Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida Ichki ishlar boshqarmasi profilaktika inspektori turmush o‘rtog‘i, farzandi va o‘zini otib o‘ldirdi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov “Gazeta.uz”ga xabar berdi.

Qayd etilishicha, holat 6-avgust kuni soat 21:00 atrofida xodimning xizmat xonadonida sodir bo‘lgan. 28 yoshli inspektor va o‘zi tengi turmush o‘rtog‘i o‘rtasida o‘zaro kelishmovchilik kelib chiqqan.

Oqibatda xodim o‘ziga biriktirilgan “PM tabel” quroli bilan xotini va 7 oylik o‘g‘il farzandiga o‘q uzib qasddan o‘ldirgan. Shundan so‘ng, quroli bilan o‘zining bosh qismidan bir marotaba o‘q uzib, joniga qasd qilgan.

Holat yuzasidan Bo‘stonliq tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.