AQSh vitse-prezidenti Kamala Harris prezidentlikka nomzod sifatida ko‘rsatilishini ta’minlash uchun demokrat delegatlar tomonidan kerakli miqdordagi ovozlarni oldi, deb yozmoqda The New York Times.

U Amerikaning ikkita yirik partiyasidan birining prezidentlikka nomzodligida g‘alaba qozongan birinchi qora tanli ayol va janubiy osiyolik birinchi ayol bo‘ladi, deb yozadi gazeta.

Harrisni 4567 delegatning 99 foizi qo‘llab-quvvatladi. Ovoz berish 1-avgustdan 5-avgustga qadar onlayn tarzda o‘tkazildi.

Odatda, partiyalar o‘zlarining prezidentlikka nomzodlarini milliy qurultoyda ko‘rsatadi, ammo Demokratik partiya ba’zi shtatlarda byulletenlarni topshirish muddatini ta’minlash uchun virtual ovoz berishni o‘tkazishga qaror qildi. Harris ovoz berishda qatnashish uchun kvalifikatsiyadan o‘tgan yagona nomzod edi.

Endi Harris va tez orada e’lon qilinadigan vitse-prezidentlikka nomzod partiyadan o‘z nomzodlarini qabul qilishlari kerak. Demokratik partiyaning qurultoyi 19-avgust kuni Chikagoda boshlanadi.

Reuters agentligining yozishicha, Harris vitse-prezidentlikka nomzodni 6-avgust kuni tanishtiradi. Agentlik manbalariga ko‘ra, nomzodlarning yakuniy ro‘yxatiga Pensilvaniya va Minnesota gubernatorlari Josh Shapiro va Tim Uolz kiritilgan.

  • AQShda prezidentlik saylovlari 5-noyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Harrisning raqibi respublikachi nomzod Donald Tramp bo‘ladi.
  • Mamlakatning amaldagi rahbari Jo Bayden saylovoldi poygasidan chiqqanidan keyin Kamala Harris Demokratik partiyadan AQSh prezidentligi uchun ko‘rsatiladigan potensial nomzodga aylangan.