Ostona jinoyat ishlari bo‘yicha tumanlararo sudi Qozog‘istonning sobiq ichki ishlar vaziri Yerlan Turgumbayevni 2022-yil yanvaridagi namoyishlarga doir ish bo‘yicha mansab vakolatini suiiste’mol qilganlikda aybdor deb topib, 5 yilga shartli ozodlikdan mahrum qildi, deb yozdi Zakon.kz.

Nashrning aniqlik kiritishicha, prokuror sobiq vazirga besh yillik qamoq jazosini so‘ragan. Sud o‘z aybiga iqror bo‘lgani, chin ko‘ngildan pushaymonligi, birinchi marta jinoyat sodir etgani, shuningdek, jinoyat tarkibida korrupsiyaviy jihat yo‘qligini inobatga olib, Turgumbayevga nisbatan shartli jazo tayinladi.

Bundan tashqari, IIV sobiq rahbari 10 yil muddatga muayyan lavozimlarni egallash huquqidan mahrum etildi. Sud, shuningdek, Qozog‘iston prezidentiga Turgumbayevni maxsus unvon va davlat mukofotlaridan mahrum qilish taklifini kiritdi.

Sobiq vazir shu yil aprel oyi oxirida og‘ir oqibatlarga olib kelgan hokimiyat va mansab vakolatlarini suiiste’mol qilishda (Qozog‘iston Jinoyat kodeksi 362-moddasi 4-qismi) gumonlanib hibsga olingan edi. Ushbu moddaning eng yuqori jazosi 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni nazarda tutadi.

Turgumbayev 2019-yildan 2022-yil fevraligacha Qozog‘iston IIV rahbari lavozimida ishlagan, shundan so‘ng prezident Qosim-Jomart Toqayev uni lavozimidan ozod etib, o‘zining maslahatchisi etib tayinlagan. 2023-yilda Shanxay hamkorlik tashkilotining Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi (SHHT MATT) maslahatchisi bo‘ldi.

  • 2022-yil 2-yanvar kuni G‘arbiy Qozog‘istonda gaz narxi oshishiga qarshi ommaviy norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi, keyinchalik bu norozilik boshqa shaharlarga, jumladan, Olmaota va Ostonaga ham tarqaldi. Namoyishchilarning talablari ijtimoiy-iqtisodiy talablardan siyosiyga o‘zgardi. Ular, jumladan, sobiq prezident Nursulton Nazarboyevning Xavfsizlik kengashi rahbari lavozimidan ketishini talab qilishdi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, o‘shanda 200 dan ortiq odam halok bo‘lgan. Keyinchalik bu voqealar qozoqchada “qonli yanvar” degan ma’noni anglatuvchi “Qandy Qantar” nomi bilan ommalashdi.
  • Mamlakatdagi norozilik namoyishlari ortidan yuqori martabali xavfsizlik xodimlari, jumladan, Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasining sobiq rahbari va sobiq bosh vazir Karim Masimov hamda sobiq mudofaa vaziri Murat Bektanov iste’foga chiqqan va hibsga olingan. 2023-yil mart oyida harbiy sud Bektanovni yanvar voqealari vaqtida mansab vakolatini suiiste’mol qilganlikda ayblab, 12 yilga ozodlikdan mahrum qilgan. O‘sha yilning aprel oyida Masimov ustidan sud nihoyasiga yetdi — u davlatga xiyonat va hokimiyatni kuch bilan tortib olishda aybdor deb topildi, u 18 yil qamoq jazosiga hukm qilindi.
  • O‘tgan yilning sentabrida yanvar oyidagi namoyishlar yuzasidan Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisining sobiq birinchi o‘rinbosari Nursulton Nazarboyevning jiyani Samat Abishga nisbatan ham ish ochilgandi. Mart oyida u shartli jazoni oldi, sud uning bolalari borligini va pushaymonligini yengillashtiruvchi holatlar sifatida tan oldi.