Samarqand shahrida 26−30-avgust kunlari YUNESKO shafeligida “Sharq taronalari” XIII xalqaro musiqa festivali bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Madaniyat vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

1997-yildan buyon Samarqandda o‘tkazib kelinayotgan festival oxirgi marta 2019-yilda bo‘lib o‘tgandi. Vazirlikning “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, festival COVID-19 pandemiyasi sababli to‘xtab qolgan.

Ta’kidlanishicha, joriy yil festivalda dunyoning 70 ga yaqin mamlakatidan 300 nafardan ziyod vakil qatnashishi kutilmoqda. O‘zAning xabar berishicha, bu yilgi festival Registon maydonida emas, balki “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turizm markazidagi “Boqiy shahar” majmuasida o‘tkaziladi.

“Festival o‘tkazilishidan asosiy maqsad — milliy musiqa san’atida erishilgan yutuqlarni keng ommaga tatbiq qilish, millatlarning madaniyat va an’analarini asrash hamda rivojlantirish, sozandalik va xonandalik yo‘nalishidagi iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, xalqaro ijodiy aloqalarni kengaytirish, tinchlik, do‘stlik va o‘zaro bag‘rikenglik g‘oyalarini targ‘ib qilishdan iborat. Bugunga kelib „Sharq taronalari“ nafaqat Markaziy Osiyo mintaqasida, balki jahon miqyosidagi mashhur festivallar qatoridan ham joy olib ulgurdi. Ishtirokchilar va festivalda qatnashish istagini bildirayotgan davlatlar sonining yildan yilga oshishi hamda dastur saviyasining yuqorilab borayotgani bunga yaqqol misoldir”, — deyiladi vazirlik axborotida.

Tadbir dasturiga asosan, festivalning ochilish marosimi 26-avgust kuni bo‘lib o‘tadi. 27−28-avgust kunlari “Sharq xalqlari musiqa madaniyati: globallashuv jarayonlarida ijodiy uyg‘unlashuv tamoyillari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkaziladi. 27−29-avgust kunlari soat 19:00 da festivalga tashrif buyurgan ishtirokchilar o‘rtasida ko‘rik-tanlov o‘tkazilib, xalqaro hay’at tomonidan tanlov ishtirokchilarining chiqishlari baholanadi. 30-avgustda yopilish marosimi bo‘ladi va g‘oliblar taqdirlanadi.

Tanlov nizomiga ko‘ra, g‘oliblar ikkita yo‘nalish bo‘yicha aniqlanadi, ular tashkiliy qo‘mita tomonidan diplom, statuetka va quyidagi miqdorlarda pul mukofotlari bilan taqdirlanadi:

  • “Gran-pri” — 10 000 dollar (xalqaro hay’at qaroriga muvofiq, munosib nomzod topilmaganda “Gran-pri” berilmaydi);
  • I o‘rin (har bir yo‘nalish bo‘yicha) 2×5000 — 10 000 dollar;
  • II o‘rin (har bir yo‘nalish bo‘yicha) 2×3500 — 7000 dollar;
  • III o‘rin (har bir yo‘nalish bo‘yicha) 3×2000 — 6000 dollar.

Shuningdek, tashkilotchi, ijodiy uyushmalar, jamg‘armalar va boshqa tashkilotlarning mustaqil hay’at a’zolari hamda muxlislar e’tirofiga sazovor bo‘lgan qatnashchilar “Eng yosh ishtirokchi”, “Muxlislar e’tirofiga sazovor bo‘lgan eng yaxshi ishtirokchi”, “Eng yaxshi cholg‘u musiqasi ijrochisi” kabi nominatsiyalar bo‘yicha maxsus diplom hamda 500 dollar miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadi.