26-iyul kuni Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanida ichki ishlar bo‘limi mashinasidan sakrab qochmoqchi bo‘lgan fuqaro vafot etdi. Bu haqda viloyat prokuraturasi ma’lum qildi.

Soat 01:30 larda T.M. ismli shaxs Qo‘shtepa mahallasidagi avtomobillarni yuvish shoxobchasida mast holatda jamoat tartibini buzgan. Shu sababli mahalliy aholi murojaatiga asosan IIO xodimlari kelgan va T.M.ni mastligi tarqalguniga qadar Bo‘ka tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli hushyorxonaga olib bormoqchi bo‘lgan.

Ammo xizmat avtomashinasining orqa o‘rindig‘ida o‘tirib ketayotgan fuqaro T.M. xodimlardan qochish maqsadida eshikni yelkasi bilan itarib ochgan va o‘zini yerga tashlagan.

Shifoxona ma’lumotiga ko‘ra, unda “bosh qismining ichki va tashqi jarohatlari, shilingan, burun suyagi sinishi va boshqa tan jarohatlari hamda alkogol mastlik holati” aniqlangan.

T.M.da jarrohlik amaliyoti o‘tkazish zarurati sababli Bekobod tumani markaziy shifoxonasiga olib borilgan, biroq ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan vafot etgan.

Holat yuzasidan bir qator tergov harakatlari o‘tkazish maqsadida Oqqo‘rg‘on tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (Odam o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Shuningdek, IIO xodimlari harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlangan.

“Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda, tergov jarayoni viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan”, — deyiladi xabarda.