Demokratik partiyadan AQSh prezidentligiga nomzod Kamala Harris Minnesota gubernatori Tim Uols vitse-prezidentlikka nomzod bo‘lishini rasman e’lon qildi.

“Men faxr bilan Tim Uolsdan mening sherigim bo‘lishni so‘raganimni e’lon qilaman. Gubernator, murabbiy, o‘qituvchi va faxriy sifatida u o‘ziga o‘xshagan ishchi oilalar uchun barchasini qildi. U mening jamoamda ekanidan xursandman”, — deb yozdi Harris X’da.

CNN ma’lumotlariga ko‘ra, vitse-prezidentlikka nomzod bo‘lish uchun olti kishi, jumladan, Pensilvaniya gubernatori Josh Shapiro va arizonalik senator Mark Kelli da’vogarlik qilgan. O‘tgan yakshanba, 4-avgust kuni Harris Uols, Shapiro va Kelli bilan uchrashgan.

Telekanalga ko‘ra, Harris Uolsning o‘zini tutishidan ruhlangan va ular yakuniy suhbat davomida “iliq munosabat”ga ega bo‘lgan. CNN manbasiga ko‘ra, Harris uning “samimiyligidan” hayratda qolgan.

“Kamala Harrisning kampaniyasiga qo‘shilish men uchun bir umrlik sharafdir. Men tayyorman”, — deb yozdi Uols Harris o‘z nomzodini e’lon qilganidan so‘ng.

Harrisning tanlovini bir qator taniqli demokratlar, jumladan, AQShning sobiq prezidenti Barak Obama va AQSh Kongressi Vakillar palatasining sobiq spikeri Nensi Pelosi qo‘llab-quvvatladi.

Tim Uols kim?

60 yoshli Tim Uols Nebraskadagi kichik shaharchada tug‘ilib o‘sgan. U 24 yil AQSh Milliy gvardiyasida xizmat qilgan. 2006-yilda Kongressga saylanishidan oldin Uols o‘rta maktablarda ijtimoiy fanlardan dars bergan va futbol murabbiyi bo‘lib ishlagan.

U 2018-yilda Minnesota gubernatori bo‘lgan va 2022-yilda qayta saylangan. O‘zining rahbarligi davrida Uols shtatda abort qilish huquqlarini qonun bilan ta’minlagan, rekreatsion marixuanani qonuniylashtirgan va qurol sotib olish uchun biografik ma’lumotlar tekshiruvini kengaytirgan.

Uols Minnesota shtatini 2020-yilda Minneapolisda Jorj Floydning o‘limidan keyin boshlangan tartibsizliklar vaqtida boshqargan. U tartibsizliklarni bostirish uchun Milliy gvardiyani yuborgan.

The New York Times’ning ta’kidlashicha, Uols o‘z shtatida progressiv qonunlarni qabul qilgani bilan keng jamoatchilikka tanilgan, ammo yaqinda u Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod Donald Tramp va uning sherigi Jey Di Vensni “g‘alati yigitlar” deb atagach, yangiliklar yulduziga va memlar mavzusiga aylandi. Bu ibora ijtimoiy tarmoqlarda “o‘ziga xos norasmiy saylov shiori” bo‘lib qoldi, deb yozadi gazeta.

AQShda prezidentlik saylovlari 5-noyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Kamala Harris amaldagi prezident Jo Bayden poygadan chiqqanidan keyin Demokratik partiyadan prezidentlikka nomzod bo‘ldi.