Iqtisodchi, Nyu York universiteti professori Behzod Hoshimov “Gazeta.uz"ga bergan intervyusida Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish O‘zbekistonga nima berishi haqidagi savolga javob berdi.

Jurnalist unga quyidagi savol bilan murojaat qildi:

“JSTga kirish bizga o‘zimizni o‘zimizdan himoya qilish uchun kerak, degan fikr bildirgansiz. Nima uchun bunday?”

“Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lgan mamlakatlar qandaydir qoidalarga va’da bergan mamlakatlar, desak bo‘ladi. O‘sha va’dalardan biri o‘z korxonalariga chet el korxonalariga nisbatan imtiyozlar bermaslik sanaladi. Chet el korxonalari uchun ham, mahalliy korxonalar uchun ham bir xil o‘yin qoidalari amal qilishi kerak. Bu tashkilotning falsafasiga ko‘ra, istasa — bojni oshirib, istasa — qandaydir talablar qo‘yish adolatsiz”, — deya ta’kidladi Behzod Hoshimov.

Uning aytishicha, bu falsafa ham bir kunda paydo bo‘lmagan. XX asrda qo‘l qo‘yilgan Tariflar va savdo bo‘yicha umumiy kelishuvda (GATT) davlatlar “biz-birimizning mahsulotlarimizga nisbatan qandaydir bojlar, talablar qo‘yib borsak, bu hammamizga zarar keltiradi, barchamiz bir-birimizning korxonalarimizga nisbatan bir xil sharoit qilsak, o‘shanda boyiymiz”, degan fikrga kelgan. Bu kelishuvgacha bo‘lgan tarix ham bor, lekin ma’no aynan shunda bo‘lgan, deydi iqtisodchi.

Keyinchalik ko‘pgina boshqa mamlakatlar, yangi mustaqil bo‘lgan davlatlar “o‘sha kelishuvga biz ham kirsak bo‘ladimi?” deya so‘ragan. Ular esa “sizlar ham biz qo‘ygan talablarga rozi bo‘lsangiz, albatta, kirsangiz bo‘ladi”, deb javob qaytargan. Globalizatsiya kuchaygan vaqt — 90-yillardan beri juda ko‘p mamlakatlar, dunyoning deyarli barcha davlatlari bu tashkilotga a’zo bo‘lib ulgurgan.

“Shu jumladan, bir-birini uncha yoqtirmaydigan mamlakatlar ham u yerda: Rossiya ham, Xitoy ham, AQSh ham u yerda. Tashkilotning funksiyalaridan biri mamlakatlar orasidagi nizolarni qoshidagi mahkama orqali hal qilish sanaladi. Masalan, nisbatan kichik mamlakatlar, shu jumladan, Filippin o‘zidagi korxonalarga nisbatan AQSh adolatsiz harakatlar qilayotganini aytib, bir necha bor bu mamlakatni sudga olib borgan”, — deydi iqtisodchi.

Uning aytishicha, O‘zbekistonda savdo siyosati o‘ta noaniq sanaladi.

“Endi O‘zbekistonga qaytsak, nima uchun bu tashkilot bizni o‘zimizdan himoya qiladi? Bizda savdo siyosati juda ham noaniq. Bir kun bu narsaga, ikkinchi kuni boshqa narsaga boj qo‘yiladi, keyingi kuni bunday talablar qo‘yiladi, bashorat qilish qiyin, o‘zgaruvchan desak ham bo‘ladi. Kon’yunktura yoki boshqa narsaga qarab o‘zgaradi”, — deydi Behzod Hoshimov.

Unga ko‘ra, ikkinchi omil dunyoning barcha qismida mahalliy ishlab chiqaruvchilar hokimiyatlarga bosim o‘tkaza olgani va hozir ham shunday qila olishi hisoblanadi. Ular “bizni muhofaza qilishingiz kerak, himoya qilmasangiz, ishchilarimiz ko‘chada qoladi” kabi qo‘rquvlar ishlatadi. Shu qo‘rquv va bosimlardan halos bo‘lish uchun, jumladan, AQSh shu tashkilotni yaratgan.

“O‘sha qo‘rqituvchi korxonalar Kongressga kelib, ularni qo‘rqitsa ham, ular „biz bojlarni oshirib bergan bo‘lardik, lekin baribir o‘sha tashkilot bojlarimizni nollashtirib yuboradi“, — deydi. Lekin aslida bu narsa AQSh fuqarolarining farovonligini muhofaza qilmoqda. O‘zbekistonda ham, ayniqsa, bizdek davlat eng katta ishlab chiqaruvchi bo‘lgan joyda JST ishlab chiqaruvchilar tomonidan bosimga qarshi himoya qobig‘i kabi ishlaydi. Masalan, qaysidir katta ishlab chiqaruvchi kelib, „mana menda shuncha ishchi bor, mana bunday qaror qabul qilmasak bo‘lmaydi“, — deydi. Hukumat esa bu narsa zarar ekanini biladi, lekin, masalan, ayniqsa, demokratik mamlakatlarda ular lobbilar orqali ta’sir o‘tkazishadi”, — deydi iqtisodchi.

Masalan, AQShda po‘lat ishlab chiqaruvchilar Pensilvaniya shtatida joylashgan. Shuning uchun Pensilvaniya shtatidan bo‘lgan bironta senator po‘latga bo‘lgan bojlarni nollashtirish taklifini ilgari surmaydi. Pensilvaniyalik po‘lat ishlab chiqaruvchilar u yerdan bo‘lgan har bitta senator yoki kongressmenni bosim ostida ushlaydi. Ular “biz butun oilamiz bilan sizning kelasi safar saylanmasligingiz uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilamiz”, — deyishadi. Hukumatni mana shunday narsalardan asrash uchun shunday kelishuvlar mavjud sanaladi.

“Agar tashkilotga a’zo bo‘lsak, bu, birinchidan, bizni ham o‘zgaruvchan savdo siyosatidan ketishimizga majburlaydi. Hozir barchasini o‘zimiz bemalol o‘zgartirsak, unda har bir a’zo mamlakatga nima qilmoqchi ekanimizni aytishimizga to‘g‘ri keladi. Lekin buning asl maqsadi o‘zimizning foydamiz hisoblanadi. Chunki, bilamizki, erkin savdo mamlakatlarni boyituvchi narsa sanaladi. Shuning uchun ham tor doiradagi manfaatdor guruhlarning savdo siyosatiga bo‘lgan kuchini zaiflashtirish uchun tashkil qilingan bu tashkilot O‘zbekistonni ham, ya’ni bu ish bilan shug‘ullanishi lozim bo‘lgan deputatlarni shunday bosimlardan holi qiluvchi vosita, deb hisoblasak bo‘ladi”, — deya fikrini yakunladi Behzod Hoshimov.

Intervyuni to‘liq quyidagi havola orqali ko‘rishingiz mumkin: