Parijdagi Olimpiada o‘yinlarida qirg‘izistonlik bokschi Munarbek Seyitbek o‘g‘liga sekundantlik qilgan o‘zbekistonlik murabbiy Akmal Hasanov “Chingiz Aytmatov” medali bilan taqdirlandi, deya xabar bermoqda 24.kg nashri.

“Chingiz Aytmatov nomidagi Issiqko‘l forumi” xalqaro jamoat birlashmasi bosh kotibi Assol Moldokmatovaning ma’lum qilishicha, o‘zbekistonlik murabbiyni “insoniylik, bag‘rikenglik va xalq diplomatiyasining yuksak saviyasi uchun” mukofotlash to‘g‘risidagi qaror 5-avgust kuni qabul qilingan.

“Akmalga insoniyligi hamda birodarlik munosabati uchun rahmat. Biz buni qadrlaymiz, hurmat qilamiz va qoyil qolamiz. [Qirg‘izistonga] kelishingizni intiqlik bilan kutamiz. Siz barcha maqtov va mukofotlarga loyiqsiz”, — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, Parijda o‘tayotgan yozgi Olimpiya o‘yinlarida 4-avgustga o‘tar kechasi qirg‘izistonlik bokschi Munarbek Seyitbek o‘g‘li amerikalik Harvey Jahmalga qarshi chorak final jangini o‘tkazib, yarim finalga chiqqandi. Jang davomida unga O‘zbekiston delegatsiyasidan borgan murabbiy Akmal Hasanov sekundantlik qilgan.

Munarbekning shaxsiy murabbiyi Beganas Sultanbayev esa jangni ekran orqali tomosha qilgan. Tarmoqlarda keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Munarbekning shaxsiy murabbiyi Beganas Sultanbayev akkreditatsiya muammolari sabab Parijga bora olmagan.

O‘zbekistonlik murabbiy Akmal Xasanov “Gazeta.uz” bilan suhbatda Munarbek Seyitbek o‘g‘lini yaxshi tanishini, u O‘zbekistonga yig‘inga tez-tez kelib, o‘zbekistonlik sportchilar bilan birga mashg‘ulotlar olib borganini aytgan. Qolaversa, o‘zbekistonlik murabbiylar boks bo‘yicha Qirg‘iziston terma jamoasi bosh murabbiyi Doniyor To‘log‘on o‘g‘li bilan ham yaxshi munosabatda.

“Munarbek Olimpiadaga yolg‘iz kelgani uchun biz bilan mashg‘ulot o‘tkazdi. U mendan yordam berishimni iltimos qildi. Qardosh davlatlarimiz do‘stona munosabatlarga ega, biz unga yordam berishdan xursand bo‘ldik. U tarixga kirdi va Qirg‘iziston tarixida boks bo‘yicha birinchi Olimpiada sovrindori bo‘ldi”, — degan Hasanov.