Bosh vaziri Abdulla Aripov 3-avgust kuni Vazirlar Mahkamasining majburiy raqamli markirovkalash lozim bo‘lgan tovarlarning chakana savdosini tartibga solish to‘g‘risidagi qarorini imzoladi.

Soliq qo‘mitasi 2024-yil 1-sentabrga qadar alkogol, tamaki va pivo mahsulotlari, maishiy texnika va dori vositalari chakana savdosi bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlarning Asl belgisi milliy axborot tizimidan ro‘yxatdan o‘tgani hamda raqamli markirovkalash talablariga rioya etilayotganini nazoratga oladi.

Ushbu mahsulotlarning chakana savdosi bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlar o‘z faoliyatini to‘xtatmoqchi bo‘lganda, tuman (shahar) soliq inspeksiyasini bir oy oldin xabardor qilishi kerak. Bunda soliq inspektori uch ish kunida yig‘imlarning to‘liq to‘langani hamda ombordagi mahsulot qoldiqlarini xatlovdan o‘tkazadi.

Soliq qo‘mitasiga tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2026-yil 1-avgustga qadar qalbaki raqamli markirovkalangan yoki kontrafakt mahsulotlarni import qiluvchi, ishlab chiqaruvchi hamda ulgurji va chakana realizatsiya qiluvchilarga nisbatan jinoiy javobgarlik joriy etishni nazarda tutuvchi hujjat loyihasini ishlab chiqish topshirildi. Mazkur mahsulotlar ham musodara qilinishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, Soliq qo‘mitasida 7 ta shtat birligidan iborat alohida tuzilma tashkil etiladi. U raqamli markirovkalash qoidalariga rioya etilishini nazorat qilishi, yashirin ishlab chiqarish faoliyati va qalbaki tovarlar tarqalishiga qarshi kurashish orqali soliq tushumlarini to‘liq ta’minlashi zarur.

Bundan tashqari, 2024-yil 1-noyabrga qadar raqamli markirovkalanadigan mahsulotlarning ulgurji savdosini faqat naqd pulsiz shaklda sotish talabini belgilaydigan hujjat loyihasi ishlab chiqish topshirildi.

Qaror bilan majburiy raqamli markirovkalash jarayonlarini jadallashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.

Xususan, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi onlayn nazorat-kassa mashinasi va virtual kassaga ulangan shtrix-kodlar va raqamli markirovka kodlarini to‘g‘ri o‘qishni va aniqlashni ta’minlovchi maxsus qurilmalarning narxlari sun’iy ravishda oshib ketishining oldini olishi kerak bo‘ladi.

Shu bilan birga, marketpleyslar uchun markirovka qoidalari buzilganda javobgarlik choralarini joriy etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish rejalashtirilmoqda. Maqsad birjalar va elektron savdo maydonchalarida sotuvchilar uchun Asl Belgisi tizimida ro‘yxatdan o‘tishni majburiy qilishdan iborat. Yanvar oyidan boshlab mazkur tizimda sotuvchi ishtirokini tekshirishni joriy etish rejalashtirilgan.

Shuningdek, markirovkalanadigan mahsulotlarni sotish vaqtida skanerdan o‘tkazilgandan keyingina xarid chekini chop etish tizimini joriy qilish reja qilingan.

Tadbirkorliklarning barqarorlik reytingi bo‘yicha baholashda markirovkalash talablarining bajarilishini inobatga olish taklif etilmoqda.

Import qilinayotgan va markirovkalanadigan mahsulotlarni bojxonada markirovkalangan holda erkin muomalaga chiqarishga ruxsat berish rejalashtirilmoqda. Bojxona deklaratsiyasida tovarlar va xizmatlarning identifikatsiya kodini (MXIK) ko‘rsatish ham taklif etilmoqda.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasiga 1-dekabrga qadar “Savdo to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish va Vazirlar Mahkamasiga kiritish topshirildi.