Aprel oyida Sirdaryo viloyati Soliq boshqarmasining bo‘lim bosh inspektori 4 ming dollar olgan vaqtida ushlangani haqida xabar berilgandi. Oliy sud matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, unga nisbatan sud hukmi o‘qildi.

Qayd etilishicha, boshqarmaning soliq to‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish bo‘limi bosh inspektori Guliston shahridagi 3 ta MCHJga tegishli soliq qarzlarini ularni soddalashtirilgan tartibda bankrot deb topish yo‘li bilan bartaraf qilib berishini aytgan.

Buning uchun 5 ming dollar so‘ragan, lekin puldan 4 ming dollarini olayotgan paytda ushlangan.

Holat yuzasidan sud ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Guliston shahri sudida ko‘rib chiqilgan. Hukmga ko‘ra, xodim Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi (Xizmat mavqeidan foydalangan holda firibgarlik), 211-moddasi 1-qismi (Pora berish) orqali aybdor deb topildi.

Unga nisbatan soliq idoralarida har qanday lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum etgan holda 2 yil 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.