Parijda o‘tgan 2024-yilgi Olimpiya o‘yinlarining ikkinchi kunida o‘zbekistonlik Diyora Keldiyorova (-52 kg) oltin medalni qo‘lga kiritdi. Sportchining yaponiyalik olimpiada chempioni Uta Abeni chorak finalda mag‘lubiyatga uchratgani butun sport olamida katta shov-shuv ko‘tardi. Diyoraning medali dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston uchun birinchi oltin medal bo‘lganidan tashqari, yozgi Olimpiya o‘yinlarida o‘zbekistonlik ayollar qo‘lga kiritgan ilk oltin ham bo‘ldi.

Xalqaro dzyudo assotsiatsiyasi sayti 26 yoshli sportchi va uning murabbiyi Marko Shpitka bilan uyushtirilgan intervyuni e’lon qildi. Unda Diyora va murabbiy ushbu medal, ungacha bo‘lgan jarayon va medalning O‘zbekiston ayollari kelajagiga qanday ta’sir qilishi haqida so‘z boradi.

Germaniyalik Marko Shpitka Atlanta-1996 yozgi Olimpiya o‘yinlarining bronza medali sohibi bo‘lgan. 2022-yilda O‘zbekistonga kelgan.

ijf, dzyudo, диёра keldiёроva, марко шпитка

Marko Shpitka va Diyora Keldiyorova. Foto: MOQ.

Murabbiyning aytishicha, u O‘zbekistonga atletlar bilan shug‘ullanish uchun kelmagan. U sport direktori sifatida barcha murabbiylar uchun mas’ul, Markoning roli ularga dars berish va faoliyat rejalarini tuzish bo‘lgan. “Menda hududlarda dzyudoni rivojlantirish vazifasi ham bor edi”, — deydi u.

Antaliya-2022: Marko va Diyora birga ishlashni boshladi

“Diyora o‘zining shaxsiy murabbiyi Nelli bilan ishlagan va aynan Nelli menga Diyora bilan sportchi-murabbiy munosabatlarimiz qanday kechishini sinab ko‘rishni taklif qilgan. O‘shanda Antaliya-2022 musobaqasi bo‘ldi va Diyora kumush medalni qo‘lga kiritdi. Bu haqiqatan ham kuchli turnir, uning uchun “Katta dubulg‘a”dan olingan ikkinchi medal edi”, — deydi Marko Shpitka.

ijf, dzyudo, диёра keldiёроva, марко шпитка

Antaliya-2022: -52 kg vazn toifasidagi bahslar g‘oliblari.

Marko: “Diyoraga texnik mashg‘ulotlarda yordam bera boshladim va Nelli u bilan ishlashni davom ettirishni taklif qildi. Sportchini olib, uzoq vaqt davom etadigan holat uchun o‘zimni majburlash men uchun emas, shuning uchun biz hammamiz jamoa sifatida shu qarorga keldik. Endi biz uchalamiz yaqindan hamkorlik qilmoqdamiz va bunda qo‘llab-quvvatlash uchun yordamchi guruh mavjud”.

“Keyinchalik, uzoq kechgan jarayonda, Olimpiya o‘yinlaridan 4 oy oldin federatsiya tomonidan endi ayollar milliy murabbiyi bo‘lmasligi to‘g‘risida qaror qabul qilindi va buning ortidan menga ayollar jamoasi uchun yanada kuchli tizim yaratish vazifasi topshirildi. Mening barcha uchun to‘liq hamma narsani qilishim imkonsiz. Mening siyosatim nima qilayotgan bo‘lsam, ana o‘shanga borimni berishdan iborat. Shu sabab hududlardagi ishim va yosh sportchilar bilan ishlashni kamaytirishimga to‘g‘ri keldi. Biz bosqichma-bosqich, birma-bir medal bilan bordik. O‘shanda Diyora jahon chempionatida ikkinchi kumush medalini qo‘lga kiritdi”.

Yaponiyada Abe bilan o‘tkazilgan mashg‘ulotlar haqida

“Biz raqiblarning ishlash ko‘rsatkichlarini juda ko‘p tahlil qildik va mashg‘ulotlarda aniq nuqtalar ustida ishladik. Biz, umuman, hammaga qarshi qanday g‘alaba qozonish mumkinligini o‘rgandik. Ushbu o‘yinlarga qadar Yaponiyada Abe bilan mashg‘ulotlarda juda kam randori amaliyotini o‘tkazishga muvaffaq bo‘ldik; ko‘proq narsani xohladik, lekin bu zarur ma’lumotlarni olish uchun yetarli bo‘ldi. Olimpiadada Abe bilan bellashuvdagi dastlabki ikki daqiqa u uchun edi, ammo biz ushbu yakuniy texnikada 6 oydan ko‘proq vaqt davomida ishladik va Diyora bu yechimni chap tomonda topdi”.

