O‘zbekistonlik bokschi Abdumalik Xalokov Parijdagi Olimpiya o‘yinlari finalchisiga aylandi.

24 yoshli Abdumalik Xalokov 2023-yilda jahon chempioni, 2018-yilda Osiyo o‘yinlari, Osiyo chempionati va o‘smirlar Olimpiya o‘yinlari chempioni bo‘lgan. 57 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida u kattalar olimpiadasida debyut qildi va O‘zbekiston bayroqdoriga aylandi.

Yarim finalda o‘zbekistonlik sportchi Tinch okeani o‘yinlari chempioni bo‘lgan avstraliyalik 22 yoshli Charli Seniorni 5:0 hisobida (30/27, 30/27, 30/27, 30/28, 30/28) mag‘lub etdi.

Uning final jangi 11-avgustga o‘tar kechasi soat 00:47 da o‘zbekistonlik murabbiy Akmal Hasanov yordam bergan qirg‘izistonlik Munarbek Seyitbek o‘g‘liga qarshi bo‘lib o‘tadi.

Boks bo‘yicha erkaklar terma jamoasining 7 nafar vakilidan 5 nafari Olimpiadaning final bosqichiga yo‘l oldi. “Oltin” uchun ringga birinchi bo‘lib Xasanboy Do‘smatov (51 kg gacha) 9-avgustga o‘tar kechasi soat 1:34 da chiqadi.