Toshkent shahri Chilonzor tumanida valyuta ayirboshlash bilan shug‘ullanib kelgan shaxsdan yirik miqdordagi pul musodara qilindi, deb xabar beradi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.

Departamentning tuman bo‘limi tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda valyuta ayirboshlash bilan shug‘ullanib kelgan M.A. (muqaddam sudlangan) o‘z uyida navbatdagi mijoz I.A.ga 5 502 dollarni 69,6 million so‘mga sotgan vaqtida ushlangan.

Undan valyuta qimmatliklarini olish va o‘tkazishda foydalanib kelingan jami 239 356 dollar va 482 million so‘m pul ashyoviy dalil sifatida olingan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 177-moddasi (Valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.