Randori — yapon jang san’atlaridagi amaliyotning erkin shaklini bildiruvchi atama. Ko‘pincha bu tushuncha klassik sparring degan ma’noni anglatadi.

“Ballhaus (chorak finaldagi germaniyalik sportchi — tahr.) bilan kurash ham qiyin kechdi, ehtimol, boshqalar o‘ylagandan ham qiyinroq bo‘ldi. Bunda ham yechim topoldik. Musobaqa paytida ayollar va erkaklar o‘z kuchini ko‘rsatishda ko‘pincha farqli bo‘ladi va aksar ayollarda Diyora singari texnikani to‘liq quvvat bilan takrorlay olish qobiliyati yo‘q, ammo u ko‘plab urinishlardan so‘ng ball olishga muvaffaq bo‘ldi”.

ijf, dzyudo, диёра keldiёроva, марко шпитка

Diyoraning chorak finaldagi Ballhaus bilan jangidagi emotsiyasi.

“Yaponiya yaxshi sarmoya bo‘ldi”

“Men bizda imkon borligini Dohadagi musobaqalardan keyin sezgandim va shu paytdan boshlab biz shunchaki medal emas, balki Olimpiya oltinini maqsad qildik. Ko‘p ko‘tarilish va pasayishlar bo‘ldi, mashg‘ulotlarda juda yomon kunlar ham o‘tdi, lekin u vaqtlarga asabiylashmaymiz, faqat davom etamiz. Endi Diyorada tajriba, yurak, xarakter va texnika bor, bu juda zo‘r. Yaponiyada ko‘p vaqt o‘tkazdik, buning Yevropadan farqi katta. Bu arzon bo‘lmasa ham, lekin yaxshi sarmoya bo‘ldi”.

Yangi avlod ayollari haqida

“Endi bizda turmushga chiqish yagona variant emasligini ko‘radigan yangi avlod ayollari paydo bo‘ladi. Ayollar, ayniqsa, chekka hududlardagilar ish topib, o‘zi pul topishni boshlamoqda, bu nuqtaga erishish oson emac”.

ijf, dzyudo, диёра keldiёроva, марко шпитка

Diyora Keldiyorova: “Erkaklar mendan nega hali ham dzyudoda ekanimni so‘rashadi”

Bu orzu emas, maqsad edi. Men har doim uni eplashimga ishonardim, faqat ishladim va bosqichma-bosqich olg‘a harakat qildim. Jangim faqat medal haqida o‘ylash bo‘libgina qolmay, har doim oldimda turgan masala edi.

Erkaklar hali ham mendan nega dzyudoda ekanimni so‘rashadi. Ular bizni sportda hech narsa qila olmasligimizni, uning o‘rniga ovqat pishirishim va oilam bo‘lishi kerakligini aytishadi. Lekin aynan shu har doim motivatsiya bergan. Agar biz eshiklarni ocholsak, ayollar hamma narsani qilishlari mumkinligini ko‘rsata olamiz. Men oilaliman va odatda O‘zbekistonda turmush qurgan ayol faqat uyda, sport bilan boshqa shug‘ullanmaydi, lekin erim meni yuz foiz qo‘llab-quvvatlaydi va buning uchun uni ham qo‘llashadi.

Darhaqiqat, fikrlar shunchalik tez o‘zgarib bormoqdaki, endi meni qo‘llagani va bu jarayondagi menga qilgan yordami uchun uni dunyodagi eng zo‘r erkak deya atashganlarini ham ko‘p eshityapmiz. Undan bunday qo‘llov olish men uchun muhim.

Marko: “Mamlakatda endi ayollar ham yaxshi natijalarga erishmoqda”

Jamoadagi erkaklar Diyora va ayollar jamoasi qanchalik qattiq ishlayotganini ko‘rishadi. Ular shunchaki o‘ynayotgani yo‘q va jamoadagi erkaklar buni hurmat qilishadi va qabul qilishadi. Endi ayollar ham yaxshi natijalarga erishmoqda. Mamlakatdagi sport rahbarlari endi medallarni qaysi jins va yoshdagilar olganiga ahamiyat qilmay, boricha qabul qilmoqdalar va shuning uchun sarmoyalar tenglashdi. Madaniyatni o‘zgartirish uchun vaqt kerak, ammo uzoq masofalargacha yordam beruvchi xulq-atvorni o‘zgartirishga kamroq vaqt sarflash mumkin.

ijf, dzyudo, диёра keldiёроva, марко шпитка

Diyoraning kelgusi rejalari

“Men endi dam olishim kerak. Ikki yil davomida tuzik dam olmadim va endi o‘zimni tiklab olish vaqti keldi. Har bir rivojlanish, har bir qadam katta hissiyotlar beradi. Olimpiya chempioni bo‘lish — katta qadam, lekin men endi to‘g‘ri ish va eng yaxshi kasbni tanlaganimni anglab yetdim. Mening nomim shuni ko‘rsatmoqda. Bu o‘ziga nisbatan ishonchning o‘ziga xos turidir”.