yil 1-yanvardan mikroqarzlarning maksimal miqdori 50 million so‘mdan 100 million so‘mga oshirilganidan keyin mikroqarz hajmi ham oshdi.

avtokredit, ipoteka, ipoteka kreditlari, markaziy bank, mikrokredit, mikroqarz

Avtospekulyatsiya

2023-yilning birinchi yarmidagi moliyaviy barqarorlik tahlilida MB umumiy kreditlash o‘sish sur’atlaridan bir necha baravar yuqori bo‘lgan avtokreditlash hajmining o‘sishidan xavotir bildirgandi.

MB ma’lumotlariga ko‘ra, bu avtokreditlashning konsentratsiya darajasini oshiradi, banklarni shoklarga nisbatan zaifroq qiladi va inqiroz yoki avtoulovlarni keskin arzonlashishi davrida kreditlar bo‘yicha to‘lov intizomining yomonlashishiga hamda sezilarli kredit yo‘qotishlariga sabab bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, banklar avtokredit ajratish talablarining yengillashtirishi natijasida yuzaga kelgan avtokreditlarning yuqori o‘sish sur’atlari avtoulov bozorida talab hajmini yanada rag‘batlantirdi. Avtoulov bozoridagi mavjud yuqori talab sharoitidagi cheklangan ichki taklif va avtoulov importidagi yuqori bojxona stavkalari narxlarning o‘sishiga va asosiy jamg‘arish aktivlaridan biri sifatida shakllanishiga sabab bo‘lib keldi. Shu bilan birga, avtoulovlarning investitsion jozibadorligi oshgan holda spekulyatsion jarayonlar ortib bormoqda, deyiladi sharhda.

Avtomobil kreditlari bo‘yicha qarzga xizmat ko‘rsatish koeffitsiyenti 2022-yilning shu davriga nisbatan 2023-yilning birinchi yarmida 56 foizdan 69 foizgacha — 13 foiz punktga oshdi, ya’ni qarz oluvchilar o‘z daromadlarining o‘rtacha shunday foizini kredit va foizlarni to‘lash uchun ajratdi.

Taqqoslash uchun: bu davrda ipoteka kreditlari bo‘yicha qarzga xizmat ko‘rsatish koeffitsiyenti 36,7 foizdan 46 foizga o‘sgan, mikroqarzlar bo‘yicha esa 12 foizdan 10 foizga kamaygan.

Shu munosabat bilan, 2024-yil 1-iyuldan boshlab MB barcha kreditlar (shu jumladan, mikroqarzlar) bo‘yicha qarz yuki darajasini 60 foizlik ko‘rsatkichda belgiladi, 2025-yildan boshlab esa uni 50 foizgacha kamaytirish rejalashtirilmoqda.

Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov 2023-yil sentabr oyida bank tizimi uchun xavf tug‘dirishi sababli “avtokreditlash yuqori sur’atda o‘sayotgani"dan xavotir bildirgandi.