Birinchi yarim yillik yakunida Uzbekistan Airways milliy aviakompaniyasi o‘z foydasini o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 5,4 barobarga oshirdi. Bu haqda kompaniya “Gazeta.uz”ga ma’lum qildi.

Kompaniya aktivlari 18,6 trillion so‘mga o‘sdi, bu 2023-yilning birinchi yarmidagi ko‘rsatkichdan 1 foizga ko‘pdir.

Tashuvchining daromadi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 12,9 foizga oshib, 7,6 trln so‘mni, o‘z kapitali esa 8 trln so‘mni (+5,8 foiz) tashkil etdi. So‘mdagi tushumlar 7,3 trln so‘mdan 8,1 trln so‘mga oshgan, biroq dollarda 664,7 milliondan 645,9 millionga kamaygan.

Muntazam yuk tashuvlaridan olingan daromad 6,2 trln so‘mdan 7,04 trln so‘mga, muntazam bo‘lmagan tashuvlardan olingan daromad 503,4 mlrd so‘mdan 531,4 mlrd so‘mga ko‘tarildi. Bu ko‘rsatkichlar dollar hisobida qisqardi.

Xorijiy va mahalliy havo kemalariga yonilg‘i quyish bo‘yicha tushumlar keskin — 519,8 mln so‘mdan 27,7 mlrd so‘mgacha o‘sdi, biroq bu 2022-yilning birinchi yarmi (53,8 mlrd) va 2020-yildagidan (96,3 mlrd) kam. Boshqa daromadlar qariyb ikki baravarga — 89,3 mlrd so‘mdan 172,3 mlrd so‘mga oshgan.

Kompaniyaning yanvar-iyun oylaridagi sof foydasi 269 mlrd so‘mni tashkil etdi, bu 2023-yilning shu davriga (49,7 mlrd so‘m) nisbatan 440,8 foizga ko‘pdir.

uzbekistan airways

Daromadning rekord darajada o‘sishiga moliyaviy faoliyatga sarflangan xarajatlarning qisqarishi asosiy omil bo‘ldi — bu ko‘rsatkich 1,2 trln so‘mdan 552,4 mlrd so‘mgacha qisqargan, deb yozadi KAP DEPO investitsiya kompaniyasi.

So‘mdagi xarajatlar 7,3 trln so‘mdan 7,8 trln so‘mga oshgan, dollarda esa 659,3 mln dollardan 620,6 mln dollarga kamaygan.

Salbiy kurs farqlari bo‘yicha xarajatlar 748,9 mlrd so‘mdan 391,5 mlrd so‘mga, ijobiy kurs farqlari bo‘yicha daromadlar esa 512,3 mlrd so‘mdan 268,9 mlrd so‘mga kamaydi.

Korxonaning taqsimlanmagan foydasi chorak yakuniga ko‘ra 118,2 mlrd so‘mni tashkil etdi (o‘sish 2,3 barobar). 2023-yilning mos davrida qoplanmagan zarar 149,9 mlrd so‘m bo‘ldi.

Yillik hisobda uzoq muddatli bank kreditlari 8 trln so‘mdan 7,1 trln so‘mga qisqardi.

Eslatib o‘tamiz, 2020-yildagi pandemiya yilida aviakompaniya minus 755,7 mlrd so‘m ko‘rsatkich bilan rentabellik bo‘yicha davlat kompaniyalari orasida ikkinchi o‘rinni egallagandi.

O‘tgan yili Uzbekistan Airways 5 milliondan ortiq yo‘lovchi tashigan.