BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili etib tayinlangan Akiko Fujii ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov bilan ilk rasmiy uchrashuvini o‘tkazdi, deb xabar qildi BMTTDning Toshkentdagi vakolatxonasi matbuot xizmati.

Uchrashuv davomida tomonlar ikkita, shu jumladan, 2025-yildan ishga tushadigan Global ekologik fond (GEF) moliyalashtiruvidagi Kichik grantlar dasturining sakkizinchi bosqichining boshlash to‘g‘risidagi kelishuvni imzoladi.

GEF Kichik grantlar dasturi Kunming-Monreal global bioxilma-xillik asosiga muvofiq biologik xilma-xillikni saqlash bo‘yicha yangi milliy maqsadlar va Biologik xilma-xillikni saqlash bo‘yicha milliy strategiya va harakatlar rejasini amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlaydi.

U texnik va moliyaviy yordam ko‘rsatish orqali mahalliy jamoalarni, fuqarolik jamiyati vakillari va akademik muassasalarni xavf ostidagi ekotizim va turlarni qayta tiklashga jalb qiladi.

Yana bir bitim BMT Qochqinlar bo‘yicha oliy komissarligi (BMT QBOK) moliyaviy ko‘magi hamda BMT Yevropa iqtisodiyot komissiyasi (BMT YeIK) bilan hamkorlikda “Yashil makon” umummilliy loyihasini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga qaratilgan.

Ushbu tashabbus ekologik maqsadlarni O‘zbekistonda yashovchi Afg‘oniston fuqarolarini “Yashil makon” uchun ko‘chat materiallari ishlab chiqarish, ko‘chatzorlarni yaratish va saqlashga jalb etish orqali qo‘llab-quvvatlash bilan birlashtiradi.

Loyiha hukumatga rejalashtirilgan maqsadlarga erishish prognozlari va ekilgan daraxtlarning omon qolish darajasini hisobga olgan holda “Yashil makon” loyihasining bosh rejasini ishlab chiqishda yordam beradi. “Yashil makon” tashabbusini monitoring qilish bo‘yicha mavjud axborot platformasi o‘rganilib, uni takomillashtirish ehtiyojlari aniqlanadi.

bmttd, ekologiya vazirligi, gef kgd, yashil makon

“Sizga O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzurida iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va moslashish masalalari bo‘yicha davlat rahbarining oliy maslahatchi organiga aylanadigan Iqlim kengashi tashkil etilgani haqida xabar berishdan mamnunman. Hozir biz nafaqat Ekologiya vazirligi, balki butun ekologik kompleksni tubdan o‘zgartirish jarayonida turibmiz. O‘zbekistonda ekologik muammolarni bartaraf etish va atrof-muhitni boshqarish tizimini takomillashtirish ustuvor vazifa hisoblanadi”, — dedi ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov.

bmttd, ekologiya vazirligi, gef kgd, yashil makon

BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fujii shunday ta’kidladi: “BMT Taraqqiyot dasturi hukumatning tabiatni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha islohotlar dasturini qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqlaydi. Kolumbiyadagi KS-16 (21-oktabr-1-noyabrdagi BMT bioxilma-xillik konferensiyasi —tahr.), Saudiya Arabistonidagi KS-16 (2−13-dekabrdagi BMT quruqlik va qurg‘oqchilik konferensiyasi) va Ozarbayjondagi KS-29 (11−22-noyabrdagi BMT iqlim konferensiyasi)da biologik xilma-xillik, cho‘llanish va iqlim muammolariga o‘zining qat’iy sodiqligini va faol javobini ko‘rsatayotgan O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlashni intiqlik bilan kutamiz. Vazirlik bilan hamkorligimizni chuqurlashtirish va jamoaviy ta’sirimizni oshirish vaqti keldi”.

Hayvonot dunyosi monitoringi salohiyatini oshirish maqsadida BMTTD va Ekologiya vazirligining qo‘shma loyihasi doirasida GEF tomonidan moliyalashtiriladigan loyiha orqali Orolbo‘yidagi sakkizta qo‘riqlanadigan hududga qiymati 2 milliard so‘mdan ortiq zarur uskunalar yetkazib berildi.

Qo‘riqlanadigan hududlar durbinlar, kameralar, GPS qurilmalari, printerlar, alpinist chodirlari, dala kiyimlari, uyqu qoplari va avtomatik ob-havo stansiyalari, termometrlar va optik mikroskoplar kabi o‘lchov asboblaridan foydalanish orqali patrul va himoya xususiyatlarini yaxshilashi kutilmoqda.

Bundan tashqari, Janubiy Ustyurt milliy tabiat bog‘iga dala monitoringi stansiyasi hamda muzlatgich va tuzsizlantirish moslamasi bilan jihozlangan avtomashina hamda boshqa zarur jihozlar topshirildi.