Yahyo Sinvar G‘azo sektoridagi HAMAS guruhi siyosiy byurosining yangi rahbari etib saylandi, deb xabar bermoqda Reuters.

Sinvar iyul oyi oxirida Eronning yangi prezidenti inauguratsiyasi uchun Tehronga borgan va o‘ldirilgan Ismoil Haniya o‘rnini egallaydi. HAMASga ko‘ra, Haniya isroilliklarning u istiqomat qilayotgan qarorgohga bergan zarbasi oqibatida halok bo‘lgan. Isroil tomoni bu qotillik uchun javobgarlikni rasmiy ravishda o‘z zimmasiga olmagan.

Sinvar marhum Haniyaning o‘limidan keyin omon qolgan HAMASning eng nufuzli yetakchisi hisoblanadi, deya qayd etadi Reuters. U G‘azodan panoh topgan.

Isroil rasmiylari Sinvarni 7-oktabr kuni HAMASning Isroil hududiga hujumi tashkilotchilaridan biri deb hisoblaydi, bu hujumda 1200 ga yaqin odam halok bo‘lgan, 200 dan ortiq odam o‘g‘irlab ketilgan.

Isroil Mudofaa armiyasi (SAXAL) vakili Daniel Hagari Isroil Sinvarni ta’qib qilishda davom etishini aytdi. “Yahyo Sinvar uchun faqat bitta joy bor va u Muhammad Deyf va 7-oktabrdagi boshqa terrorchilarning yonidir”, — dedi u Al-Arabiya telekanaliga. SAXALning ta’kidlashicha, HAMAS harbiy qanoti rahbari Deyf iyul oyi o‘rtalarida Isroil havo hujumi paytida o‘ldirilgan.

Sinvar haqida nimalar ma’lum?

Yahyo Sinvar 1962-yilda G‘azo sektori janubidagi Xon Yunis qochqinlar lagerida tug‘ilgan. Uning ota-onasi asli Ashkelondan bo‘lgan, ammo “Nakba”dan keyin qochqin bo‘lishgan. “Nakba” (“Katastrofa”) — 1948-yilda Isroil davlati tashkil etilganidan keyin boshlangan urush paytida falastinliklarning o‘z uylaridan ommaviy ko‘chishini falastinliklar shunday atashadi. Sinvar HAMAS harbiy bo‘linmalari, shuningdek, harakat xavfsizligi apparatining asoschilaridan biri hisoblanadi.

1988-yilda Sinvar isroilliklar tomonidan hibsga olingan, o‘shanda Isroil bilan hamkorlik qilishda ayblangan to‘rt nafar falastinlikni o‘ldirgani uchun umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan. U Isroil qamoqxonasida 22 yildan ortiq vaqtni o‘tkazdi, bu orada u ibroniy tilini va Isroil madaniyatini o‘rgandi.

Sinvar 2011-yilda isroillik askar Gilad Shalit evaziga ozod qilingan 1027 nafar falastinlik orasida bo‘lgan. 2013-yilda u G‘azo sektoridagi HAMAS siyosiy byurosiga a’zo etib saylangan, 2017-yilda esa uning rahbari bo‘lgan.

Sinvar, shuningdek, Eronga yaqin, deb ta’kidlaydi BBC. “Tehron HAMASni mablag‘ bilan ta’minlaydi, o‘qitadi va qurollantiradi, unga harbiy salohiyatini oshirishga va Isroil shaharlarini o‘qqa tutadigan minglab raketalar arsenalini to‘plashga yordam beradi”.

Sinvarning Isroilga nisbatan qat’iy pozitsiyasi uning G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish va HAMAS tomonidan ushlab turilgan 115 ga yaqin isroillik garovga olinganlarni, tirik va o‘liklarni qaytarish bo‘yicha kelishuvga erishishga intilmasligida namoyon bo‘ladi, deb yozadi The New York Times.

Isroil va Amerika razvedkalarining ta’kidlashicha, Sinvarning strategiyasi Isroilning xalqaro obro‘siga putur yetkazish va uning asosiy ittifoqchisi — AQSh bilan munosabatlarini yomonlashtirish uchun G‘azoda urushni imkon qadar uzoq davom ettirishdan iborat.