Toshkent hokimligi turar joy massivlarini renovatsiya qilish bo‘yicha rejalashtirilgan masala yuzasidan bayonot berdi. Bir kun avval shahar hokimi Shavkat Umurzoqov qarori bilan hokimlik huzuridagi “Toshkent invest” kompaniyasining kompleks rivojlantirish va obodonlashtirish loyihalari amalga oshiriladigan hududlar chegaralarini belgilash bo‘yicha takliflari ma’qullangani xabar qilingandi. Partiyalar renovatsiyaga shoshilmaslik va fuqarolar huquqlari buzilishining oldini olishga chaqirgandi.

Shahar hokimiyati bayonotida qayd etilishicha, qaror “aholining murojaatlari, binolarning holati hamda boshqa obyektiv sabablarni inobatga olgan holda, shahar ma’muriyati tomonidan fuqarolarning Konstitutsiyada belgilangan huquqlarini ta’minlaydigan, SHNQ (shaharsozlik normalari va qoidalari — tahr.) me’yorlari va aholining manfaatlarini aks ettiruvchi zamonaviy mexanizmni joriy etish” to‘g‘risida qabul qilingan.

“Renovatsiya loyihasining maqsadi uy-joy fondini yangilash, avariya holatidagi uy-joylarning ommaviy paydo bo‘lishining oldini olish, hududlarni alohida ko‘p qavatli uylar kesimida emas, balki yaxlit rivojlantirish orqali fuqarolarning turmush sharoitlarini yaxshilashdan iborat” — deyiladi xabarda.

“Loyihani amalga oshirishda “binolarning avariyaviylik darajasi va xavfsizlik talablariga muvofiqligi, iqtisodiy va energetik samaradorligi, eskirgan ko‘rinishi va hududning umumiy me’moriy rivojlanishiga mos kelmasligi hisobga olinadi”.

O‘zbekiston Konstitutsiyasida nafaqat har bir shaxsning uy-joyga bo‘lgan huquqi, balki xavfsiz yashash huquqi ham o‘z aksini topgan bo‘lib, davlat uy-joy qurilishini rag‘batlantiradi va uy-joyga bo‘lgan huquqni ro‘yobga chiqarish uchun sharoitlar yaratadi, deya ta’kidlanadi hokimlik xabarida.

“O‘zbekiston shaharsozlik me’yorlari va qoidalari zamonaviy talablarga javob beradigan mehnat, yashash va dam olish joylarining qulayligini ta’minlashga doir talablarni belgilaydi. Renovatsiya ishlari faqat vakolatli tashkilotlar tomonidan avariya holati tasdiqlangan obyektlarda va faqat aholining roziligi bilan amalga oshiriladi. Muhimi: madaniy yoki me’moriy meros obyektlarida renovatsiya amalga oshirilmaydi”, — deyiladi xabarda.

Hokimlik Toshkentda qurilgan uylarning foydalanish muddati 50 yilga mo‘ljallanganini ta’kidlab, “aksariyat hollarda kapital ta’mirlash imkoniyati yo‘qligi, foydalanish muddati tugayotganini” bildirdi.

“Barchamiz tushunamizki, renovatsiya dasturini talab qiladigan uylarning aksariyati o‘z umrini yashab bo‘lgan yoki yaqin yillarda shaharsozlik me’yorlari bo‘yicha yashashga yaroqsiz bo‘lib qoladi”, — deyiladi bayonotda.

“Binolarning texnik holati bilan bog‘liq xavf, ayniqsa, mamlakat va umuman mintaqaning seysmikligiga ta’sir qiluvchi barqaror iqlim o‘zgarishi tufayli jiddiy tashvish uyg‘otadi. Vaziyatni xolisona baholasak, ushbu uylarni hozirgi holatida foydalanishda qoldirish muqarrar ravishda poytaxtda avariyaviy uy-joylarining ommaviy paydo bo‘lishiga olib keladi”, — deya qo‘shimcha qildi hokimlik.

Renovatsiyaga tushgan hududlar mahalliy aholi murojaatlari asosida taklif etilgan va reja tuzilgan. Shuningdek, murojaatlarda keltirilgan uy-joylarning dastlabki tahlili ularning yuqoridagi shaharsozlik me’yorlari talablariga javob bermasligini tasdiqladi, deya xulosa qildi hokimlik.

Loyihani amalga oshirish mexanizmi “juda soddalashtirilgan”, deya bildirdi hokimlik va uni keyingi xabarlarda batafsil tushuntirishga ishontirdi.

Vaziyat va masalaga qiziqayotganlarga “Toshkent invest” kompaniyasi veb-sayti (tashkentinvest.com) va 71 210−01−63 telefon raqami orqali bog‘lanish tavsiya etildi.