O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi Doniyor Avazovich G‘aniyev deputatlik faoliyatini muddatidan avval yakunlanganini e’lon qildi.

“Saylovchilar bildirgan ishonchni oqlash, ularning dardu tashvishlarini, muammo va xohishlarini parlament minbariga olib chiqish, qabul qilingan qonunlarni adolatli va insonparvar bo‘lishiga hissa qo‘shish, murojaat qilgan fuqarolarga yordam bera olish imkoniyati men uchun deputatlikning eng katta sharafi bo‘ldi. Bunday imkoniyat va baxt menga nasib qilganidan har doim faxrlanaman”, — deb yozdi u.

Uning aytishicha, deputatlik faoliyatiga eng munosib bahoni saylovchilar beradi.

“Balki menga ovoz bergan saylovchilarning ishonchini har doim ham oqlay olmagandirman. Biroq vijdonimga qarshi bormaslikka, prinsiplarimga sodiq qolishga qo‘limdan kelgancha harakat qildim. Insonlar og‘irini yengil qilishga xizmat qiluvchi ijobiy normalarni qo‘llab-quvvatlashdan, fuqarolar manfaati va huquqlariga zid deb bilgan qonunlarga esa qarshi turishdan ikkilanmadim”, — deya ta’kidladi G‘aniyev.

Lekin inson atrofidagi o‘zgarishlar, reallik bilan hisoblashishi hamda o‘z imkoniyat va qobiliyatlarini to‘g‘ri baholay olishi kerak. Garchi deputat sifatida samarali faoliyat olib bordim, deb o‘ylasam-da, bu faoliyatda davom etish o‘zim uchun ham, saylovchilar uchun ham manfaatli bo‘lmasligini tushunib yetdim.

Menimcha, hayotimda o‘zgarishlar qilish, yangi chelenj va imkoniyatlarni qarshi olishning ayni vaqti. Shu bois deputatlik mandatimni tugatishga, yangi saylovlarda nomzodimni ilgari surmaslikka qaror qildim. Bundan keyingi faoliyatimni esa Vazirlar Mahkamasida investitsiya yo‘nalishida (deputatlikdan avval ham shu yo‘nalishda ishlagan edim) mas’ul xodim sifatida davom ettiradigan bo‘ldim. O‘zi xayrli qilsin, — deb yozdi u.

Doniyor G‘aniyev unga o‘z vakilligini ishongan Marg‘ilon okrugi saylovchilariga, faoliyatini e’tirof etib, qo‘llab-quvvatlagan jamoatchilik faollari, OAV vakillari va ko‘plab bloger do‘stlariga bildirilgan ishonch va qo‘llov uchun minnatdorlik bildirdi.

“Shuningdek, parlament yig‘ilishlarida har doim o‘z fikrimni aytishga imkoniyat yaratgan Qonunchilik palatasi spikeriga, yalpi va fraksiya yig‘ilishlarida qo‘llab-quvvatlagan hamkasb deputatlarga hamda qonun loyihalarini takomillashtirishda kerak bo‘lsa deputatlardan ham ko‘proq mehnat qiladigan palata devoni xodimlariga ham alohida rahmat aytaman”, — deb o‘z postini yakunladi sobiq deputat.

Qonunchilik palatasi ham Doniyor G‘aniyev Vazirlar Mahkamasining Investitsiyalar, eksport, savdo, qishloq va suv xo‘jaligi masalalari kotibiyati Investitsiya loyihalarining amalga oshirilishini monitoring qilish bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari lavozimiga tayinlangani haqida xabar berdi.

Faoliyati davomida bir qator jiddiy chiqishlari va faolligi bilan tanilgan Doniyor G‘aniyev 1988-yilda Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahrida tug‘ilgan. Buyuk Britaniyaning Oxford Brookes universitetini tamomlagan. Mutaxasisligi buxgalteriya va hisob-kitob. U 110-Marg‘ilon saylov okrugidan saylangandi.

Bundan deyarli 1 yil oldin G‘aniyev “Gazeta.uz”ning “Mifonomika” podkastida mehmon bo‘lgandi va “Kuchsiz parlament bilan ham yaxshi iqtisodiyot qursa bo‘ladi” va “O‘zbekistonliklar demokratiyaga tayyor emas” degan ikki mif haqida suhbatlashgandi.

O‘zbekistonda navbatdagi Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatlar saylovi 2024-yil 27-oktabrda o‘tkaziladi.